«Real»da «tozalash», «Barsa» esa chempionlikka yaqin. Ispaniyada tur yakunlari

Sport 14:10 / 18.03.2019 25712

Iskoning goli va Marseloning Beylga golli uzatmasi «qaymoqranglilar»ga Zidanning qaytishidagi ilk o‘yinda «Selta»ni mag‘lub etishda yordam berdi.

«Real» - «Selta» - 2:0 (0:0)
Gollar: Isko, 62 (1:0). Beyl, 77 (2:0). 
«Real»: Navas, Odriosola, Serxio Ramos, Varan, Marselu, Kroos, Modrich (Valverde, 77), Isko (Sebalos, 63), Asensio, Beyl, Benzema (M.Dias, 82).
«Selta»: Ruben Blanko, Vaskes, Kostas, Arauxo, Xunka (Xudt, 4), Bufal (Yulsager, 68), Lobotka, Okay Yokushlu (Beltran, 75), Mendes, Sisto, Gomes.
Ogohlantirish: Beyl, 45. 
Hakam: Martines Munuera (Ispaniya).
16 mart. Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni.

Fransuzning olqishlanishi

O‘tgan haftada «Real» bosh murabbiyligi kursisiga qaytgan Zinedin Zidan shanba kuni «Santyago Bernabeu»da olqishlar bilan qarshi olindi. Xulen Lopetegi va Santyago Solari davridan keyin muxlislar unga avliyodek qarashdi. Chindan ham, u avvalgi 2,5 yillik faoliyatida Yevropani «Qirollik klubi» qarshisida tiz cho‘ktirgandi.

Oxirgi motivatsiyalar
Hozircha fransiyalik mutaxassisga Yevropada ish yo‘q, avval ichki ishlarni hal qilib olish kerak. «Real»da bu mavsum uchun yagona motivatsiya qolgan - Chempionlar ligasi o‘rnini yo‘qotmaslik (buning ehtimoli juda kam). Ayni vaqtda «Real» peshqadamdan 12 ochko ortda, shu bilan birga beshinchi o‘rindagi «Alaves» bilan oradagi farq ham 10tani tashkil qilmoqda. Zidan o‘z qo‘li ostidagi futbolchilar bilan to‘rtinchi o‘rindan pastga tushib ketmaslikni uddalashi aniq.

Navas, Marselo va Iskoning qaytarilishi
Oddiy futbol muxlisi «Real»ning «Selta»ga qarshi boshlang‘ich tarkibini ko‘rib hayron bo‘lishi mumkin edi. Nima uchun tarkibda Tibo Kurtua, Serxio Regilon, Dani Karvaxal, Kazemiro, Lukas Vaskes va Vinisius Junior yo‘q: nahotki Zidan «tozalash» ishlarini boshladi?

Asensio chap qanot hujumida, Beyl o‘ng qanotda - bu yerda barchasi tushunarli. Vinisius va Lukas Vaskes jarohatda. Shu tufayli bu o‘yinda o‘ng qanot himoyasiga Odriosola qo‘yildi, Karvaxal emas. Ammo Solari davrida chap qanot himoyasida muqim o‘rin egallagan Serxio Regilon zaxirada qoldirilib, Marselo boshlang‘ich tarkibga qaytarildi, shuningdek, o‘tgan yilning oktyabridan buyon, ya'ni Solari klub bosh murabbiyligiga kelganidan buyon biror marta boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olmagan, hatto futbol o‘ynashni unutib qo‘ygani aytilayotgan Isko o‘yinni ilk daqiqalardan maydonda boshladi. Nihoyat, darvozaga Kurtua emas, Navas qo‘yildi, bu orqali Zidan barchaga, «Real» prezidentiga, muxlislariga va futbolchilarga o‘z qat'iyatini ko‘rsatib qo‘ydi.

Belgiyalik darvozabon o‘rnini kosta-rikalik egallashi - Florentino Peres uchun aniq-tiniq «messej» bo‘lib, bu orqali Zidan bundan keyin tarkibni kim tanlashini ma'lum qildi. Navas hamisha Zidanning sevimli darvozaboni bo‘lgan, YeChLdagi qatorasiga uch chempionlikda Navasning o‘rni Krishtianunikidan kam bo‘lmagan, Kurtua esa Zidan ketganidan keyin xarid qilingan. Navas Kurtuga raqobatda boy bergani uchun emas, Lopetegi va Solari uni yoqtirmagani uchun emas, klub prezidenti shunday bo‘lishini istagani uchun zaxiraga mixlangandi. Prezident jamoasi darvozasida ham jahon darajasidagi, ham reklamalar uchun mos darvozabon turishini istagandi.

«O‘tmish haqida unuting. Biz barchasini noldan boshlaymiz, avval kim qanday ishlar qilgani muhim emas. Sizlarning hech biringizga asosiy tarkibda joy kafolatlanmagan, hech kim sababsiz tarkibdan tushib qolmaydi. Biz yaqin oylarni yaxshi natijalar bilan o‘tkazishimiz kerak», degandi o‘yindan avval Zidan.

Ishonchning oqlanishi
Kostarikalik darvozabon murabbiy ishonchini oqladi. O‘yinning 15-daqiqasida galisiyaliklar ilk xavfli hujumni amalga oshirishdi va bu hujum gol bilan yakunlanishiga bir baxya qoldi - ammo Maksi Gomesning yaqin masofadan bosh bilan yo‘llagan zarbasini Navas qo‘llari uchi bilan maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Fantastik reaksiya.

Bu vaziyat «Real» futbolchilarini sergaklantirdi va ular ham raqib darvozasi tomon harakatlana boshlashdi. Tanaffus arafasida Beylning zarbasi to‘sindan qaytdi, «Selta» darvozaboni Marselo va Ramosning zarbalarini bartaraf etdi, birinchi bo‘lim yakunida tabloda hisob o‘zgarmadi va barchasi keyingi 45 daqiqalikka qoldi.

VAR qarshi
Ikkinchi bo‘lim boshida «Real» gol urdi - ammo texnologiya aralashuvi bilan gol bekor qilindi. Ko‘rinishidan, bu vaziyatda hech qanday «jinoyat» yo‘qdek edi - Modrich uzoq masofadan aniq va kuchli zarba yo‘lladi, ammo bu vaziyatda Ramos va Varan ofsayd holatida edi. Ular to‘pga tegishmadi, ammo o‘yin hakami videotakrorni ko‘rgach va videoyordamchilar bilan maslahatlashuvdan keyin darvozabonga xalal berilgan deb hisoblab, golni bekor qilishga qaror qildi.

Iskoning 2019 yildagi ilk goli

Bu holat faqat maydon egalarining kuchiga kuch qo‘shdi. Bir necha daqiqa o‘tib «Real» yana hujum uyushtirdi va hammadan munosib futbolchi gol urdi. Asensio to‘p bilan a'lo darajada harakatlandi va chap qanotda bo‘sh qolgan Benzemaga to‘pni tashlab berdi, fransiyalik hujumchi esa darvoza qarshisida turgan Iskoni golli pas bilan ta'minladi. Bu ispaniyalik yarimhimoyachining 2019 yildagi ilk goli edi, Isko oxirgi marta o‘tgan yilning dekabrida Ispaniya Kubogi o‘yinida «Melilya»ga qarshi o‘yinda (6:1) o‘z nomini tabloga yozdirgandi.

Goldan keyin Zidan uni maydondan olib, o‘rniga Sebalosni tushirdi, bu orqali murabbiy Isko tribunadagi muxlislar olqishlarini qabul qilib olishiga sharoit yaratib berdi.

Marselodan golli pas
Ko‘p o‘tmasdan maydon egalari ustunlikni oshirishdi - bungacha bir necha vaziyatlarni ko‘kka sovurgan Beyl bu safar «Selta»ni kechirmadi. Uelslik futbolchiga golli pasni Zidan tarkibga qaytargan futbolchilardan yana biri - Marselo berdi. Fransiyalik mutaxassisning eski gvardiyasi xo‘jayinga sadoqatini shu tariqa izhor etdi.

«Bugun Navas o‘ynadi, ammo Kurtua ham hali o‘ynaydi. Bizda uchinchi darvozabon ham bor - Luka. Madridga ikki, uch, to‘rt darvozabon kerak. Bu yerda murabbiy hamisha tanlovda qiynaladi. Ammo mavsum yakuniga qadar menga Navasning ham, Kurtuaning ham xizmatlari kerak bo‘ladi. Undan keyin esa ko‘ramiz», dedi Zidan o‘yindan keyin.

Zizuning «Real»ga qaytishi ishonchli g‘alaba bilan kechdi - u xuddi ketmagandek. Ha, «Selta» kuchli raqib emasdi, «qaymoqranglilar» mavsumdagi asosiy o‘yinlarni boy berib bo‘lishgan, ammo vazifa mavsum yakunida imkon qadar yuqoriroq o‘rinni egallash. Demak, keyingi o‘yinlarni ham qiziqish bilan kutishga asos bor.

Ko‘k-anorranglilar navbatdagi g‘alabaga erishdi, Messidan navbatdagi gollar va navbatdagi rekord

«Betis» - «Barselona» - 1:4 (0:2)
Gollar: Messi, 18 (0:1). Messi, 45+2 (0:2). Suares, 63 (0:3). Loren Moron, 82 (1:3). Messi, 85 (1:4).
«Betis»: Pau Lopes, Mandi, Bartra, Sidney, Xoakin (Emerson, 67), Guardado, Villiam Karvalyu (Loren Moron, 75), Kanales, Lo Selso (Laynes, 68), Telo, Xese.
«Barselona»: ter Shtegen, Serji Roberto, Pike, Langle, Jordi Alba, Vidal, Buskets, Artur (Semedu, 64), Rakitich (Alenya, 88), Suares (Koutinyu, 90), Messi.
Ogohlantirishlar: Guardado, 16. Langle, 52. Semedu, 67.
Hakam: De Burgos Bengoechea.
17 mart. Sevilya. «Benito Villamarin (Manuel Ruiz de Lopera)» stadioni.

Qasos uchun o‘yin
«Barselona» o‘z maydonida mag‘lub bo‘lishi kamdan-kam uchraydigan holat. Bunday o‘yinlarni sanash uchun bir qo‘ldagi barmoqlar ham yetib ortadi. Joriy mavsumda bunday o‘yin faqat bir marta kuzatildi - o‘tgan yilning noyabrida kataloniyaliklar «Kamp Nou»da kutilmaganda «Betis»ga mag‘lub bo‘lishgandi (3:4). Maydon egalarini o‘shanda hatto qo‘lidagi jarohatidan keyin safga qaytgan Messi ham qutqara olmagandi.

Shu tufayli, «Barselona» bu o‘yinga revansh olish va «adolatni tiklash» uchun kelgandi. Bu o‘yinda g‘alaba qozonishsa, ko‘k-anorranglilar ikkinchi o‘rindagi «Atletiko» bilan oradagi farqni 10taga yetkazishi mumkin edi, Simeone shogirdlari bu turda «Atletik»ka 0:2 hisobida yutqazgandi.

Ikki zarba - ikki gol
Sevilyaliklar jamoasi ham qiyin vazifani uddalashni istardi, Kike Seten jamoasi bir mavsumda ikki marta «Barselona»ni mag‘lub etishni maqsad qilgandi. Maydon egalari o‘yinni hujumkor boshladi, ter Shtegen darvozasi qarshisida xavfli vaziyatlar yaratildi, mezbonlar to‘pga egalik qilish borasida ustunlik qilishdi - 18-daqiqaga kelib maydon egalarida bu ustunlik 60ga 40 ko‘rinishida edi. «Barselona» futbolchilari esa bu vaqt mobaynida biror marta ham Pau Lopes darvozasi tomon xavf solishmadi. Ammo shu daqiqada kataloniyaliklar ilk bor jarima zarbasi berish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi va Lionel Messi hisobni ochdi. To‘p darvozabon turgan burchak tomon yo‘naltirildi, ammo Lopes reaksiya ko‘rsatishga ham ulgurmadi.

Birinchi bo‘lim davomida mehmonlar raqib darvozasi tomon atigi ikki bor zarba berishdi va 100 foizlik natija ko‘rsatishdi. Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalar o‘tib borayotganida Suares Messiga tovoni bilan golli pas uzatdi, argentinalik hujumchi bir urinishda jamoasi ustunligini oshirdi.

Luis-Leo
Ikkinchi bo‘limda ham ko‘k-anorranglilar hujumga ko‘p o‘tishmadi va raqibni himoya chizig‘ida kutib ola boshlashdi. Imkon tug‘ilishi bilanoq esa qarshi hujumga chiqishdi. Shunday vaziyatlardan birida Suares yakka o‘zi raqibning 3-4 himoyachisini dog‘da qoldirib oldinga intildi va raqib jarima maydoniga kirib borib, to‘pni kuch bilan tepib darvoza to‘riga joyladi hamda hisob yirik ko‘rinish olishini ta'minladi.

«Betis» 82-daqiqada bitta javob goli urdi, Moron ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi, ammo ko‘p o‘tmasdan Messi het-trikni rasmiylashtirdi. Uning uchinchi goli ham juda chiroyli chiqdi. Leo to‘pni darvozaga parashyut uslubida tashlab qo‘ydi. Endi uni mezbon jamoa muxlislari ham olqishlardi.

O‘yindagi oxirgi hujum ham Messining zarbasi bilan yakunlandi, ammo darvoza ustuni u poker qayd etishiga imkon bermadi.

Lionel Messi klub safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchilar ro‘yxatida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. «Betis»ga qarshi kechgan bahs Messi uchun «Barsa» libosida barcha musobaqalar doirasidagi 674-o‘yin bo‘ldi. Natijada u gvardiyachilar ro‘yxatida Andres Inestaga yetib oldi. Faqatgina Xavi hisobida 767ta uchrashuv bo‘lgani holda ikki futbolchidan oldinda bormoqda.

Messining joriy mavsumda Ispaniya chempionatida urgan gollari soni 29taga yetdi, uning hisobida shuningdek 12 golli pas mavjud.

«Barsa» «Benito Vilyamarin»da revansh oldi va «Atletiko» bilan oradagi farq endi 2 xonali sonda ifodalanadi - 10 ochko. Tur o‘tgani sayin Ispaniyada chempionlik intrigasi o‘lib bormoqda.

Turning barcha o‘yinlari

Turnir jadvalidagi holat

Ko‘proq yangiliklar: