​Madaniyat vaziri o‘rinbosari: «Madaniy obektlarni muhofaza qilish tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan»

O‘zbekiston 17:44 / 15.03.2019 4940

Tarixiy ahamiyatga molik hududlarda puxta o‘ylanmagan asosda qurilish-buzilish ishlarining olib borilishi madaniy obektlarga putur yetkazayotganligi holatlari, so‘nggi holatlarda, ko‘p bora qayd etildi. Shu singari xatti-harakatlar oqibatida YuNeSKO umumjahon madaniy meroslar komissiyasi Shahrisabz tarixiy markazini ro‘yxatdan chiqarish masalasini ko‘rib chiqqanligi bunga yorqin dalildir.

Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova Kun.uz’ga bergan intervyusida mazkur holatlarga munosabat bildirdi.

─ Madaniy merosni muhofaza qilish faqatgina vazirlikning yoki mahalliy hokimiyatning yo bo‘lmasa, muayyan shaxslarninggina javobgarligiga bog‘liq holat emas. Bu borada qat'iy ishlaydigan tizimni yo‘lga qo‘yishimiz zarur. O‘tgan 25 yil davomida mana shu tizim yo‘qqa chiqqan, deydi vazir o‘rinbosari.

Oqilova madaniy obektlar muhofazasi bo‘yicha tizimli ishlashning bir necha jihatlarini sanab o‘tdi.

«Birinchidan, restavratsiya institutini tiklash kerak. 90-yillarda bu institut yopilib ketgan. Bu institut yopilgach, xususiy firmalar restavratsiya ishlarini olib bora boshladi. Xorijda madaniy obektlarni tiklash masalasiga o‘ta noziklik bilan yondashiladi. Bizda esa restavratsiya remontga aylanib ketgan. Nomutaxassis shaxslar tomonidan ishlar olib borgan. Shahrisabzdagi Ko‘k gumbaz, Samarqanddagi Bibixonim madrasasi misolida buning ayanchli oqibatlarini ko‘rishimiz mumkin.

Restavratsiya deganda ko‘pchilik binoning bir bo‘lagi tushib ketganda uni qayta joyiga to‘g‘rilab qo‘yishni tushunadi. Vaholanki, bu jarayonda u nimaga tushib ketadi, buning oldini qanday olish mumkin, degan savollarga javob izlash kerak bo‘ladi.

Ikkinchidan, o‘zimizning an'anaviy uslubda ishlaydigan ustalarimiz bor. Ularni yig‘ib, restavratorlar assotsiatsiyasini tuzishimiz, ularning bilim va tajribalaridan amaliyotda o‘rinli foydalanishimiz kerak.

Uchinchidan, xorijiy tajribani to‘g‘ri qo‘llay olishimiz kerak.Hech kim chetdan kelib bizga naqshkorlik, me'morchilik bo‘yicha dars o‘tmaydi. Bu bo‘yicha texnologiyalarning hammasi o‘zimizniki. Tarixiy obidalarni konstruksiya jihatdan tiklashda xorijiy mutaxassislarni jalb qilish mumkin. Masalan, xitoyliklar Ichan qal'ada konstruksiyani tiklayapti, naqshlarga esa boshidanoq tegmaymiz, bu sizlarning ishingiz, deyishgan.

Yana bir jihat, yosh restavratorlarni tayyorlash masalasi. Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomchilik va dizayn institutida yoki Toshkent arxitektura va qurilish institutida restavratorlarni ko‘paytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ular katta tajribali ustalardan amaliy saboq olib, o‘zini shakllantirishi kerak. Shunda iste'dodli yangi mutaxassislarni tayyorlagan bo‘lamiz.

Restavratsiya ishlarining targ‘ibotini ham ko‘zdan qochirmaslik lozim. Haqiqiy restavratsiya qanday bo‘ladi, konservatsiya qanday bo‘lishi kerak? Noto‘g‘ri restavratsiyaning oqibati, to‘g‘ri restavratsiya tartibini ko‘rsatib bera olsak, odamlarda to‘g‘ri tushuncha hosil qila olish mumkin».

Shuningdek, Kamola Oqilova suhbat chog‘ida obidalarni tiklash ishlarida noprofessional yondashuv hamda mahalliy instansiyalarning o‘zboshimchaligini tanqid qildi:

─ Hududlardagi inspeksiyalar, mahalliy hokimiyatlar o‘zboshimchalik bilan tarixiy obektlarni buzish, o‘zgartirish, oldida ko‘p qavatli bino qurish holatlarini ko‘ryapmiz. Bu holat hozir nisbatan kamaydi. Madaniy obektlar bilan bog‘liq har qanday masalada YuNeSKO bilan kelishgan holda, shuningdek, ilmiy-metodik kengash xulosasi asosida ish ko‘rish kerak.

Madaniyat vaziri o‘rinbosari Kamola Oqilova

Madaniyat vazirligida katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va foydalanish bosh boshqarmasi hozir Madaniy meros departamentiga aylantirilyapti. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori kutilyapti. U yangi yo‘nalishda ish olib boradi, chin ma'nodagi restavratsiya bilan shug‘ullanishi kerak. Bunda yuksak professionalizm talab etiladi. Hamma narsa deyarli yangitdan qurib, naqshlarigacha chizib qo‘yilgan. Natijada obekt tarxiyligini, o‘ziga xosligini yo‘qotgan.

YuNeSKO tajribasida restavratsiya emas, konservatsiya uslubi asosida ish olib borish yetakchilik qiladi. Ya'ni holatini yaxshilayman deb o‘zgartirish kiritish emas, balki bor-bo‘yicha saqlab qolish nazarda tutiladi. 

YuNeSKO umumjahon madaniy meroslar komissiyasi Shahrisabz tarixiy markazini ro‘yxatdan chiqarish masalasini ko‘rib chiq​qach, qarori qabul qilishda shoshilmadi. O‘zbekistonga yana bir yil davomida turli komissiyalar tashrif buyurib, vaziyatni nazorat qilishi maqsadga muvofiq, deb topilgandi.

Garchi rasmiylar Shahrisabzning qadimiy ahamiyatga ega bo‘lgan bino va inshootlariga putur yetmaganini ta'kidlasa-da, mahalliy aholining turmush tarzi, xususan mahalla guzari, xonadonlar joylashuvi, sharqona turmush tarzi jiddiy o‘zgartirildi. Bunday hodisalar mamlakatning boshqa viloyatlarida ham davom etmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: