O‘zbekiston uchun yevrobondning xatar va afzalliklari nimada?

Iqtisodiyot 21:30 / 14.02.2019 25286

13 fevral kuni O‘zbekiston moliyaviy tarixida yorqin sanalardan biriga aylandi. Negaki O‘zbekiston mustaqil tarixida birinchi marta 5 yillik 500 million dollarlik yevrobondlarni 4,75 foizdan, 10 yillik 500 million dollarlik yevrobondlarni esa 5,375 foizdan joylashtirdi. 

Moliya vazirligi xabar berishicha, qarz obligatsiyalarini yopish muddati tegishincha 2024 va 2029 yillarning fevral oyi etib belgilandi. Ammo o‘sha yevrobondlar nima va u O‘zbekistonga nega kerak edi? Masalani yaxshi anglash uchun, dastlab, iqtisodiyotga yotqizilayotgan invesititsiyalarga nazar tashlaymiz. 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2017 yilda 60,7 trln. so‘m yoki 7 mlrd. AQSh dollari hajmda asosiy kapitalga investitsiyalar kiritilgan bo‘lib, jami investitsiyalarning 16,3 trln. so‘m yoki 2 mlrd. AQSh dollariga teng qismi (27 foiz) xorijiy investitsiya va kreditlar hisobidan amalga oshirildi. 

Yotqizilgan investitsiyaning 15 trln. so‘m (25 foiz) qismi markazlashgan moliyalashtirish manbalari hisobidan bo‘lib, shundan qariyb 35 foizi Tiklanish va Taraqqiyot jamg‘armasi hamda 26 foizi davlat kafolati asosida xorijiy investitsiyalar va kreditlaridir.

Xorijiy investitsiya va kreditlar asosan tog‘-kon sanoatiga (57 foiz), ishlab chiqarishga (13 foiz) hamda axborot va aloqa sohasiga (10 foiz) yo‘naltirildi. E'tiborlisi shundaki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar strategik hamkorlar tarafidan asosan tabiiy resurslarni qazib olish va qayta ishlash sanoatiga kiritilgan.

Xorijiy kreditlarning asosiy qismi xalqaro moliyaviy tashkilotlar va boshqa rasmiy tashkilotlar zimmasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan:

  • Osiyo Taraqqiyot Banki: 1995 yildan hozirga qadar tuzilgan 67 ta kredit bitimlari asosida 6,8 mlrd. AQSh dollari;
  • Jahon Banki: 16 ta loyiha bo‘yicha 2,74 mlrd. AQSh dollari;
  • Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki: 60 ta loyiha bo‘yicha 853 mln. yevro;
  • Dunyoning yetakchi ekspert kredit agentliklari tarafidan kafolatlangan kreditlar. 

O‘zbekiston iqtisodiyotining salohiyati xorijiy investitsiya va kreditlar miqdorining 2 mlrd. AQSh dollaridan ancha yuqori bo‘lishini talab qiladi. O‘zbekiston uchun keyingi qadam – dunyoning ilg‘or mamlakatlari xususiy sektorlaridan ko‘proq investitsiyalar jalb qilishdan iborat. 

Xususiy sektor deb kimni tushunish lozim?

  • To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun, asosan o‘rta va yirik kompaniyalar;
  • Xorijiy kreditlar bilan xalqaro miqyosda ishlaydigan tijorat banklari, investitsion banklar;
  • Qimmatli qog‘ozlar sotib oluvchi xorijiy investorlar.

Rivojlanayotgan mamlakatlar (Emerging Markets yoki EM) 2010-2018 yillarda umumiy hajmda 4,2 trln. AQSh dollariga teng xorijiy obligatsiyalar chiqarib, o‘zlari uchun mablag‘ jalb qilgan. Shundan suveren emitentlar 1,1 trln. AQSh dollari, korporativ emitentlar 1,8 trln. AQSh dollari va bank-moliya institutlari 1,3 trln. AQSh dollariga teng mablag‘ni jalb qildi. Qariyb 56 foiz obligatsiyalar 5-30 yillik muddatga ega, 2018 yilning dastlabki 5 oyida, bu ko‘rsatkich 363 mlrd. AQSh dollarni tashkil qilgandi.

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH + Ukraina va Gruziya) emitentlari ham jahon moliya bozorida faol ishtirok etib, 2010 yildan buyon jami 301 mlrd. AQSh dollariga teng yevrobondlar chiqargan. Yevrobondlar ikkilamchi bozorda kotirovka qilinadi. Bozor narxi emitentlar uchun yangi obligatsiyalar kupon stavkasini belgilaydi. 10 yillik muddat bilan chiqarilgan AQSh obligatsiyasining foiz stavkasi bu jahon bozoridagi benchmark hisoblanadi. Shundan kelib chiqsak, 2010 yildan beri EM obligatsiyalarining o‘rtacha foiz stavkasi 4.366 foizdan 7.173 foizgacha o‘zgarib turgan.

Garchi yaqin kelajakda AQSh benchmark stavkalarining o‘sishi kutilsa-da, 10 yillik EM obligatsiyalari uchun o‘rtacha foiz stavkasi 7 foiz atrofida qolishi bashorat qilinadi.

Yevrobondning O‘zbekiston uchun afzalliklari

1. O‘zbekistonni jahon moliya bozoriga tanitadi va xorijiy investorlarni jalb qilishga yordam beradi

Hozirgi kunda hukumat tarafidan chet el investorlarini O‘zbekistonga jalb etish uchun katta harakatlar olib borilmoqda. Ammo bo‘lajak investorlar uchun O‘zbekiston haqida ochiq manbalarda ma'lumot yetarli emas. Yevrobond chiqarilganda O‘zbekiston haqida emissiya prospekti investorlarga taqdim qilinadi va bu hujjat O‘zbekiston haqida keng ko‘lamda, chuqur tahlil etilgan iqtisodiy-moliyaviy ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, yevrobond uchun muhim bo‘lgan suveren reyting orqali O‘zbekistonning kredit qobiliyati to‘g‘risida dunyo tan olgan reyting agentliklari tomonidan berilgan mustaqil bahoga ega bo‘lishadi.

Shu o‘rinda marketing ham muhim ahamiyat kasb etadi. Dunyoning moliya markazlari (London, Nyu York, Boston, Los Anjyeles, San Fransisko, Hong Kong, Singapur) bo‘ylab investorlar bilan yuqori darajadagi uchrashuvlar yoki «roudshou» ham yuzlab investorlarga O‘zbekiston haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma'lumotlar berish imkoniyatini beradi.

2. Yirik va uzoq muddatli investitsiyalarni moliyalashtirish manbai

Yevrobond katta hajmda va chet el valutasida mablag‘larni o‘rta va uzoq muddat bilan (30 yilgacha) jalb qilishga xizmat qiladi. Masalan, O‘zbekiston kabi suveren emitentlar uchun har bir yevrobond hajmi AQSh dollari hisobida 500 million va undan yuqori bo‘lishi mumkin. Bu mablag‘larni O‘zbekistonda istalgan sohadagi kerakli loyihalarga yo‘naltirish mumkin.

3. Investorlar doirasini kengaytirish va investitsiya manbalarini diversifikatsiya qilish

Shu paytgacha O‘zbekistonga jalb etilgan kreditlarning asosiy qismi xalqaro moliya institutlari va boshqa rasmiy tashkilotlar zimmasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bunday kreditlar odatda imtiyozli va past foiz stavkalarida beriladi, ammo bularning hajmi, ishlatish yo‘nalishlari va muddati cheklangan bo‘lib, ko‘p hollarda davlatga qo‘shimcha shart va majburiyatlar yuklanadi. Yevrobondni esa bir yoki ikki emas, yuzlab investorlar sotib olishadi va odatda, aksari xususiy sektor hisoblangan investorlar xalqaro moliya institutlari kabi shart va majburiyat qo‘yishmaydi.

4. Barqaror iqtisodiy siyosat yuritish barometri

Yevrobond chiqarish orqali O‘zbekiston hukumati iqtisodiy rivojlanish, barqaror monetar va fiskal siyosat yuritishga tayyor ekanini jahon investorlariga namoyish qiladi. Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, ikkilamchi bozorda yevrobond narxlari tushib, foiz stavkalari oshib ketmasligi uchun mamlakatda ijobiy rivojlanishni davom ettirish muhim rol o‘ynaydi. Agarda noto‘g‘ri iqtisodiy siyosat olib borilsa, mamlakatning iqtisodiy yoki moliyaviy salohiyati pasaysa, bu O‘zbekiston chiqargan yevrobondlarga talabni kamaytirib, ularning narxlariga salbiy ta'sir etishi mumkin.

5. O‘zbekistonning korporativ (bank) emitentlariga yordam bo‘ladi

Suveren yevrobond O‘zbekistonning yirik banklari va kompaniyalarining jahon moliya bozoriga chiqishlarini ma'lum darajada osonlashtiradi va ular uchun suveren "benchmark" yaratib beradi. Korporativ yevrobondlar chiqarish jarayoni O‘zbekiston korxonalaridan o‘ta yuqori standartlarda moliyaviy hisobotni hamda biznes uchun imkoniyat va xatarlarni ochiqlashni talab etadi. Bu jarayonda mustaqil reyting agentliklari, auditor, yuridik firmalar, investitsion banklar va xalqaro birja vakillari faol ishtirok etib, korxona-emitentning kredit holatini chuqur va keng qamrovli tahlil etishadi. Shu bilan birga, davomli hisobot majburiyati va ikkilamchi bozordagi Yevrobond narxi mas'ul shirkat rahbarlarini samarali faoliyatga undaydi.

Xulosa qilib aytganda, yevrobond O‘zbekiston korxonalarida korporativ boshqaruvni jahon darajasiga olib chiqishga turtki bo‘ladi va turli sohalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimiga ijobiy ta'sir etadi.

Yevrobond atrofida boshqa savollar

1. Shuncha qarzni O‘zbekiston qanday maqsadga ishlatadi?

Bu savol mamlakat ichida ham, tashqarisida ham ko‘pchilikni qiziqtirayotgan muhim savol hisoblanadi. Jahon tajribasidan kelib chiqsak, odatda davlatlar yevrobonddan tushgan pulni budjet kamomadini qoplashga, oltin-valuta zaxiralarini mustahkamlashga, davlatning tashqi qarzlarini optimallashtirishga yoki davlat investitsiyalarini jadallashtirishga sarf etadi.

O‘zbekiston misolida esa ko‘proq infrastrukturani yaxshilashga qaratilgan davlat investitsiyalari uchun ishlatish maqsadga muvofiq, chunki mamlakatda davlat tashqi qarzi mo‘'tadil miqdorda. Xorijiy investorlar ham yevrobond orqali olingan mablag‘ni asosiy kapitalga investitsiya qilinishini, ya'ni mamlakatning iqtisodiy salohiyatini oshirishga yo‘naltirilishini ma'qul ko‘radi. 

O‘zbekistonda yevrobond orqali olingan mablag‘lar viloyatlarda infratuzilma obektlarini qurish, ya'ni viloyatlarning chekka va chegaraoldi hududlarida avtomobil va temir yo‘llari qurish, kanalizatsiya, suv va elektroenergiya tarmoqlarini yaxshilash, o‘rta va kichik quvvatli muqobil energiya tizimlarini, jumladan quyosh va shamol energiyasini hududlarda rivojlantirish kabi loyihalarga yo‘naltirilishi ayni muddao bo‘ladi. Shu bilan birga, ushbu mablag‘lar «Obod qishloq» va «Obod mahalla» davlat dasturlari doirasidagi infratuzilma obektlari loyihalari hamda davlat xususiy sherikchilik asosida yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan istiqbolli investitsiya loyihalariga ham yo‘naltirilishi mumkin. 2019 yil uchun qabul qilingan davlat budjetida taqchillik ko‘rsatilgani tufayli mablag‘lar budjet kamomadini yopishga ham sarflanishi to‘g‘ri bo‘ladi. 

2. O‘zbekistonning 27 mlrd AQSh dollardan ortiq oltin-valuta rezervlari bor. Nima uchun chet el valutasida qarz olish kerak?

Har bir mamlakatning taraqqiyoti uchun yetarli darajada oltin-valuta zaxiralarini saqlash muhim ahamiyatga ega. Zaxiralar milliy valutaning, monetar siyosat va to‘lov balansining barqarorligini ta'minlaydi. Mustaqil reyting agentliklari va investorlar ham oltin-valuta zaxiralarining yetarli darajada bo‘lishiga (bir necha oylik importni yoki tashqi qarzning qancha qismini qoplashiga) juda katta e'tibor qaratadi. Bunday zaxiralari juda yuqori bo‘lgan Saudiya Arabistoni (456 milliard dollar), Rossiya (366 milliard dollar), Polsha (106 milliard dollar) va boshqalar ham jahon moliya bozorida faol ravishda yevrobond chiqarishadi.

3. Xalqaro moliya institutlarining kreditlari arzon, yevrobond esa qimmat. Nima uchun yevrobond chiqaryapmiz?

Xalqaro moliya institutlarining (Jahon Banki, Osiyo Taraqqiyot Banki va boshqalar) imtiyozli va maqsadli kredit foiz stavkalari aksariyat hollarda xususiy sektor hisoblanmish yevrobond investorlarining foiz stavkalaridan past bo‘ladi. Agar O‘zbekistondagi loyihalar bunday tashkilotlarning arzon kreditlariga munosib bo‘lsa, albatta birinchi o‘rinda bu moliya manbasidan foydalanishda davom etishi kerak.

Yevrobond unga qo‘shimcha sifatida boshqa loyihalar uchun ortiqcha siyosiy shartlarsiz chiqariladi. Undan tashqari, xalqaro moliya institutlari har bir davlatga belgilangan miqdordan ortiq mablag‘ bera olmaydi va uzoq muddatda O‘zbekistonning rivojlanish strategiyasi faqatgina bu tashkilotlarga tayanmaslik lozimligini boshqa shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakatlar misolida ko‘rish mumkin (masalan Turkiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Polsha, Ruminiya va hokazo).

4. Bozor xatolari nima bo‘ladi? 

Moliya bozorlari odatda barqaror bo‘lmaydi, chunki uning muvozanatiga talab-taklifdan boshqa ko‘p omillar ham ta'sir etadi (masalan geosiyosat, AQSh yoki Yevropa Markaziy Bankining monetar siyosati va hokazo). 2018 yilning ikkinchi choragi shunday o‘zgaruvchanlikka boy bo‘lgandi, bu ayniqsa yevrobondlar emissiyasi uchun salbiy ta'sir etdi. Emitent bozor tinchlanguncha kutib turish tavsiya qilinadi, aks holatda kutilgandan yuqoriroq foiz stavkasi to‘lashiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Bu xatar, afsuski, emitentning nazoratida emas. Lekin bozorga chiqish sanasini qat'iy belgilamay, bozor yaxshilanishini kutish uchun imkoniyat yaratish bu xatarning salbiy ta'sirlarini kamaytiradi.

5. Yurisdiksiya va biznes aloqalarga ehtimoliy ta'sir

Odatda, yevrobond shartnoma hujjatlari ingliz qonuniga asosan tuziladi, investorlar va emitent o‘rtasidagi kelishmovchiliklar Angliya sudlarida ko‘riladi. Bundan tashqari, jahon moliya bozorida AQSh, Yevropa ittifoqi, BMTning sanksiyalari juda qattiq nazorat qilinadi. Masalan, Rossiyaning davlat tasarrufidagi ayrim banklari va kompaniyalari shunday sanksiyalar ostida ekanini inobatga olsak, yevrobond orqali jalb qilingan mablag‘lar Rossiyaning mazkur shirkatlariga to‘lanishi mumkin emas.

Ko‘proq yangiliklar: