Islom moliya muassasalarining (IMM) oxirgi 6 yilda jamlanma (o‘rtacha) yillik o‘sish sur'ati 6 foizni tashkil qildi. Islom moliya sohasining hajmi 2012 yilda 1,746 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lgan bo‘lsa, 2017 yilga borib bu ko‘rsatkich 2,438 mlrd. AQSh dollarni tashkil etgan, deb yozmoqda «Islom Moliyasi» Telegram-kanali.
Ma'lum qilinishicha, 2023 yilga borib IM sohasining hajmi 3,809 mlrd. AQSh dollarga yetishi kutilmoqda va bu jamlanma (o‘rtacha) yillik o‘sish sur'ati 8 foizga teng bo‘ladi degani.
«IMM umumiy hajmini tasavvur qilish uchun, biz uni O‘zbekiston bank tizimining 2018 yil 31 dekabr holatiga bo‘lgan hajmi bilan solishtirdik. IMM umumiy hajmi 2,438 mlrd. AQSh dollariga teng bo‘lsa, O‘zbekiston bank tizimining hajmi 25.7 mlrd. AQSh dollariga teng, ya'ni IMM hajmi 95 baravar ko‘p degani.
Endi esa IMM hajmini jahon moliya muassasalari hajmi bilan solishtiramiz va bugungi kunda IMM hajmi 339 trln. AQSh dollariga teng bo‘lgan jahon moliya muassasalari aktivlari umumiy hajmining atigi 0.71 foizini (!) tashkil qilishini ko‘ramiz», – deb yozadi «Islom Moliyasi» Telegram-kanali.
Dunyodagi eng yirik tijorat banki bo‘lmish Xitoyning ICBC banki aktivlarining umumiy qiymati 3.62 trln. AQSh dollariga teng, bu esa IMM umumiy hajmidan ancha yuqori bo‘lib, birgina moliyaviy muassasa IMM ortiq hajmga egaligini anglatadi. Shunga qaramay, IMM o‘z rivojlanish bosqichining boshida turibdi: istiqboldagi musulmon mijozlar katta salohiyatga ega. Masalan, musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etuvchi davlatlarning umumiy aholisi har yili 1,8 foizga ko‘payotgan bo‘lsa, butun dunyo aholisining o‘sishi 1,1 foizni tashkil etadi. 2030 yilga qadar dunyo aholsining chorak qismi musulmonlardan tashkil topishi kutilmoqda.
Quyidagi grafikda islom moliya sohasining (barcha islom moliya muassasalari) 2012-2017 yillarda kuzatilgan va 2018-2023 yillar oralig‘ida kutilayotgan o‘sish sur'atlarini aks etgan.
Ma'lumot uchun, Islom moliya institutida kredit mexanizmlari ishlatilmaydi, balki oldi-sotdi, ijaraga berish va sherikchilikda ishlash tamoyillari tizimga singdirilgan. Shuningdek, Islom moliya tushunchasida to‘lab borish yo‘li bilan aktivlarni xarid qilish, ya'ni ijaraning to‘lov shartlari orqali aktivlarni o‘zlashtirish keng qo‘llaniladi.