QQS to‘lovchilari soni 5 barobar oshdi

Iqtisodiyot 13:13 / 27.02.2019 14884

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Moliya vazirligi bilan birgalikda xalqaro ekspertlar ishtirokida soliq sohasidagi islohotlarning dastlabki natijalari muhokama qilindi.

Foto: Xalqaro press-klub

Davlat soliq qo‘mitasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi xabariga ko‘ra, uchrashuvda Jahon bankining davlat sektori masalalari bo‘yicha taniqli eksperti, katta maslahatchi Rajul Avasti, Jahon bankining davlat sektori masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Raul Feliks Janker-Varela, xalqaro konsultant Sergey Shatalov, Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev, Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev va moliya vazirining o‘rinbosari Dilshod Sultonov kabi mutaxassislar ishtirok etdi.

Foto: Xalqaro press-klub

Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining dastlabki natijalari sarhisob qilindi.

Soliq qo‘mitasi tashabbusi bilan Moliya vazirligi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda 50 dan ortiq tadbirkorlar – yirik soliq to‘lovchilar ishtirok etdi va ular tomonidan yo‘llangan 100 dan ortiq savollarga javoblar berildi.

Qayd etilganidek, 2018 yilda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari soni 7 mingga yaqin bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 35 mingtaga yetib, 5,2 barobarga oshgan.

Xuddi shunday, suv solig‘i to‘lovchilari soni 3,4 mingtadan 49,3 mingtaga yoki 14,3 barobarga ortdi. 

Mol-mulk solig‘i to‘lovchilari soni 9,3 mingtadan 63 mingtaga yoki 6,8 baravarga hamda yer solig‘i to‘lovchilari soni 12,9 mingtadan 72,8 mingtaga yoki 5,6 barobarga o‘sdi.

Xalqaro ekspertlar tadbirkorlik sub'yektlariga teng raqobat sharoitini yaratish uchun iqtisodiyotda yashirin savdo aylanmalarini aniqlash, biznesning bo‘linishiga qarshi kurashish va kelgusida oldini olish yuzasidan jahon tajribasida sinovdan o‘tgan mexanizmlar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari hamda tavsiyalarini bildirdi.

Jumladan, Rajul Avasti ko‘plab mamlakatlarda iqtisodiy va soliq islohotlarida ishtirok etgan mutaxassis sifatida bu boradagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi va O‘zbekistondagi soliq islohotlarining dastlabki natijalariga ijobiy baho berdi.

Ko‘proq yangiliklar: