2019 yilning yanvar oyida respublika korxonalari tomonidan 22,1 trln. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘tgan yilning tegishli davriga nisbatan sanoat ishlab chiqarish indeksi 6,9 %ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Jami sanoat ishlab chiqarish hajmi o‘sishining asosiy omili bo‘lib, tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash – 5,3%ga, ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoat - 7,5%ga, elektr, gaz, bug‘ bilan ta'minlash va havoni konditsiyalash - 4,2%ga va suv bilan ta'minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni utilizatsiya qilish – 13,5%ga o‘sishi hisoblanadi.
Tog‘-kon sanoati va ochiq konlarni ishlash korxonalari tomonidan 2019 yilning yanvar oyida ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 4,1 trln. so‘mni yoki jami ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmining 18,7%ni tashkil etdi.
2019 yilning yanvar oyida ishlab chiqaradigan sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 15,8 trln. so‘mni yoki jami sanoat mahsulotlarining 71,2%ini tashkil etdi.
Elektr, gaz, bug‘ bilan ta'minlash va havoni konditsiyalash korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 2,0 trln. so‘mni (jami ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmining 9,2%ni) tashkil etdi.
Suv bilan ta'minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni utilizatsiya qilish korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 197,6 mlrd. so‘mni (jami ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari hajmining 0,9%ni) tashkil etdi.
Tayyor mahsulotlar turlarini kengaytirish va ishlab chiqarilishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirib kelinayotgan chora-tadbirlar natijasida iste'mol tovarlar ishlab chiqarish hajmi 6,1 trln. so‘mni tashkil etdi va 2018 yilning yanvar oyiga nisbatan 18,4%ga o‘sishni ta'minladi, jami sanoatdagi ulushi esa 27,6%ni tashkil etdi.
Hisobot davrida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan 7,8 trln. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Hisobot davrida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi 35,1%ni tashkil etdi.
Respublika sanoat ishlab chiqarish hajmi tarkibida eng ko‘p Toshkent viloyati (respublika sanoat ishlab chiqarish hajmning 15,8%), Toshkent shahri (14,3%), Navoiy (14,3%), Andijon (10,2%), Qashqadaryo (7,1%) va Farg‘ona (5,8%) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning tabaqalanishi tahlili Navoiy viloyatida (3267,4 ming so‘m), Toshkent shahrida (1273,8 ming so‘m), Toshkent (1216,1 ming so‘m) va Andijon (740,0 ming so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasi ko‘rsatkichidan (671,8 ming so‘m) ancha yuqoriligini ko‘rsatmoqda. Respublika bo‘yicha aholi jon boshiga iste'mol tovarlari ishlab chiqarilishi 185,2 ming so‘m bo‘lgani holda Andijon viloyatida 567,3 ming so‘mni, Toshkent shahrida 491,6 ming so‘mni, Navoiy viloyatida 173,4 ming so‘mni, Toshkent viloyatida 165,6 ming so‘mni va Sirdaryo viloyatida 164,6 ming so‘mni tashkil etdi.
Hisobot davrida kichik tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan 5,9 trln. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Hisobot davrida kichik korxonalarning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi 26,5%ni tashkil etdi.
Hududlar kesimida kichik biznesning sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi eng yuqori ulushi Toshkent shahrida (jami sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi 73,0%), Namangan (58,7%), Jizzax (50,1%), Samarqand (43,3%), Surxondaryo (36,4%), Sirdaryo (34,4%) va Farg‘ona (27,6%) viloyatlarida kuzatildi.
Bugungi kunda respublikada 59,0 mingta sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 13,7 mingtasi (mavjud korxonalar umumiy sonining 23,2%) Toshkent shahriga, 6,5 mingtasi (11,0%) Farg‘ona viloyatiga, 6,2 mingtasi (10,5%) - Toshkent viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.
2019 yil yanvar oyida Respublikada 2424 ta yangi sanoat korxonalari tashkil etildi, ularning 55,1 foizi Toshkent shahri, Buxoro, Toshkent, Samarqand va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi.