Kun.uz savollariga iqtisodchi Yuliy Yusupov javob berdi
— Joriy yilning 25 fevralidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qiymati 100 ming so‘m bo‘lgan banknotdan iborat yangi pul belgilarini muomalaga chiqarmoqda. Bu nima uchun qilinmoqda?
— Agar eslasangiz, bor-yo‘g‘i bir necha yil muqaddam O‘zbekistonda eng katta banknot ming so‘mlik pul edi. 5 ming so‘mlik pul paydo bo‘lganida, ular yetmay qoldi. Eslab ko‘ring-a, xarid qilishda qanday qiyinchiliklar mavjud edi: bozorga pul to‘ldirilgan sumka ko‘tarib borishga to‘g‘ri kelardi. Endi davlat va banklarga ham tonnalab pullarni ishlab chiqarish va tashish nechog‘lik qiyin bo‘lganini tasavvur qiling. Bu tonnalarni chop etish uchun qancha qog‘oz, bo‘yoq, yana transport xarajatlari ketardi? Ulkan hajmdagi banknotlarni sanashning o‘ziga qancha elektr energiyasi sarf bo‘ladi? Yangi banknotalar paydo bo‘lishidan avvalgi yillarda banklarda hattoki pullarning bog‘lamini yechmasdan qabul qilish odat tusiga kirgan edi: ularni sanashga kuch ham imkoniyat ham yetishmasdi.
Yirikroq nominaldagi kupyuralar (10.000, 50.000 va endi 100.000 so‘m)ning chiqarilishi aholining ham, tijorat banklarining ham turmushini yengillashtiradi, naqd pullarni ishlab chiqarish xarajatlarini sezilarli tarzda qisqartiradi.
Men yirik bitimlarni hisob-kitob qilishda va omonat qilib saqlash uchun yanada yirikroq nominaldagi kupyuralar chiqarilsa yomon bo‘lmasdi, deyman. Agar bizning yaqin qo‘shnilarimiz bilan solishtirilsa, bizning eng yirik kupyuramiz ham dollarga chaqilganda eng kichik qiymatga ega ekanligi ayon bo‘ladi. Farq eng kamida 4 barobarni tashkil etmoqda. Masalan, Rossiya va Qirg‘izistonda eng yirik kupyuralar qiymati bo‘yicha qariyb 75 AQSh dollariga teng, Qozog‘iston va Tojikistonda — 53 AQSh dollari, bizning bir yuz ming so‘mlik kupyuramiz esa 12 dollardan ham pastroq qiymatga ega.
Kupyuralarning maksimal nominali va ularning AQSh dollaridagi qiymati
Markaziy bank bozor talablarini inobatga olib, kichik nominaldagi kupyuralar va tangalar tanqisligi yuzaga kelmasligi uchun milliy valuta nominallari tuzilmasida proporsiyalarga rioya qilishi boshqa gap.
— Yirikroq nominaldagi kupyuralarning muomalaga chiqarilishi inflatsiyani kuchaytiradi, degan hadiklar ham yo‘q emas. Bu hadiklar nechog‘lik o‘rinli?
— Bunday hadiklar o‘n ming so‘mlik va ellik ming so‘mlik pullar muomalaga chiqarilganida ham yangragan edi. Bu hadiklar hech bir obektiv asosga ega bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham.
Yirikroq kupyuralarning chiqarilishi — sof texnik jarayondir. Umumiy pul massasi (aynan uning o‘zgartirilish inflatsiyaga ta'sir o‘tkazadi) bu jarayon tufayli o‘zgarmaydi.
Qog‘oz pullar doimiy ravishda eskirib turadi va bir necha oy ichida bir marta ular yangilariga almashtirilib turiladi. Aynan mana shu tabiiy yangilanish jarayonida yangi nominallar muomalaga chiqariladi.
Keling, o‘zi kupyuralar muomalada qanday paydo bo‘lishini qarab chiqaylik. Markaziy bank ularning so‘rovlariga ko‘ra tijorat banklariga naqd pul jo‘natadi. Tijorat banklarining so‘rovlari esa aholi va korxonalarning naqd pul yechib olishga bo‘lgan so‘rovlari hosilasidir. Yangi, yirikroq qiymatdagi pulning paydo bo‘lishi bu so‘rovlarning hajmiga qanday ta'sir o‘tkaza oladi? Hech qanday. Faqatgina jo‘natilayotgan kupyuralar tuzilmasida o‘zgarish sodir bo‘ladi: bu tuzilmada yuz ming so‘mlik banknota ham paydo bo‘ladi. Faqat shu. Umumiy pul massasi hajmi o‘zgarmaydi, binobarin, inflatsiya kuchaymaydi.
Nazariy jihatdan faraz qilish mumkinki (amalda buning ehtimoli juda kam), yuz ming so‘mlik kupyura chiqarilishi bilan undan omonat mablag‘i sifatida foydalanish uchun aholi tomonidan naqd pulga bo‘lgan talab orta boshlaydi. Hattoki shu holatda ham inflatsiya kuchaymaydi, narxlarning o‘sishiga xarajatlarning oshishi ta'sir o‘tkaza oladi, lekin uylarda saqlanayotgan pullarning hajmi oshishi emas.
Yuqoridagilardan «endi umuman inflatsiya bo‘lmas ekan», degan fikrga ham kelmaslik kerak. Inflatsiya paydo bo‘lishining o‘z sabablari bor va bu yangi pul ishlab chiqarish bilan bog‘liq emas. Gap yangi kupyuraning muomalaga kiritilishi inflatsiyani kuchaytirmasligida.