Zangiotadagi 235 metrlik ikkita antenna machtasi demontaj qilindi

Fan-texnika 12:08 / 14.02.2019 13802

13 fevral kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani Quyoshli qo‘rg‘onida joylashgan balandligi 235 metrlik ikkita antenna machta inshooti murakkab uslubda demontaj qilindi. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2002 yilda uzun va o‘rta to‘lqinlarda radioeshittirishlar to‘xtatilganidan buyon ushbu antenna machta inshootlari ishlatilmayotgandi.

Ulkan antennalarning demontaj qilish ishlari oldidan ushbu hudud aholisi ogohlantirilib, tuman hokimligi, favqulodda vaziyatlar va ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi bo‘limlari, tez tibbiy yordam, elektr va gaz ta'minoti xizmati mutaxassislarini jalb etgan holda, barcha ehtiyot va xavfsizlik choralari ko‘rilgan. Ushbu antennalar joylashgan mazkur hudud endi Mudofaa vazirligi tasarrufiga o‘tkazilib, bu yerda zamonaviy harbiy shaharcha qad ko‘taradi.

Foto: mitc.uz

O‘tgan asrda radioeshittirish tizimlari asosan uzun va o‘rta to‘lqinlarda, qisman qisqa to‘lqinlarda tashkil etilar edi. Toshkent viloyati Zangiota tumani Quyoshli qo‘rg‘oni yonidagi katta quvvatli radiostansiya o‘z vaqtida uzun to‘lqinlarda radioeshittirish signallarini tarqatishga moslashtirilgan edi. Ushbu radiostansiya hududida o‘tgan asrning 80-yillari boshida balandligi 235 metrlik ikkita machtalar orasiga uzun to‘lqinlarni tarqatuvchi radioantenna tizimi qurilgan.

Radioeshittirishlarning uzun (chastotasi 148,5 – 408 kGs, to‘lqin uzunligi 2020 – 735 metr) va o‘rta (chastotasi 526,5 – 1606,5 kGs, to‘lqin uzunligi 570 – 186 metr) to‘lqinlar diapazonlarida keng rivojlanishining asosiy sabablari o‘sha davrdagi radiolampalar va tranzistorlar yordamida aynan ushbu diapazonlarda ishlovchi arzon radio qabul qilgichlarni ko‘p miqdorda ishlab chiqarish imkoniyati bo‘lgan. Shuningdek, mazkur diapazonlarda ishlovchi yuqori quvvatli radioeshittirish uzatgichlari tarqatayotgan radioto‘lqinlar yer shari egriligi bo‘ylab, nisbatan ancha uzoq masofalarga tarqala olgan.

Foto: mitc.uz

Xabarda aytilishicha, uzun to‘lqinlarda 10 – 20 radiostansiyalargina ishlashi mumkin edi. Analog signal sifati nisbatan past va turli xalaqitlar ta'siri yuqori bo‘lganligi bois, dunyo miqyosida uzun to‘lqinlarda radioeshittirish qisqarib bormoqda. Jumladan, Ukraina, Armaniston, Belarus, Gruziya, Ozarboyjon, Moldaviya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonda uzun to‘lqinlarda radioeshittirish to‘xtatilgan.

O‘zbekistonda ham uzun va o‘rta to‘lqinlarda radioeshittirishlar 2002 yildan to‘xtatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: