Soliq siyosatida yuz berayotgan o‘zgarishlar, jumladan kichik sanoat zonalari bilan kechayotgan holat e'tiborimizni tortdi. Bu haqda bir qancha maqolalar e'lon qilindi. Muxtasar qilib aytganda, kichik sanoat zonalarini boshqaruvchi direksiya ─ davlat unitar korxonalari 2019 yildan e'tiboran yer, suv, mulk va qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisiga aylandi.
Bu bilan ularning xarajatlari ortib bormoqda. Xususan, Yakkasaroy kichik sanoat zonasi DUKning soliq xarajatlari 19 baravarga oshgan bo‘lib, uning tadbirkorlarga ko‘rsatayotgan xizmat narxlari 500 baravarga ortgan.
Video: Mover (tas-ix)
Video: Youtube
Bu xususida tadbirkorlar quyidagi fikrlarni bildirishdi:
«Fevral oyidan beri Yakkasaroy kichik sanoat zonasida faoliyat yuritib kelaman. Qadoqlash mahsulotlari uchun qoliplar ishlab chiqaramiz. 2014 yilda ishlab chiqarishni boshlagan vaqtimizda hukumat tomonidan kichik sanoat zonalarini ochish bo‘yicha qulay sharoit va ijara asosida binolar taqdim etilgan edi.
Bu soha hech bir o‘quv yurtida o‘rgatilmaydi, u faqat tajribaga asoslanadi. Asosan 25 yoshgacha bo‘lgan bolalar ishlaydi. Maktabda o‘qib yurgan chog‘idanoq biz bilan ishlayotganlar, oila qurganlar ham bor.
Ishchilarning ish sharoitini yaxshilashga doimo harakat qilamiz. Binoda ish boshladik, ijara xarajatlarini ham to‘ladik, 2019 yilga kelib esa kichik sanoat zonalarining xarajatlari keskin oshdi. Bu kichik sanoat zonasiga yuklangan soliqning 19 baravar, ya'ni o‘tgan yili 1 milliard, hozir esa 19 milliard oshganligi va xarajatlarning ko‘payganligi bilan bog‘liq deb ko‘rsatishdi.
Bu holat mahsulot tannarxining ham keskin ortishiga olib keladi. Kichik sanoat zonalari uchun belgilangan yer, mulk va boshqa soliqlarni qayta chuqur o‘rganib, ko‘rib chiqishlarini, yengillik berilishini istardik. Yana o‘n yil ishlashlaringiz mumkin, deb va'da qilishgan. Hozir xususiylashtirish imkoniyatlari berilyapti. Biz shu yerda ishimizni davom ettirmoqchimiz. Ishlab chiqarish tushumlarini ko‘paytirmoqchimiz, ish o‘rnini 100tadan oshirmoqchimiz», ─ deydi ulardan biri.
Boshqa tadbirkor esa 4-5 yil ichida DUK juda ko‘p ta'mirlash ishlarini bajargani, endilikda texnopark tomonidan ham, korxonalarning o‘zi ishtirokida ham yo‘llar to‘liq ta'mirlanganini aytdi. Ammo xarajat nega oshganini u ham bilmaydi.
─ Bizning faoliyatimiz 3D printer ishlab chiqarish bo‘lib, shu bilan birga, Yashnobod innovatsion parkining rezidenti hisoblanamiz. Bu yangi yo‘nalish hisoblanadi. Yashnobod sanoat zonasidagi sharoitlar, ijara va soliq xarajatlari bizga ma'qul kelgandi, aynan shu yo‘nalishda ishlab, uni rivojlantirishga biz uchun zamin bor edi. Lekin hozirgi kunga kelib, Yakkasaroy kichik sanoat zonasidagi ekspluatatsiya xarajatlari deyarli 5 baravar oshib ketganligi qiyinchilik tug‘dirmoqda. Chunki 3D printerlardan foydalanish hali ommalashmagan, uning sotilishi uzluksiz emas, donada ishlab chiqaramiz. Xarajatlarning ortganligi mahsulot har bir donasining narxiga ta'sir qiladi, tannarx oshib ketadi. 4-5 yil ichida juda ko‘p ta'mirlash ishlari bajarilgan. Texnopark tomonidan ham, korxonalarning o‘zi ishtirokida ham yo‘llar to‘liq ta'mirlangan, binolarning fasadlari bo‘yalgan, ta'mirtalab binoning o‘zi qolmagan. Ammo hozirgi xarajatlar ro‘yxatida 6 mlrd so‘m ta'mir ishlari uchun deb belgilangan. Bu juda katta miqdor, uni kamaytirish kerak.
«Tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman. O‘zbekistonda mebel furniturasini ishlab chiqarishni boshlagan dastlabki firmalardan bo‘lganmiz. Mebel furniturasini chetdan olib ketish ancha kamaygan, mahalliy mahsulotdan foydalanish sezilarli darajada ortgan. Lekin biz hozir o‘zimizni aldangandek his qilyapmiz.
Men nafaqat o‘zim haqimda, balki shu sanoat zonasidagi barcha tadbirkorlar haqida gapiryapman. Bizga 10 yil muqim ish sharoiti haqida va'da berishgandi. Jamoa yig‘dik, pul tikdik, kelajagimizga ishonib ish boshladik. Hozir esa xarajatlarni 5 baravarga oshirishyapti, bu faoliyatimizga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Ehtimol, ish o‘rinlarini qisqartirishimizga to‘g‘ri kelar... Xullas, ishning keyingi borishi katta so‘roq ostida. Agar bu zonadan ko‘chib ketishga to‘g‘ri kelib qolsa, faoliyatimni butunlay to‘xtatishga ham majbur bo‘lishim mumkin. Boshqa joyga ko‘chish katta mehnat va qo‘shimcha pul talab qiladi. Ko‘pgina tadbirkorlar firmasini yopishdan boshqa chorasi qolmaydi», ─ zona ishtirokchisi bo‘lgan tadbirkor.
Kichik sanoat zonasida turli yo‘nalishda ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar ish boshlagan. Ularning biri energetika tizimlari uchun qismlar ishlab chiqaruvchi korxona rahbari Xurshid Matmurodov.
─ Elektroqurilmalar ishlab chiqaramiz. 2013 yilda ish boshlaganmiz. Korxona ochilganda DUK hududi juda yomon holatda edi. Bor kuchimizni yo‘naltirib, ishchi kuchi, qurilma olib kelib, vaziyatni yaxshiladik. 2019 yilga kelib hali aniq narx-navo haqida gap yo‘q, lekin Yakkasaroy kichik sanoat zonasi rahbari Ilhom akaning aytishicha, 8000-7800 so‘m atrofida o‘ynab turibdi. Tadbirkorlarga aniq hisob-kitoblarni ko‘rsatishgani yo‘q.
Qandolat ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor esa «boltadan tayyor bo‘lgan sho‘rva» haqida so‘zlab berdi.
─ 2011 yildan beri korxonamiz faoliyat ko‘rsatadi. Qandolat mahsulotlari ishlab chiqaramiz. Shartnomada 10 yil davomida ijara haqqi oshmasligi ko‘rsatilgan edi. «Sizlarga tegishmaydi, rivojlanib olasizlar», degan gapga qiziqib ish boshladik. 1,5-2 yildan beri turli muammolarni hal qilish bilan vaqt o‘tkazdik.
Qandolat savdosi shunaqaki, bozordan bir chiqib ketsangiz, qayta kirish qiyin. Muammolar yuzaga kelsa ham, ijarasi, ekspluatatsiya xarajatlari arzon, deb o‘zimizni ovutardik. Bunaqa narx qo‘yadigan bo‘lishsa, bizga qiyin bo‘ladi, sinishimiz hech gap emas. Davlatning rivojlanishi uchun qilinmaganmi bu loyiha? 10 yil uchun hisob-kitobni qilishgan, oxirigacha shu 1640 so‘m narxga tegishmasin endi. Faqat men emas, qancha tadbirkor soliq to‘layapti, ish o‘rni yaratyapti. Endi tarvuzimiz qo‘ltig‘imizdan tushib, qolaveramizmi? Bu yerga kelib, hozirgi vaziyatga erishguncha «boltadan sho‘rva» qildik o‘ziyam.
─ «Osiyo saxovat» korxonamiz 2014 yilda birinchilardan bo‘lib shu texnopark hududida tashkil etilgan. Vaziyat juda abgor, qo‘rqinchli filmlar suratga olinadigan maydonchaga o‘xshardi. Faoliyatimiz oshxona mebellari ishlab chiqarishga asoslangan. Hozirga kelib ijara masalasi katta muammo bo‘lib turibdi. Narxni 6600 qilib belgilashadi, degan gap yuribdi. Texnoparkning hududi juda katta, 62 gektarni tashkil qiladi. Yillik yer solig‘ining o‘zi 3,5 milliard so‘mga teng keladi. Binolar ko‘p, mol-mulk solig‘i ham anchaga borib qoladi. Chetdan keltiriladigan import tovarlardan qolishmaydigan mahsulot ishlab chiqarishimiz mumkin, lekin tannarx oshgani hisobiga narxi ham qimmatlashadi.
Chet davlatlardan, Qozog‘iston, Qirg‘izistondan takliflar bo‘lyapti. Kelinglar, joy qilib beramiz, binoni ham qurib beramiz. Bizda ishlab chiqarish rivojlanmagan hududlar bor, kelib rivojlantiringlar, deyishyapti. Ijara muammosi hal bo‘lsa, albatta, shu yerda qolib, o‘z mamlakatimizga foyda keltirishni istaymiz.
Sangtarosh usta esa hali ish faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ham ulgurmagani haqida gapirdi.
─ Toshlardan ishlov berib, marmar gullar tayyorlash bilan shug‘ullanamiz. Bir yildan beri ta'mir ishlarini olib borayotgandik. Ish boshlaganimizga 4-5 kun bo‘ldi. Binoning tomlari umuman yo‘q, atrofda chiqindi bor edi, hammasini o‘z cho‘ntagimizdan pul chiqarib to‘g‘riladik. Endi ish boshlaymiz deb turganda to‘lovlarimiz 5 baravarga oshib ketdi.
Qurilmalarni olib kelib, joylashtirsak, nima bo‘ladi, o‘zini oqlaydimi, qarzga tushmaymizmi, sarflagan pulimizni chiqarib olishning imkoni bormi, deb o‘ylanib turibmiz. Hech bo‘lmasa, sarflagan pulimizni chiqarib olguncha narxlarni tushirishlarini iltimos qilardik. Narxlarning bunday o‘zgarishi bankrotlikka olib keladi xolos.
Mazkur masala yuzasidan Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev shunday dedi:
«Jahon tajribasini ko‘radigan bo‘lsak, sanoat zonalari tadbirkorlikni maksimal eksportga yo‘naltirish uchun tashkil qilinadi. O‘sha zonada ishlaydiganlar hamma soliqlardan ozod qilingan, bemalol eksport qilib, raqobatbardosh sub'yektga aylanishi kerak. Eksport bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarni hamma soliqlardan ozod qilish borasida Moliya vazirligi bilan ish olib boryapmiz. Ichki bozorga mahsulot sotadiganlar esa hamma soliqlarni to‘laydi. Bu erkin iqtisodiy bozordagilarning aksariyati mahsulotini ichki bozorga sotyapti. Eksport bilan shug‘ullanayotganlar kam. Shu nuqtai nazardan kichik sanoat zonalarining faoliyatini, ularga belgilangan soliqlarni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak».
─ Bu yerda nafaqat eksportga yo‘naltirilgan tovarlar, balki import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ham ishlab chiqariladi. Kichik sanoat zonalari o‘rta va kichik tadbirkorlik uchun berilgan, ularga imtiyozlar bor, soliqlardan ozod etilgan. Lekin zonani boshqarayotgan direksiyaning o‘zida soliq yuki baland.
─ Biz eksportga yo‘naltirilgan sohani rivojlantirishni aniq maqsad qilib olishimiz kerak. Import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish esa kichik soha, unda rivojlanish zo‘r bo‘lib ketishi kamdan-kam uchraydi. Eksport bilan shug‘ullanadigan korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Ular ham ichki, ham tashqi bozorda raqobatbardosh bo‘lishi kerak. Import o‘rnini qoplaydigan sohani qo‘llab-quvvatlaymiz, deb ancha yillar imtiyoz berdik, lekin rivojlantira olmadik, samara ko‘rinmadi.
Qars ikki qo‘ldan chiqadi, davlat soliq qo‘mitasi o‘z pozitsiyasini qat'iy belgilab olgan. Tadbirkorlar esa masalaning boshqa xatarli tomonlarini ko‘rmoqda. Menimcha, barchasi bozorda hal bo‘ladi, kimning tutgan yo‘li haq ekanligini bozor aniqlab beradi.
Alisher Ro‘zioxunov