Markaziy bankda yangi boshqarma, hokimliklar tarkibida yangi sektor tashkil etiladi

Iqtisodiyot 09:31 / 11.03.2019 16828

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar ijrosini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Markaziy banki, tijorat banklari va tegishli idoralar rahbarlaridan hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o‘rinbosarlaridan iborat Respublika komissiyasi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimlari, tuman (shahar) hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari rahbarligida, viloyat, tuman (shahar) iqtisodiyot va sanoat, bandlik, moliya, investitsiya, soliq, statistika bo‘linmalari, hududiy Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hududiy bo‘linmalari rahbar va xodimlaridan iborat tarkibda “Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash markazlari”;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi markaziy apparati tarkibida boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida bo‘linmalar;

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tuzilmasida Aholi tadbirkorligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturlarini muvofiqlashtirish va monitoring qilish boshqarmasi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tarkibida boshqaruv xodimlarining belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida tegishli sektorlar tashkil etiladi.

Ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirishda ishtirok etayotgan banklarga aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirish va monitoring yuritishni tashkil etish bo‘yicha maxsus boshqarmalar va filiallarda maxsus bo‘limlar ochish hamda boshqarma (bo‘lim)lar faoliyatiga bevosita rahbarlikni rais o‘rinbosariga biriktirish tavsiya etildi.

Namangan viloyatida 2019 yilda “Har bir oila - tadbirkor” dasturi asosida aholi bandligi va daromadlari oshishiga ko‘maklashish va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tajriba tariqasida Namangan viloyati Bandlik bosh boshqarmasida 14 ta shtat birligidan iborat tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining o‘zini o‘zi band qilishini rag‘batlantirish bo‘limi tashkil etiladi.

“Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida aholining daromad olish borasidagi loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish, agrotexnika va veterinariya xizmatlari ko‘rsatish, ishsiz va band bo‘lmagan aholini, shu jumladan uning muhtoj qatlamlarini tadbirkorlikka va o‘zini o‘zi band qilishning samarali shakllariga o‘rgatish, klaster tizimi orqali daromadli mehnat faoliyatiga jalb etish, loyihalarning uzluksiz va muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga amaliy yordam berish bo‘limning asosiy vazifalari etib belgilanadi.

“Har bir oila - tadbirkor” dasturi doirasida:

nazarda tutilgan loyihalar va tadbirlarni moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda xalqaro moliya institutlari kredit liniyalari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

imtiyozli kreditlar oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik sub'yektlariga yillik 8 foiz stavkada 3-6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ajratiladi;

xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etishga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Sh.A. Vafoyev mas'ul etib belgilanadi.

Ko‘proq yangiliklar: