1 martdan davlat mulki obektlari uchun to‘lovlar to‘lashning yangi muddatlari joriy etiladi

Iqtisodiyot 08:00 / 20.02.2019 17903

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Davlat mulki obektlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining: 

a) 2019 yil 1 martdan shunday tartib o‘rnatiladiki, unda agar O‘zbekiston Respublikasi prezidenti hujjatlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoxud Davlat tender komissiyasining qarorlari bilan boshqacha tartib o‘rnatilmagan bo‘lsa, davlat ko‘chmas mulk obektlari va davlat ulushlari uchun sotib olish to‘lovlarini to‘lashda, savdolar o‘tkazilgan sanadagi belgilangan eng kam ish haqi (EKIH) baravari miqdorida hisoblanadigan sotib olish to‘lovlari miqdoridan kelib chiqqan holda, sotib olish to‘lovlarini to‘lashning quyidagicha belgilangan muddatlarini joriy etish: 

EKIHning 3 000 baravarigacha – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab uch oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda; 

EKIHning 3 000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 7 000 baravaridan ko‘p bo‘lmaganda – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab olti oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda; 

EKIHning 7 000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 15 000 baravaridan ko‘p bo‘lmaganda – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda; 

EKIHning 15 000 baravaridan yuqori, lekin EKIHning 20 000 baravaridan ko‘p bo‘lmaganda – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab ikki yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda; 

EKIHning 20 000 baravaridan yuqori bo‘lganda – oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab uch yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda; 

b) “Kvars” AJ ustav kapitalidagi 20 foiz davlat aksiyalari paketini bosqichma-bosqich fond birjasida ikkilamchi SPO o‘tkazish orqali, dastlab 2019 yilning iyun oyida aksiyalar paketining 5 foizini sotuvga chiqargan holda savdoga qo‘yish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi. 

Davlat tender komissiyasiga, istisno tariqasida, xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat aksiyalari (ulushlari) paketlarini oldi-sotdi shartnomalarini qimmatli qog‘ozlar savdolari tashkilotchilarining savdo maydonchalaridan tashqarisida ro‘yxatdan o‘tkazgan holda tanlov o‘tkazish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish orqali sotishga ruxsat berildi. 

Belgilab qo‘yilishicha: 

1 so‘mga teng qiymatdagi boshlang‘ich narx bo‘yicha “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida sotilgan davlat mulk obektlariga doir investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish xaridor tomonidan o‘z zimmasiga olingan mahsulot (xizmatlar) ishlab chiqarishning boshlanishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishini nazarda tutuvchi majburiyatlar bajarilgandan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;

erkin ayirboshlanadigan valutada sotish uchun savdoga chiqarilgan va savdoda turgan davlat aksiyalari paketlari savdolardan olinishi, ularning milliy valutadagi qiymati aniqlangan holda qayta baholanishi va milliy valutada takroriy savdolarga chiqarilishi lozim; 

xo‘jalik jamiyatlari ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketlari qonunchilikda nazarda tutilgan to‘lov muddatlarini uzaytirish va chegirmalar taqdim etish mexanizmlari qo‘llanilmagan holda sotiladi; 

vakolatli davlat organlari qarorlari bo‘yicha sotilgan davlat mulki obektlarining oldi-sotdi shartnomalarini majburiy ravishda notarial tasdiqlash talab etilmaydi. 

Ko‘proq yangiliklar: