Moliya vazirligida Xalqaro valuta jamg‘armasining (XVJ) Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha departamenti bosh iqtisodchisi Albert Yeger boshchiligidagi missiyasi hamda davlat vazirlik va idora mutasaddi vakillari ishtirokidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Moliya vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, muhokamalar diqqat markazi XVJ nizomining IV moddasiga muvofiq 2019 yil uchun missiya tomonidan mamlakatga beriladigan maslahatlarga qaratildi.
Ma'lumot uchun: XVJ kelishuvining moddalari xalqaro pul-kredit muammolari bo‘yicha maslahatlashuv va hamkorlik qilish, xalqaro savdoni kengaytirish va muvozanatli o‘sishga yordam berish uchun doimiy mexanizm orqali xalqaro pul-kredit hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish va shu bilan birga, valuta barqarorligini ta'minlash va yana bir qancha shu kabi masalalarni muhokama qilish va hal etish uchun qabul qilingan. XVJ har bir kelishuvga a'zo mamlakat bilan har yili maslahatlar almashinuvi o‘tkazadi. «IV modda maslahatlari» deb nomlanuvchi bu aloqalar orqali XVJ har bir mamlakatning iqtisodiy barqarorligini baholashga va kelgusida moliyaviy muammolarni oldini olishga harakat qiladi.
IV moddaga doir maslahatlar doirasida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, moliya siyosati va tarkibiy o‘zgarish ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, tomonlar, 2018 – 2019 yillarga mo‘ljallangan kredit siyosati, budjet tashkilotlarida ish haqi siyosati, fiskal siyosat va 2019 yil uchun qo‘shimcha xarajatlar, 2019 yilda yangi soliq siyosati, pensiya va mehnat sohalari siyosatlarini amalga oshirish hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish kabi masalalarni muhokama qilishdi.
Albert Yeger moliya vazirining London safarini ijobiy natijalarini qayd etdi. Uning fikricha, hozirgacha amalga oshirilgan siyosatlar to‘g‘ri va samarali yondashuv bo‘libgina qolmay, kelgusidagi yo‘l xaritasi uchun bir qancha ustuvorliklarni ta'minlab beradi.
U, shuningdek, xorij investorlarining bu boradagi mulohazalari bilan bo‘lishdi: «Investorlar mamlakatda amalga oshirilgan islohotlarni, jumladan, valuta rejimini liberallashtirish, Moliya va Iqtisodiyot vazirliklariga tegishli dolzarb bo‘lgan islohotlar, soliq islohoti va boshqa islohotlarni ijobiy baholaydi».
Missiya joriy yilning 5 martiga qadar Toshkentda ishchi tashrif bilan bo‘ladi. Shunga ko‘ra, davlat mutasaddi vakillari ushbu davr mobaynida muayyan masalalarni muhokama qilish uchun bir qator uchrashuvlar o‘tkazishadi.