VAR Yangni chetlashtirolmasdi. Videoarbitrlar qanday ishlaydi?

Sport 14:16 / 13.02.2019 10130

YeChL nimchorak finali birinchi uchrashuvlari doirasida «Manchester Yunayted» va «PSJ» o‘rtasida kechgan o‘yinning birinchi bo‘limida mezbonlar sardori Eshli Yang raqib yarimhimoyachisi, «qizil iblislar»ning sobiq futbolchisi Anxel Di Mariyaga qarshi qo‘pol o‘ynadi.

Unda bu vaqtgacha ham sariq kartochka bor edi, uchrashuv bosh hakami Daniele Orsato futbolchini kechirdi va uni maydondan chetlashtirmadi.

Ko‘pchilik bu vaziyatga videohakam (VAR – Video Assistant Referee) Massimiliano Irrati aralashishi kerak edi, deb hisoblamoqda. Ularning fikricha, videohakam bosh hakamga futbolchini ogohlantirishni tavsiya qilishi kerak edi.

Aslida ularning fikri xato. Nima uchun?

Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi tomonidan VAR ishi bo‘yicha alohida protokol ishlab chiqilgan. Ushbu hujjatga ko‘ra, tizim to‘rtta vaziyatda – gol, penalti va to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochkaga tortadigan holatni tekshirish, shuningdek, sariq yoki qizil kartochka anglashilmovchilik bois boshqa futbolchiga ko‘rsatilganida – hakamlarga to‘g‘ri qaror chiqarishda yordam beradi.

Eslatma:
– VAR arbitr sariq kartochkani xato ko‘rsatganida yoki ko‘rsatmaganida bosh hakam ishiga aralashmaydi;

– VAR arbitr kartochkani xato ko‘rsatib, futbolchini nohaq maydondan chetlatganida bosh hakam ishiga aralashmaydi (yaqindagina Italiyada futbolchi to‘pni qorni bilan to‘xtatganida, hakam uni qo‘l bilan o‘ynashda ayblab ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatgan va uni maydondan chetlatgandi). VAR arbitr ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatmasdan, futbolchini chetlashtirmasa ham vaziyatga aralashmaydi.

– VAR agar burchak zarbasi amalga oshirilishidan avval to‘p xato o‘rnatgan bo‘lsa va jarima zarbasi gol bilan yakunlansa, golni bekor qilib, jarima zarbasini qaytadan amalga oshirish bo‘yicha qaror chiqara olmaydi.

– VAR jarima zarbasi yoki erkin zarba xato belgilansa va buning oqibatida gol bo‘lsa, vaziyatga aralashib, golni bekor qildira olmaydi.

Xuddi shu qoidalar ishlagani tufayli, Irrati Orsatoga Yangni maydondan chetlatishni buyura olmasdi. 

Ko‘proq yangiliklar: