Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyatini boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorini imzoladi.
Adliya vazirligining telegramdagi kanalida xabar qilinishicha, qarorga muvofiq, «ProgressGorTex» MChJ (Rossiya Federatsiyasi) sho‘'ba xo‘jalik jamiyati-ishonchli boshqaruvchi «O‘zbekiston temir yo‘llari»AJning «O‘zbekko‘mir» AJ ustav kapitalidagi 45 foiz aksiyalari paketining ishonchli boshqaruvchisi sifatida jalb etiladi.
Shuningdek qaror bilan, «O‘zbekko‘mir» AJga istisno tariqasida, aksiyalarni ishonchli boshqaruvga topshirilishiga qadar, «ProgressGorTex» MChJ bilan kelishgan holda tegishli ravishda ekspertizadan o‘tkazilgan kon-transport va yordamchi texnika, texnologik uskunalarni tender savdolari o‘tkazmasdan, eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat berildi.
«Endilikda, ko‘mirlar narxi operatsion sarflar, kapital xarajatlar va 10 foizdan kam bo‘lmagan rentabellik darajasi asosida shakllantiriladi, yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari qayta ko‘rib chiqilishi bilan uyg‘un ravishda qayta ko‘rib chiqiladi», deyiladi xabarda.
Bundan avvalroq, prezident «O‘zbekko‘mir»ga professional tashqi boshqaruvchini jalb etish bo‘yicha topshiriq bergani xabar qilingandi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, «ProgressGorTex» 2018 yil 15 oktyabrda Nikolay Gennadevich Yemelyanov tomonidan tashkil etilgan. Yemelyanovning boshqa kompaniya, «Selena» MChJ bo‘yicha sherigi Doniyor Komilovdir - Gazprombank sobiq top-menejyeri. Doniyor Komilov 2010-2014 yillarda Gazprombankning «Upravlyayushchaya kompaniya — Strategicheskiye aktivi» YoAJ tuzilmasi rahbari bo‘lgan. Shuningdek, 2015-2016 yillarda u «Uralmashzavod» direktorlar kengashiga kirgan.