Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi, shahar bosh rejasi va propiska. Hikmat Abdurahmonov bilan suhbat

O‘zbekiston 11:50 / 21.02.2019 17981

Kun.uz sayti muxbiri Toshkent shahri hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi raisi, tadbirkor Hikmat Abdurahmonov bilan suhbat qurdi. Suhbat davomida Hikmat Abdurahmonov hokimlik qoshidagi Jamoatchilik kengashining vazifalari, poytaxtdagi muammoli masalalar – daraxtlarning noqonuniy kesilishi va uylarning ogohlantirishsiz buzilishi, shuningdek, propiska hamda investitsiyalar kiritilishi kabi masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Jamoatchilik kengashining vazifalari nima va 2018 yilda nimalar qila oldi?

Ma'lumot uchun, Toshkent shahri hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi 2018 yilning iyun oyida tashkil etilgan. Hikmat Abdurahmonov Jamoatchilik kengashi faoliyati va uning vazifalariga to‘xtaldi.

«Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida 2018 yilning aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilingandi.

O‘tgan yilning may oylarida Toshkent shahar hokimligi jamoasidan menga qo‘ng‘iroq qilishdi. Jahongir Obidovichning shahar hokimi lavozimiga tayinlanishidan ko‘p o‘tmay bir taklif bo‘ldi. Jamoatchilik kengashi tuzilganiga ham 7-8 oy bo‘lib qoldi. Bu tuzilma mustaqil O‘zbekiston uchun ham, Toshkent uchun ham yangilik.

2018 yilda faoliyatimizning asosiy qismida biz institutsional shakllanish borasida ish olib bordik. Bugun Jamoatchilik kengashining 13 yo‘nalishda ekspertlik guruhlari bor.

Ular bilan birgalikda «Toshkent-2025» konsepsiyasini yozishni boshladik.

Ushbu konsepsiyamiz bo‘yicha biz 2019 yilda ko‘proq amaliy ishlar qilishimiz mumkin bo‘ladi. 2018 yilda esa turli yo‘nalishlarda 45ta loyihani amalga oshirdik va ularning ko‘plari davom etmoqda.

Xususan, biz 2018 yilda TOP-500 - faol tadbirkorlar va investorlar forumi, «Shaharga o‘rindiq hadya eting» tashabbusini amalga oshirish, «Chilla Fest» yozgi shahar ommaviy sayli, bir haftalik «Do‘stlik» sayli konsepsiyasi tuzish va uni tashkillashtirishda Jamoatchilik kengashi mutaxassislarining bevosita ishtiroki, «Sietl» parkini tiklash, Yunusobod tumanidagi ko‘p qavatli turarjoy binosining tashqi qismini qayta tiklash, istirohat bog‘lari va boshqa jamoat joylarida o‘tkaziladigan «Open art-space» sayli konsepsiyasini ishlab chiqish, Toshkent shahrining brendini yaratish uchun tanlov tashkil etish kabi ishlarni amalga oshirdik. Jamoatchilik kengashining faoliyati va yillik hisoboti bilan gorod.uz sayti orqali tanishish mumkin», deydi Hikmat Abdurahmonov.

Uning aytishicha, Toshkent shahri hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashining asosiy vazifasi shahar hokimi va aholi vakillari o‘rtasida ko‘prik bo‘lish va turli masalalarda ekspertlik fikrlarini berishdan iboratdir.

Toshkent shahrining qiyofasi o‘zgarishi bo‘yicha qanday ishlar qilindi?

Jamoatchilik kengashi raisi shunday deydi: «Yozda Moskvaning yetakchi «Strelka» kompaniyasining vakillari, shuningdek, Turkiya va Fransiya davlatlaridan arxitektura sohasidagi yetakchi mutaxassislar kelishdi.

Dastlab ular shaharning tasdiqlangan bosh rejasi yo‘qligiga e'tibor qaratishdi. Bu Toshkent shahar hokimi tomonidan ham ko‘pgina matbuot anjumanlarida aytib kelinadi. Bosh rejaning yo‘qligi aniqlik va kelajakka ishonch bilan qarashga xalaqit berardi.

So‘nggi yarim yil ichida Toshkent shahar hokimligi va arxitektorlari shu masala ustida ishlashmoqda. Xususan, bunda Toshkent shahrida ko‘proq aholi yashashi uchun sharoit yaratish, infratuzilmaga aniqlik kiritish, bog‘larni tiklash, yo‘llarni to‘g‘rilash va ularni tirbandliklar paydo bo‘lmasligi uchun optimallashtirish bo‘yicha ishlar olib borildi. 2019 yilda, yaqin oylarda shahar bosh rejasi tasdiqlanishi yo‘lida harakatlar bo‘ladi».

Propiska, propiska va yana o‘sha propiska

Hikmat Abdurahmonov poytaxt oldida turgan ko‘p yillik muammo – propiska to‘g‘risida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi: «Jamoatchilik kengashi – tavsiya beradi, biz hech qanday qaror uchun ijroiya organi emasmiz. Bizning asosiy funksiyamiz – birinchidan, ko‘prik funksiyasini bajarish.

Ikkinchidan, bilimlarimizdan foydalangan holda yangi tashabbuslarni amalga oshirishda yordam berishdir. Jahon tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, umuman, propiska degan tushuncha sovetlar davridan qolib ketgan tushuncha. Har bir shaharning rivojlanishi va aholisi soni oshishi bozor iqtisodiyoti omillari asosida o‘zgarib borishi kerak. Toshkent shahrida, albatta, bu muammo bor. U infratuzilmaning cheklanishlarida ko‘rinadi. Toshkent shahri aholisi 2,5-3 million emas, 6 million bo‘lganida nima bo‘lardi deb savol bersangiz, mutaxassislar bu kollapsga olib keladi deb aytishi mumkin. Elektr energiyasi yetishmasligi, infratuzilmaning moddiy va ma'naviy o‘zgarib ketgani kabi sabablar bor. 

Shuning uchun bunga rejali asosda o‘tishimiz kerak. Umuman, 2019 yilda urbanizatsiya, shaharlar aholisining oshib borishi – bu tabiiy tendensiya. Toshkentning bu jarayonga qanchalik tez, balki o‘rta muddatda tayyor bo‘lishini, albatta, raqamlar orqali ko‘rishimiz kerak. Tadqiqot qilishimiz, ilmiy o‘rganishimiz zarur.

Tavsiyam shuki, zamonaviy texnologiyalar orqali bu jarayonni maksimal soddalashtirgan holda olib borish kerak. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish agentligi bor, Toshkent shahrida yana 15ta shunday markaz ochiladi. Menimcha, markazlar tashabbus va o‘zgarishlarning amalda ham tez, ham sifatli kechishiga yordam beradi».

Suhbatni to‘liq shaklda Kun.uz’ning YouTube va Mover’dagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube 

 

Ko‘proq yangiliklar: