Kloppning qasosi qiyomatga qolmadi. «Liverpul» «Bavariya»ni qanday mag‘lub etdi?

Sport 13:40 / 14.03.2019 15711

«Liverpul» Chempionlar Ligasi guruh bosqichining o‘zida uchta o‘yinda mag‘lub bo‘lsa-da, turnir chempionligiga da'vogarlar safida e'tirof etilayotgandi. 13 mart oqshomida Klopp shogirdlari buning bejizga emasligini isbotlashdi.

«Bavariya» (Germaniya) – «Liverpul» (Angliya) – 1:3 (1:1)
Gollar: Mane, 26 (0:1). Matip, 39 – avtogol (1:1). van Deyk, 69 (1:2). Mane, 84 (1:3).
«Bavariya»: Noyyer, Rafinya, Xummels, Zyule, Alaba, Gnabri, Tiagu Alkantara, Xavi Martines (Goretska, 72), Xames Rodriges (Renatu Sanchesh, 79), Riberi (Koman, 61), Levandovski.
«Liverpul»: Alisson, Aleksandr-Arnold, van Deyk, Matip, Roberson, Vaynaldum, Henderson (Fabino, 13), Milner (Lallana, 87), Saloh, Roberto Firmino (Origi, 83), Mane.
Ogohlantirishlar: Fabinyu, 43. Matip, 63. Tiagu Alkantara, 65. Renatu Sanchesh, 83. Roberson, 90+2.
Hakam: Orsato (Italiya).
13 mart. Myunxen. «Allyans Arena» stadioni
Birinchi o‘yin – 0:0

Safardagi birinchi g‘alaba
Amaldagi finalchi sifatida musobaqani boshlagan «Liverpul» shubhasiz, bu mavsumda ham g‘oliblikka eng asosiy da'vogarlar qatorida e'tirof etildi. Biroq APLni juda yaxshi boshlagan «qizillar» Chempionlar Ligasida yomon natijalar qayd eta boshlashdi. «O‘lim guruhi»dan o‘rin olgan inglizlar 1-turda «PSJ»ni mag‘lub etishgandi, lekin Klopp jamoasi uchun safardagi o‘yinlar qiyin o‘tdi. «Liverpul» mehmondagi uchta o‘yinni ham boy berdi. «PSJ» va «Napoli»ga qarshi o‘yinlardagi mag‘lubiyatlarni tushunish mumkindir, lekin klub «Tsrvena Zvezda»ga ham mag‘lub bo‘ldi. Shu sababli klub oxirgi turda «Napoli» bilan finalga teng o‘yin o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

Chempionlar Ligasini uch marta yutgan murabbiy Karlo Anchelotti jamoasiga qarshi o‘yinda pley-off masalasini hal qilish oson bo‘lmadi. O‘sha kuni neapolliklarni durang natija ham qoniqtirardi. «Liverpul» 1:0 hisobidagi g‘alabani zo‘rg‘a saqlab qoldi. So‘nggi soniyalarda Alisson Bekerning super seyvi bo‘lmaganda Arkadiush Milik hisobni tenglashtirib, «Liverpul»ni Yevropa Ligasiga ravona qilishi ham mumkin edi.

Ana shunday qiyinchilik bilan guruhdan chiqqach, «Liverpul»ning kuchiga shubha uyg‘ona boshladi. Biroq «Bavariya» bilan o‘yinlarda baribir inglizlarning imkoniyatlari yuqoriroq deb qaraldi. Angliyadagi birinchi o‘yinda «Liverpul» g‘alaba qozona olmagan bo‘lsa-da, nemis futbolining oxirgi yillardagi gegemoni «Bavariya»dan kuchli ekanini ko‘rsatib bera oldi. Javob o‘yinida esa inglizlar o‘yinni to‘liq nazorat qilishdi. Ha, to‘pni egallab turishda 42ga 58 foiz ko‘rsatkichi bilan imkoniyatni boy berib ham o‘yinni nazorat qilish mumkin. «Liverpul» buni maydonda isbotladi.

Markazdagi ustunlik
Shu kuni ikki jamoaning markaziy yarimhimoyasida butunlay boshqacha futbolchilar harakat qilishdi. «Bavariya»da Xavi Martines, Tiago Alkantara va Xames Rodriges. «Liverpul»da esa Jordan Henderson (keyinchalik birinchi bo‘limning o‘zida uning o‘rnini Fabino egalladi), Jyeyms Milner va Jorjino Veynaldum. Ko‘rib turganingizdek, «Bavariya»da klassik tayanch yarimhimoyachisi deb aytiladigan va ko‘proq himoyaga e'tibor beruvchi markaz o‘yinchisi faqatgina Xavi Martines. «Liverpul»da esa markazdagi barcha futbolchilar himoyalanishni qoyillatadigan yigitlar. Axir Milner va Fabino himoyadan chiqqan futbolchilar-da.

«Liverpul» markazidagi ana shu uch futbolchi nemislarga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi. Xames, Tiago yoki Riberi qo‘pol qilib aytganda, hech narsa qila olishmadi. «Bavariya»ning goliga e'tibor bergan bo‘lsangiz, hujum markazdagi superpleymeykerlar orqali emas, qanot hujumchisi Serj Gnabri (oxirgi vaqtlarda «Bavariya»ning eng yaxshi futbolchisi) orqali amalga oshirildi. To‘pni Gnabriga markaziy himoya hududidan uzatilgandi. Bu esa maydon markazidagi pleymeykerlar doim yuqori pressing orqali bosimda ushlab turilganidan dalolat. Xames o‘tkir uzatmalarni amalga oshira olmagani sabab ko‘p bora asabiylashgani ham shundan bo‘ldi.

Noyyerning sovg‘asi
«Liverpul» 26-daqiqaga kelib hisobni ochdi. Virjiyl van Deyk to‘pni hujumdagi Sadio Manega uzatdi. Jarima maydoni ichidagi Mane to‘pni to‘xtatayotganda «Bavariya» posboni Manuel Noyyer hujumchi uchun kutilmagan harakatni amalga oshirish maqsadida oldinga chiqdi. Biroq Sadio orqasida ham ko‘zi bor odamdek darvozabonning ayyorligini payqadi va uni birgina teskari tomonga qilgan harakati bilan (protivoxod) chalg‘itib, to‘pni darvozaga tashlab qo‘ydi.

Mane bu vaziyatda haqiqiy top-hujumchilar kabi harakat qildi va Kloppning ta'biri bilan aytganda, ming marta qayta ko‘rsa arziydigan gol urdi.

«Ovqatni ham van Deyk qiladi, Abdullani ham van Deyk uylantiradi»

Foto: Boris Streubel/Getty Images

Shu oqshomda «Liverpul»ning barcha chiziqlari zo‘r o‘ynadi. Hattoki o‘z darvozasiga gol urgan Joel Matip ham. Kamerunlik futbolchi maydon markazida kimsan Yevropaning eng kuchli tayanch yarimhimoyachilaridan bo‘lgan Xavi Martines bilan ko‘p marta yakkakurashga kirishib, g‘olib ham bo‘ldi. Biroq shu kuni inglizlarning eng zo‘r futbolchisi yarim mavsum o‘ynaboq yetakchilardan biriga aylana olgan Virjiyl van Deyk bo‘ldi. Himoya markazida barqarorlikni saqlab turgan niderlandiyalik himoyachi Manening birinchi golida assistentlik qildi. Hisob 1:1 bo‘lib turgan murakkab vaziyatda esa «Liverpul»ning yo‘l tanlamasi» (Klopp uni shunday atagan) burchak to‘pi vaqtida raqib jarima maydonchasiga borib, gol urdi.

Goldan so‘ng o‘zbekistonlik taniqli sharhlovchi Davron Fayziyev ajoyib o‘xshatish qildi: «Liverpul»da hamma ishni van Deyk qiladi. Ovqatni ham van Deyk qiladi, Abdullani ham van Deyk uylantiradi» («Suyunchi» filmiga parodiya).

Ko‘rinmagan, lekin foydali Saloh
«Liverpul»ning oxirgi ikkita o‘yinida Muhammad Saloh juda faol bo‘ldi. «Byornli» 4:2 hisobida mag‘lub etilgan o‘yinda Saloh ikkita golda faol qatnashdi. «Bavariya» bilan o‘yinda ham misrlik futbolchi gol urmagan bo‘lsa-da, o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ygan Manening ikkinchi goliga assistentlik qildi. O‘sha vaziyatda Saloh to‘pni did bilan himoyachining ustidan oshirib, Manega uzatdi.

Top darajaga qaytish

Foto: Getty Images

Klopp o‘yindan keyin o‘rinli gapni aytdi: «Biz top darajaga qaytdik». «Tsrvena Zvezda»dek jamoaga yutqazib, o‘zini qiyin ahvolga tashlab qo‘ygan jamoa «Bavariya»dek katta klubni mehmonda total ustunlik bilan mag‘lub etishiga bundan oshiribroq ta'rif berish qiyin. «Liverpul»ning bu g‘alabasi jamoaning APLdagi chempionlik poygasidagi harakatlariga ham ijobiy ta'sir qilishi tabiiy. Darvoqe, Klopp «Bavariya» bilan Chempionlar Ligasidagi hisob-kitobini ham to‘g‘rilab qo‘yganini ta'kidlash kerak. 2013 yil YeChL finalida «Bavariya»ga yutqazgan Klopp alamini aynan Myunxenda olgani ham o‘ziga xos bo‘ldi. Xullas, uning qasosi qiyomatga qolmadi...

O‘tkir Jalolxonov

Ko‘proq yangiliklar: