FIFA Qatardagi jahon chempionatida VAR tezroq qaror chiqarishiga va’da bermoqda 

Sport 23:10 / 18.11.2022 9708

Bu haqda sobiq hakam Perluidji Kollina Qatarda o‘tkazilgan brifingda xabar berdi. 

«FIFA tomonidan so‘nggi uch yil ichida ishlab chiqilgan yangi texnologiya joriy etilgandan so‘ng, jahon chempionatida VAR bo‘yicha qarorlar tezroq va aniqroq bo‘ladi», dedi u. 

«Yarim avtomatik ofsayd texnologiyasi» oldingi tizimga qaraganda eng qiyin ofsayd qarorlarini ham tezroq qabul qiladi. Shuningdek, vaziyatning 3D animatsiyasi stadion va televizorda muxlislarga namoyish etiladi. Bir narsani ta’kidlamoqchimanki, yakuniy qaror har doim o‘yin hakamiga tegishli. VAR — hakamning yordamchisi xolos», dedi Kollina. 

Yangi texnologiyaga ko‘ra, stadiondagi o‘n ikkita kamera har bir futbolchining tanasidagi 29 ta nuqtani kuzatib boradi va to‘p ichidagi sensor VAR operatsiyalari xonasiga sekundiga 500 marta ma’lumot uzatadi. Bu tizim allaqachon FIFA tomonidan sinovdan o‘tkazilgan. 

«Biz ma’lumotlarni tahlil qildik va natija juda ijobiy bo‘ldi», dedi FIFA texnologiya va innovatsiyalar bo‘yicha direktori Yohannes Xolsmyuller. «Bu ofsaydni aniqlash bo‘yicha ayni damdagi eng aniq tizimdir», dedi u. 

Jahon chempionati o‘yinlari 20 noyabr kuni start oladi va 18 dekabrgacha davom etadi. 

Ko‘proq yangiliklar: