​Rossiya shakarining O‘zbekistonga importi uchun alohida kvota so‘ralmoqda

Iqtisodiyot 15:48 / 07.03.2019 12327

Rossiya Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Levin RF O‘zbekistonga har yili 750 ming tonna shakar yetkazib berayotgani, ammo joriy yilda bu ko‘rsatkich keskin tushib ketganiga e'tibor qaratdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

6 mart kuni qishloq xo‘jaligi masalalarida ayrim holatlarni muhokama qilgan Rossiya Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Sergey Levin rus shakarining O‘zbekistonga importi nega tushib ketayotganini ma'lum qilgan.

«O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarish zavodlari ishga tushdi. Bundan tashqari, Pokiston, Eron, Ukraina va Belarusdan mahsulot yetkazib berish hajmi oshyapti»,​ —​ deydi u. 

Ma'lum qilinishicha, Rossiya tomoni o‘rnatilgan tarixiy munosabatlar va kelgusida hamkorlik istiqbolini inobatga olib, rus shakarining O‘zbekistonga eksport qilishda 200 ming tonna miqdorida kvota ajratishni so‘ragan.

Avvalroq, O‘zbekistonning Belgiyadagi elchisi Dilyor Hakimov ​ Toshkent viloyati hududida shakar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihani amalga oshirish istiqbollarni Belgiyaning DSEC kompaniyasi rahbariyati ​muhokama qil​gani haqida xabar berilgandi.

Prezidentning 12 dekabrdagi farmoni bilan import qilinadigan shakarga 20 foizlik QQS joriy etilgandi.

Shu bilan birga, shakar ishlab chiqaruvchilarni import xomashyosi asosida ishlab chiqarilgan hajmlar qismiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish muddati 2020 yil 1 yanvarga qadar uzaytirildi.

Ekspertning izoh berishicha, import qilinuvchi shakarga (asosan Ukrainadan) 20 foizlik QQS joriy etilishidan ko‘zlangan maqsad - «mahalliy ishlab chiqaruvchilarga oyoqqa turishga yordam berish».​

Ko‘proq yangiliklar: