Narxlar o‘sishiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy nomonetar omillar ma'lum qilindi

Iqtisodiyot 10:28 / 15.02.2019 12843

Markaziy bank 2019 yilda narxlar darajasiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy nomonetar omillarni e'lon qildi. Bu haqda MBning pul-kredit siyosati sharhida aytilgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda inflatsiya dinamikasiga to‘rtta omil ta'sir qilishi mumkin. Birinchi navbatda, bu iqtisodiy islohotlarni kuchaytirish. U investitsiya jarayonlarini jadallashtirishga olib keladi. Bu esa mahalliy mahsulotlarga talabning oshishi, narxlarga bosimni yuzaga keltiradi.

Shuningdek, investitsiyalarni jalb qilish import mahsulotlariga talabning oshishi, xorijiy valutaga talabning ortishiga olib keladi. Bu valuta kursiga bosimni yuzaga chiqaradi, natijada import narxlari o‘zgarishi mumkin.

Yana bir omil - tartibga solinadigan narxlarni liberallashtirish. Energiya resurslari narxlarini ularni ishlab chiqarish rentabelligi darajasigacha olib chiqish mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari tannarxi hamda xarajatlarining oshishi olib keladi, bu narxlarga bosimni yuzaga keltiradi. 

Uchinchi omil - ob-havo va iqlim sharoitlari. Aynan esa - ob-havo va iqlim sharoitlarining asosiy iste'mol mahsulotlari narxlari bilan yuqori korrelyatsiyasi, shuningdek, suv resurslari va unumdor yerlarning cheklanganligi hamda ma'lumotlarning yuqori nosimmetrikligi. Bularning bari, MB fikricha, oziq-ovqat tovarlari narxlariga mavsumiy bosimga olib kelishi mumkin.

So‘nggi omil - soliq islohoti. U norasmiy aylanmani qisqartirish va soliq yukini odilona taqsimlanishi maqsadida soliqqa tortishdagi o‘zgarishlarni nazarda tutadi. Narxlarga norasmiy aylanmaga ega bo‘lgan kichik biznes uchun soliq yukining oshishi ta'sir ko‘rsatishi mumkin, aylanmani yashirish orqali soliqlardan qochish esa naqd va naqdsiz hisob-kitoblar o‘rtasidagi tafovutga olib keladi.

Shuningdek, soliqlardan qochish naqd xorijiy valutaga talabning oshishini keltirib chiqarishi mumkin, bu valuta kursiga hamda import narxlariga bosimni keltirib chiqaradi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2018 yilning IV choragida so‘m necha foizga qadrsizlangani ma'lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: