Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Import qilinadigan tovarlarni nazorat qilish hamda soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha huquqbuzarliklarni oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Qayd etilishicha, hujjat O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya tizimlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2018 yil 12 dekabrdagi PQ-4059-son qarori ijrosini ta'minlash hamda respublikaga olib kirilayotgan tovarlar importini optimallashtirish, noqonuniy import operatsiyalari amalga oshirilishi hamda soliq va bojxona to‘lovlaridan qochishning oldini olish uchun bojxona rasmiylashtiruvidan keyingi nazoratni ta'minlash maqsadida qabul qilinadi.
Loyiha bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasining import operatsiyalari bo‘yicha soliq va bojxona sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini monitoring qilish yuzasidan doimiy faoliyat yurituvchi Idoralararo ishchi guruhi tashkil etish bo‘yicha takliflari ma'qullanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasiga tovarlarni import qiluvchi barcha yuridik shaxslar hisob varaq - fakturalarni to‘liq elektron shaklda yuritishga o‘tkaziladi.
Quyidagilar:
import operatsiyalari bo‘yicha soliq va bojxona sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini monitoring qilish yuzasidan Idoralararo ishchi guruhi tarkibi;
import qilinadigan tovarlarni nazorat qilish hamda soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha huquqbuzarliklarni oldini olish mexanizmi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.
Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasi o‘rtasidagi mavjud axborot almashinuv tizimi mazkur qaror talablari asosida takomillashtiriladi.
Import qilinadigan tovarlarni nazorat qilish hamda soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha huquqbuzarliklarni oldini olish mexanizmi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, Davlat bojxona qo‘mitasi, tovarlar importi to‘g‘risida va bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgandan so‘ng uch kun muddatda quyidagi holatlarda soddalashtirilgan tartibda olib kirilgan tovarlar importi to‘g‘risida idoralararo axborot almashinuvi vositasi orqali Davlat soliq qo‘mitasiga va “O‘zstandart” agentligiga ma'lumot taqdim etadi:
Xalqaro laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish tashkiloti (ILAC) va Xalqaro akkreditatsiya qilish forumi (IAF) to‘laqonli a'zolari hisoblangan davlatlarning sertifikatlashtirish organlari tomonidan berilgan muvofiqlik sertifikatlari yoki sinov bayonnomalari taqdim etilganda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ko‘p miqdorda bo‘lmagan tadbirkorlik sub'yektlari (erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari bundan mustasno) o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiradigan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan ixtisoslashgan va qishloq xo‘jaligi texnikasi, texnologik uskunalar va ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, shuningdek, majburiy sertifikatlanishi lozim bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan nooziq-ovqat xomashyo, materiallar va buyumlar majburiy sertifikatlashtirishdan ozod qilinganda;
tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kiriladigan o‘lchash vositalariga muvofiqlik sertifikatini taqdim etmagan holda uni bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida o‘rnatilgan tartibda olish sharti bilan bojxona hujjatlarini rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilganda.
Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan import qiluvchilar respublika hududiga olib kirgan, shu jumladan soddalashtirilgan tartibda olib kirgan tovarlar bo‘yicha taqdim etiladigan ma'lumotlar soliq nazoratini amalga oshirish jarayonida foydalanish uchun Davlat soliq qo‘mitasining yagona ma'lumotlar bazasiga avtomatik tarzda kiritiladi.
Soddalashtirilgan tartibda olib kirilgan tovarlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar belgilangan tartibda nazoratni amalga oshirishda foydalanish uchun “O‘zstandart” agentligining ma'lumotlar bazasiga avtomatik tarzda kiritiladi.
Import qiluvchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga tovar-moddiy boyliklar olib kirilganda quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
tovarlarni import qilishda bojxona va soliq to‘lovlari bo‘yicha berilgan maqsadli imtiyozlarni hisobini qonunchilikda belgilangan tartibda yuritilishi va bo‘shagan mablag‘lar maqsadli yo‘naltirilishi;
ishlab chiqarish hamda o‘z ehtiyoji uchun olib kirilgan tovar-moddiy boyliklardan belgilangan maqsadlarda foydalanilishi;
tovarlarni realizatsiya qilishdan kelib tushgan tushumni bank muassasasiga belgilangan tartibda topshirilishi hamda realizatsiyani buxgalteriya va soliq hisobotlarida to‘liq aks ettirilishi;
import qiluvchilar tomonidan soddalashtirilgan tartibda o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kirilgan o‘lchash vositalariga muvofiqlik sertifikatini bojxona hujjatlari rasmiylashtirilgan kundan boshlab ikki oy davomida o‘rnatilgan tartibda olinishi.
Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan import qiluvchiga O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilingan tovarlarni maqsadli ishlatilishi yoki realizatsiya qilinishida bojxona va soliq qonunchiligiga, tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etishlari, aks holda qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi to‘g‘risida ogohlantirish Xabarnomasi yuboriladi.
Xabarnoma import qiluvchilarga yozma shaklda tovarlarga bojxona hujjatlari rasmiylashtirilishi jarayonida yoki pochta orqali yuboriladi.
Import qiluvchilar bo‘yicha huquqbuzarliklarni oldini olish chora-tadbirlari O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan amalga oshiriladi.