AQSh Demokratik partiyasidan senator Berni Sanders 2020 yilgi AQSh prezidenti saylovlarida ishtirok etishini e'lon qildi. Sanders 2016 yilgi saylovlarda ham demokratlar nomidan ishtirok etgan, biroq o‘sha kampaniyani partiya ichidagi saylovlarda Xillari Klintonga yutqazib qo‘ygan.
“Oq uyning hozirgi “egasi” mamlakatimiz uchun sharmandalik, deb hisoblayman. O‘ylashimcha, u irqchi, yolg‘onchi, ksenofob, arzon siyosiy ballar to‘plovchidir”, deb aytgan Sanders VPR radiostansiyasiga bergan intervyusida.
Sandersning aytishicha, u saylovlarda Donald Trampning o‘rnini egallash uchun ishtirok etmoqchi. Nomzod hamma uchun hamyonbop sog‘liqni saqlash tizimini kiritish, eng kam ish haqi miqdorini oshirish va davlat oliy ta'lim muassasalarida bepul oliy ta'limni joriy qilishga va'da bermoqda.