Jamiyatda muammolar, yechimini kutayotgan turli darajadagi masalalar ko‘p. Bu muammolar, masalalar haqida har kuni o‘nlab OAV, faollar gapiradi, turli rasmiy, norasmiy davralarda ular haqida so‘z boradi.
Muammolarni gapirishdan maqsad esa uni hukumatga, tegishliligi bo‘yicha mas’ullarga yetkazish. Yechimini ko‘rish.
Bundan 3 yil avval, 2020 yilning 16 aprelida O‘zbekiston prezidenti tomonidan Jamoatchilik palatasi nomli tuzilma tashkil qilinishi haqida farmon chiqarkan, ko‘pchilik xursand bo‘lgandi. Ular bugun yechimini kutayotgan muammolar endi mas’ullarga, prezidentga tezroq yetib borishi, yechimini topishiga ishona boshlagan edi.
Ammo mana, oradan uch yil o‘tyapti hamki, xalq va hokimiyat o‘rtasida ko‘prik bo‘lishi kerak bo‘lgan bu tuzilmadan haligacha darak yo‘q. Farmon chiqishga chiqdi-yu, shu bilan palata haqida barchasi unutilgandek.
Kun.uz muxbirining navbatdagi o‘tkazgan intervyusi Jamoatchilik palatasi, tuzilma faoliyat boshlashi yo‘lidagi to‘siqlar haqida bo‘ldi. Intervyuda siyosatshunos Farhod Tolipov, Demokratiya va inson huquqlari instituti direktori Sayyora Xo‘jayeva va tadbirkor Hikmat Abdurahmonov mehmon sifatida ishtirok etdi.
— Jamoatchilik palatasi nima o‘zi? U qanday maqsadda, kimlardan tuziladi, davlat va jamiyat hayotida ahamiyati qanday, ichki va tashqi zarurati nima?
Dunyoda, demokratik davlatlarda bu kabi tuzilmalarning analogi, qolipi bormi va u nima uchun xizmat qiladi?
Farhod Tolipov:
— Xalq va hokimiyat o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, bog‘lab turish — jamoatchilik palatasining vazifasi. Asosiy ta’rifi shu. Bu kengash orqali jamiyat bilan bevosita muloqot mexanizmi yaratiladi. Bundan tashqari, demokratiyaning asosiy tamoyili bo‘lmish tiyib turish siyosatining bir ko‘rinishi ham.
Biz odatda Sud, Ijro va Qonun chiqaruvchi organlarni tiyib turish mexanizmining asosiy obekti sifatida olamiz, bu — makroyondashuv. Mikroyondashuvda esa mana shu aytilayotgan jamoatchilik palatasi kabi bo‘g‘inlar katta rol o‘ynaydi. Demokratik davlatlarning deyarli barchasida bunday kengash bor, hatto umumiy YeIda bor bunday kengash. Makroyondashuvdagi organlarda ham og‘ishlar kuzatilishi mumkin, shunday paytda jamoatchilik palatalari ular uchun tiyib turuvchi bo‘ladi. Jamoatchilik palatasi bevosita davlat rahbari bilan xalqni bog‘laydi.
Sayyora Xo‘jayeva:
— Xalqaro ekspertlar ham bizdan nima uchun 3 yildan beri jamoatchilik kengashi tuzilmaganini so‘raydi. O‘tgan yili Qozog‘iston ham jamoatchilik kengashi tuzdi.
Bizda bu kengash prezident qoshida tuzilishi nazarda tutilgan, boshqa davlatlarda parlament qoshida bo‘ladi. Kengashda 18 nafar a’zoni prezidentning o‘zi tayinlaydi, yana 18 nafar a’zo esa mahalliy nodavlat, notijorat tashkilotlar tomonidan tavsiya etiladi.
2018 yilda Prezident qarori bilan davlat tashkilotlari qoshida jamoatchilik kengashlari tuzildi. O‘sha paytda Mirzo Ulug‘bek tumanidagi kengashga rais bo‘lib saylanganman men ham. Yaxshi ishladik, lekin o‘sha paytdagi hokim ishdan ketgach, to‘xtab qoldi bu narsa. Shaxsga ham ko‘p narsa bog‘liq ekan. Nima uchun 3 yildan beri tuzilmayotganini aniq bilmayman. Lekin bu narsa juda yaxshi natijalarga olib kelardi.
Hikmat Abdurahmonov:
— Turli rivojlangan davlatlarda kuzataman. Ularda jamoatchilik bilan muloqot qiluvchi bunday tuzilmalar ko‘p va xilma-xil. 2017 yilda men ham Toshkent shahar hokimligidagi jamoatchilik kengashida ishlaganman. Xalq bilan muloqot masalasi kun tartibiga chiqqan paytda ko‘tarildi bu g‘oya ham.
Fuqarolar bilan muloqot qilish, ularni eshitish turli shaklda bo‘lishi mumkin. Lekin buni kun tartibga qo‘yish, muammolarni tizimlashtirish muhim bo‘ladi. Jamoatchilik palatasi — yaxshi g‘oya, lekin ko‘p narsa umid qilish qiyin, chunki tiyib turish mexanizmi ishlamasa, bu palata ham yordam berolmaydi. Bundan tashqari, shaxs omili ham muhim. Aytilgan muammolar yechilmasa, kengash a’zolarining ham tezda hafsalasi so‘nadi.
— Men yuqorida Jamoatchilik palatasi tuzilgani-yu, o‘tgan vaqt davomida unutib yuborilgani haqida aytdim. Sizlar balki hokimiyat harakatlarini tushunib, taxmin qilib, balki tajribangizdan kelib chiqib, ayting-chi, Jamoatchilik palatasi nega unutildi?
Bu nima, qo‘rquvmi, hafsalasizlikmi yo shuncha institutlar ishlamayapti-yu, bu nima berardi, degan bir tafakkurmi? Unday bo‘lsa, farmon nega chiqdi?
Farhod Tolipov:
— O‘tgan yili dekabr oyida Prezident siyosiy tizimda qo‘l boshqaruvi shakllanib qolganini aytdi. Davlat organlari, tashkilotlar qonun-qoidalar o‘rniga sub’yektiv omilni ustun qo‘yadi bunday boshqaruvda. Prezident aralashmasa, ishlamay qolaveradi.
Prezident aytgan qo‘l boshqaruvi barcha tarmoqlarga ta’sir qildi. Mana shu omil ham bir sabab bo‘loladi Jamoatchilik palatasi ishlamayotganiga. O‘zi umuman qo‘l boshqaruvi yuzaga kelishi yuzasidan ham savollar bor. Deylik, kadrlar masalasi, korrupsiya va boshqalar. Bundan tashqari, demokratlashishga intilayotgan davlatda konservativ kuchlar ham bo‘ladi. Bu ikki kuch o‘rtasidagi kurash ham bor. Reformalarni istamayotgan kuchlar ham yo‘q deyolmaymiz.
Bizda qabul qilingan qonunlar, qarorlar juda to‘g‘ri va demokratik tamoyillarga javob beradi. Lekin amalda ijro boshqacha. To‘g‘ri, rivojlangan mamlakatlarda ham qonun va amaliyot masalasi bor, lekin ko‘p emas. Bizda esa bu muammo ancha katta. Umuman, shu kabi omillar bizda jamoatchilik palatasi tuzilmaganiga sabab bo‘lyapti.
Sayyora Xo‘jayeva:
— Prezidentimiz 2016 yildan beri anchagina yaxshi qarorlar chiqardi fuqarolik jamiyati borasida. Lekin ijro etish masalasida oqsalyapti. Prezidentning 2018 yildagi qarori surilib-surilib, hali ham bajarilgani yo‘q. Hatto xalqaro forumlarda ham aytildi bu muammo.
Menimcha, masala baribir kadrlar salohiyati, potensialiga borib taqaladi. Qo‘rquv ham yo‘q emas. Jamoatchilik kengashi a’zolari Prezidentga haqiqatni aytadigan bo‘lsa, vaziyat boshqacharoq bo‘ladi. Chunki prezidentga doim ham ochiqcha hammasini aytaverishmasa kerak. Ishning bunday cho‘zilib ketishi — xalqaro hamjamiyat oldida kulgi bo‘lish. Biz ham rivojlangan davlatlardagi kabi kengash yaratishimiz mumkin.
Xalqning e’tibori ko‘proq jamoatchilik kengashiga qaratilishidan qo‘rqishyapti. Fuqarolik institutlaridan doim qo‘rqishgan. Masalan, biz, fuqarolik institutlari Vazirlar Mahkamasining qaroriga qarshi chiqdik. Vazir o‘rinbosari bizni chaqirib, sizlar inqilob qilmoqchisiz, degan gaplarni aytdi. To‘g‘ri, hamma joyda hokimiyat o‘zini himoya qilishga harakat qiladi, lekin bizdagidek bu darajada emas. Yevroparlament ham tanqid qildi O‘zbekistonda fuqarolik institutlariga bosim bo‘layotganini. Himoya qilish Adliya vazirligining ishi, lekin hozir Adliya vazirligining o‘zi fuqarolik institutlarini dushman deb bilyapti, menimcha. Hokimiyatdagilar xohlaydimi, yo‘qmi, fuqarolik institutlarining kuchi, ta’siri bo‘ladi baribir.
Hikmat Abdurahmonov:
— Davlat organlarida ishlaydigan do‘stlarimni kuzataman, o‘zlari ham aytishadiki, bosim juda katta, ko‘p ishlashadi, ko‘p funksional ish bajarishadi. Qo‘shimchasiga jamoatchilik kengashi nazorati ularga ham yoqmaydi. Shuning uchun davlat tomonidan xodimlarning funksiyalarini kamaytirish muhim. Demokratik jamiyatlarda ko‘p masalalarni fuqarolarning o‘zi hal qiladi. Bu jarayonda eng samaralisi notijorat tashkilotlar. Biz anglab olishimiz kerakki, mamlakatdagi muammolar faqat ijro hokimiyatiga tegishli emas. Chet elda ko‘p muammolar xususiy sektor orqali hal etiladi. Masalan, oliy ta’limda xususiy OTMlarga ishonch bildiryapti davlat. Boshqa sohalarda ham xuddi shunday qilish mumkin.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.