Gurjiston hukumati 2028 yil oxirigacha YeIga qo‘shilish bo‘yicha muzokara o‘tkazmasligini bildirdi

Jahon 20:43 / 28.11.2024 1402

Gurjiston 2028 yil oxiriga qadar Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralardan bosh tortmoqda. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ma’lum qildi.

«Biz 2028 yil oxiriga qadar Yevropa ittifoqi bilan muzokaralarni boshlash masalasini kun tartibiga qo‘ymaslik bo‘yicha qaror qabul qildik», — deydi Kobaxidze.

Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Gurjiston, shuningdek, YeI tomonidan beriladigan har qanday budjet grantlaridan ham voz kechadi. Uning ta’kidlashicha, 2028 yil oxiri bu — Gurjiston iqtisodiy nuqtayi nazardan 2030 yilda YeIga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyor bo‘ladigan muddat.

Kobaxidze, shuningdek, Gurjiston va YeI o‘rtasidagi munosabatlar ikki tomonlama ekani hamda shunday qolishini ma’lum qildi.

«Biz mag‘rur va uzoq tarixga ega, o‘zimizni hurmat qiladigan xalqmiz, shu bois YeI integratsiyasini Yevropa Ittifoqi bizga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan iltifot sifatida ko‘rib chiqish mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi», — deydi bosh vazir.

2024 yil iyulda Yevroittifoq Gurjistonning blokka qo‘shilish jarayonini to‘xtatib qo‘ygan edi. Bu boradagi qaror Gurjistonda «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonun qabul qilinganidan ko‘p o‘tmay e’lon qilindi. Rossiya qonunlarining muqobili ekani aytilgan ushbu qonun «Gurjiston orzusi» hukmron partiyasi tashabbusi bilan qabul qilingan.

26 oktyabr kuni Gurjistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, hukmron «Gurjiston orzusi» yetakchilik qildi. Prezident Zurabishvili hamda muxolifat natijalarni tan olmadi. AQSh Davlat departamenti esa xalqaro kuzatuvchilar xulosalarini tekshirishga chaqirdi.

Noyabr boshida ovoz berish maxfiyligi buzilganligi sababli 30 ta saylov uchastkasida saylov natijalari bekor qilindi. Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi 53,9 foiz ovoz olib, parlament saylovlarida rasman g‘alaba qozondi.

Ko‘proq yangiliklar: