Prezident farmoni: Sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi

O‘zbekiston 20:54 / 22.02.2019 8072

Jamoatchilik fikrining tizimli monitoringini ta'minlash hamda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotida uning natijalaridan foydalanish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining "Sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi - “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi (keyingi o‘rinlarda “Ijtimoiy fikr” markazi deb yuritiladi) etib qayta nomlandi.

Farmon bilan “Ijtimoiy fikr” markazining asosiy vazifalari belgilab berildi:

a) quyidagilarda:

·      davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida, davlat va jamiyat qurilishida – demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlament, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari rolini yanada kuchaytirishga, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar;

·      sud-huquq sohasida – qonun ustuvorligini ta'minlashga va inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga yo‘naltirilgan islohotlar;

·      iqtisodiyotda – uning raqobatbardoshligini oshirishga, tarmoqlarni modernizatsiya qilish, liberallashtirish va diversifikatsiya qilishga, davlatning iqtisodiy jarayonlarda ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni amalga oshirish sifatini aniqlash va o‘rganishga, xususiy mulkchilik huquqlarini ishonchli himoya qilishga yo‘naltirilgan islohotlar;

·      ijtimoiy sohada – aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga, uning bandligini ta'minlashga, real daromadlarini oshirishga va xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirishga, ta'lim, sog‘liqni saqlash, turizm, madaniyat, san'at, sport, ilm-fan va boshqa yo‘nalishlarning sifatini oshirishga, davlatning yoshlarga oid siyosatini va arzon uy-joylar qurish dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlarini bajarishga yo‘naltirilgan islohotlar;

·      xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, shuningdek, tashqi siyosat sohalarida – mamlakat mudofaa qobiliyatini, fuqarolar o‘rtasida va dinlararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlashga, tashqi siyosat sohasidagi faoliyat samaradorligini yanada oshirishga yo‘naltirilgan islohotlar to‘g‘risidagi jamoatchilik fikrini o‘rganish va tahlil qilish;

·      b) fuqarolar dunyoqarashini shakllantirishning asosiy yo‘nalishlarini, ularning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, axloqiy, huquqiy ongi holati va mazmunini belgilash, aholining siyosiy, huquqiy madaniyati darajasini o‘rganish va ularni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash;

v) ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning holati va dinamikasi to‘g‘risida, aholining ijtimoiy fikri haqida ishonchli axborotni tarqatish;

g) xorijiy tadqiqotchilik amaliyotida faol foydalaniladigan va zamonaviy axborot yondashuvlariga tayanadigan sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazishni tashkil etish texnikasi va texnologiyalarini ishlab chiqish, moslashtirish, tatbiq etish va ularning keng usullarini qo‘llash, jamoatchilik fikrini o‘rganish metodologik asoslarini tahlil qilish va takomillashtirish.

Shuningdek, “Ijtimoiy fikr” markazini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan ta'minlash tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Hujjatga ko‘ra, “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov natijalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida muntazam muhokama qilinadi va ular bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rish amaliyotga tatbiq etiladi.

“Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov natijalari ommaviy axborot vositalari, markaziy davlat telekanallari, bosma nashrlar va Markazning veb-saytida doimiy yoritib boriladi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Ijtimoiy fikr” markazi bilan birgalikda ikki hafta muddatda sotsiologik so‘rovlar yakunlarini yoritish maqsadida “O‘zbekiston 24” telekanalida doimiy faoliyat yuritadigan “Ijtimoiy fikr” («Obshchestvennoye mneniye») maxsus rukni tashkil etiladi.

Bundan tashqari, “Ijtimoiy fikr” markaziga telefon va Internet tarmog‘i orqali ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va mamlakatimiz hayotining boshqa yo‘nalishlariga doir dolzarb joriy masalalar yuzasidan aholi o‘rtasida blits-so‘rov o‘tkazish uchun call-markaz tashkil etiladi.

“Ijtimoiy fikr” markazining jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni monitoring va tahlil qilishda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi”, “Qo‘ng‘iroqlarni qayta ishlash markazi” (telefon raqamlari 10-00, (0800) 210-00-00) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonalarining axborot tizimlari faoliyatiga doir statistik va boshqa axborotlardan foydalaniladi.

Ko‘proq yangiliklar: