Quvada tadbirkor maktab stadioniga bino qursa bo‘laveradi(mi?) Xalq ta'limi vazirligi nega jim?

Jamiyat 16:56 / 09.02.2019 41741

Taajjub... Qadimdan insonlar savob umidida yo‘l, qabriston, maktab, masjid uchun o‘z mulki bo‘lgan yerni kechib berishgan.

Biroq, navbatdagi murojaatda ko‘tarilgan muammoli masala – Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi Qorashoh mahallasidagi holatga hayron qoldik. Bu haqda imkon darajasida qisqaroq qilib yozishni maqsad qilgan bo‘lsak-da, masalaga oid hujjatlarning mo‘lligi maqola salmog‘ini ancha oshirdi.

“Stadionda tadbirkorlik” operatsiyasi yoxud qonunlarni chetlab o‘tish

 Qorashoh MFYda istiqomat qiladigan oilalarning 650 nafardan ziyod farzandlari o‘z hududlaridagi 44-umumta'lim maktabida ta'lim va tarbiya oladilar.

Hamma o‘quv dargohlarida bo‘lgani singari mazkur maktabda ham o‘ziga biriktirilgan stadion mavjud. Stadion 28 yildan beri ta'lim muassasasiga xizmat qilib kelmoqda. Uning oldi qismida harbiy tayyorgarlik bo‘yicha sport anjomlari – turnik, brus va boshqa jismoniy mashqlar uchun snaryadlar o‘rnatilgan, qolgani atrofida yugurish uchun joy bo‘lgan futbol maydoni. Stadionning egasi maktab ekanligi esa, 1990-yildagi kolxoz pravleniyesi majlisida qaror bilan tasdiqlangan.

Ajab va ming ajabki, shu yerlik tadbirkor, yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak “Qosimov Sirojiddin chorvasi” rahbari Inomjon Qosimov stadion hududida ishbilarmonlik qilib, maishiy xizmat obektlari qurishni ixtiyor etibdi. Qonun bo‘yicha, bunday faoliyat yuritish uchun hududdagi bo‘sh turgan, qarovsiz joylardan yer ajratiladi. Stadion umumiy ta'lim maktabi balansida turadi; yer maydoni Xalq ta'limi vazirligining ruxsati bilan tuman hokimligi zaxirasiga olinmasa, tenderga qo‘yilmaydi, yana bir dunyo hujjatlar to‘plami ham kerak. 

Quvada har qanday ishni imi-jimida bitirib yuborsa bo‘lar ekan. “Uddaburon tadbirkor” qanday qilib “qor yoqqani qalov topgan”, bilmadik. Uni qarangki, Inomjon Qosimov, stadion hech kimga kerak emasligi haqida MFY vakillari qarorini chiqargan, tuman xalq ta'limi bo‘limidan yer maydonida do‘kon qurishga “Rozilik xati” olgan (lekin mazkur xat XTB devonxonasi ro‘yxatidan o‘tmaganligi aniq bo‘ldi), yer maydonini tanlovga qo‘ydirib, yutib, yer maydonidan foydalanish bo‘yicha tuman hokimi qarorini ham chiqara olgan.

Samarasiz murojaatlar va tadbirkorning qurilishni boshlashi

Qo‘qqisdan “Qosimov Sirojiddin chorvasi” a'zolari maktab stadioni oldida qurilish boshlaganida mahalla ahli hayron qolib, turli joylarga murojaat qila boshladi. To‘g‘risini aytish kerak, maktab ma'muriyati, MFY idorasi, mahalla aholisi tomondan yozilgan biror ariza yechim topmadi.

Hokimliklar “tadbirkorga tegib bo‘lmasligini”, prokuratura va IIB “tadbirkor yuz foiz haq va hujjatlar qonuniy” ekanligini ta'kidlay boshladi. Xalq ta'limi vazirligi esa murojaatga umuman javob bermaydi. Aholi haqiqatni yuzaga chiqara olmay, “sarson va sargardonlik ko‘chasida kezardi”.    

Endi yer egasiga aylangan “ishbilarmon” qo‘lidagi hujjatlarni ko‘rsatib, mahalla ahlining e'tirozlariga, “Yoppasiga xohlagan joyingga bor!” degan javobni “chiroyli” qilib ayta boshladi.

Mahalla ahli bilan suhbatlashganimizda ular “uddaburon tadbirkor”ni nohaq deb topish uchun asos bo‘la oluvchi hujjatlarni ko‘rsatdilar. Aslida ularda mavjud hujjatlar soni 30tadan ziyod edi. 

1. Farg‘ona viloyat Yer resurslari va Davlat kadastri Quva tumani bo‘limi, sobiq Ilich kolxozi kolxozchilarining 1989 yili o‘tkazilgan umumiy yig‘ilishining 1990 yil 1 fevral kungi 1-sonli qaroriga asosan, 44-umumta'lim maktabiga 3,5 gektar yer ajratib berilganligini tasdiqlab, ayni paytda ta'lim muassasasiga tegishli bo‘lgan 700.0 kv. metr o‘yingohning tadbirkorlikni rivojlantirish uchun I. Qosimovga ajratib berilishi “Yer kodeksi”ning 73-moddasiga zid ekanligini o‘z ma'lumotnomasida keltirgan.

Shu tashkilotdan maktab stadioni shu kungacha maktab hisobida ekanligi haqida ma'lumotnoma ham bor.

Yer maydoni tuman zaxirasiga olinmay turib tanlovga qo‘yilgan. Chunki, tuman hokimi tomonidan imzolangan 2019 yil 7 yanvar kungi №13 hujjatda ham 44-umumta'lim maktabiga biriktirilgan futbol maydonining tuman zaxirasiga qaytarilgani haqida hech qanday ma'lumot yo‘qligi va bu borada Farg‘ona viloyat davlat arxiviga murojaat qilish lozimligi aytilgan.

2. Tuman hokimligiga maktab bolalar o‘yingohidagi yer maydonini tanlovga qo‘yish uchun berilgan rozilik xati devonxona ro‘yxatidan o‘tmaganligi haqida tuman xalq ta'limi bo‘limining ma'lumotnomasi mavjud. Ko‘rinib turibdiki, XTB stadion yer maydoni foydalanilmay turilganligini tasdiqlamagan va u yerda qurilish qilish bo‘yicha rozilik bermagan.

Masalaning eng qiziq tomoni shundaki, tadbirkor deya aytilayotgan Inomjon Qosimov aslida tuman xalq ta'limi bo‘limida uslubchi vazifasida ishlaydi.

Shuning o‘zi ham, maktab stadionining “kerak emas”ligi haqida yozilgan, biroq tuman xalq ta'limi bo‘limida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan 38-sonli xatning shubhali ekanligini ko‘rsatmoqda.

Qolaversa, maktabga tegishli bo‘lgan aynan shu yer uchastkasiga nisbatan “Quva hayoti” gazetasi orqali ham tender savdolari e'lon qilinmagan.

Qisqasi, ko‘plab hujjatlar yig‘indisi bilan tanishish asnosida masala mutasaddilar tomonidan albatta chuqur tahlil qilib, o‘rganib chiqilishi zarurligini angladik.

Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi “Xalq ta'limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3931-son qarorining 10-bandiga ko‘ra, umumta'lim va maktabdan tashqari muassasalarning yer uchastkalari va ko‘chmas mulkini O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziri bilan kelishmasdan begonalashtirish taqiqlanadi.

Biz Qorashoh mahallasiga borganimizda tadbirkor allaqachon stadion oldida qurilish ishlarini boshlab yuborgan, o‘yingoh oldidagi ikki qator qilib ekilgan 60tadan ziyod teraklar arralanib yotqizib qo‘yilgandi. Teraklar esa maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilarining mablag‘i va mehnati evaziga yetishtirilganligi hech kimning vijdonini qiynamayotgani bundan-da achinarlidir.

Biz bir guruh mahalla oqsoqollari, faollari bilan suhbatlashdik. Faxriy o‘qituvchilar G‘ulomqodir ota Teshaboyev, Rahmonali Qurbonovlar butun qishloq mana shu holatdan norozi ekanini bildirishdi. Mahalla raisi Zoyirjon Nuraliyev tadbirkor bilan mahalla o‘rtasidagi nizoli holatni maktab foydasiga tezroq hal qilish lozimligini ta'kidladi.

Xalq nazaridan qolish yaxshi emas...

Qorashoh qishlog‘idagi aholi o‘z mahalladoshi bo‘lgan tadbirkordan juda ham norizo. O‘zimiz o‘sha joyning o‘zida tadbirkor va mahalla ahli o‘rtasidagi dahanaki janjalning guvohi bo‘ldik. Tadbirkorning yig‘ilganlarga bepisand: “Yer meniki, qo‘lingizdan hech narsa kelmaydi!” deganini ko‘rib, dil xira bo‘ldi.

Aytishlaricha, tuman hokimi Halimjon Umarov ham Qorashohga kelib, tadbirkorga: “Xalq ko‘nmayapti. Qurilishni to‘xtating”, deb ketibdi. Biroq tadbirkor o‘z ishini davom ettirmoqda.

Biz voqeaga oydinlik kiritish maqsadida Quva tuman hokimligiga bordik. Hokimlikning ma'sul kishilari, tuman rahbari turli yumushlar bilan uzoqda ekanligini, masala bo‘yicha Quva tuman arxitektori Muzaffar Ikromovga uchrashishimizni aytishdi. Arxitektor hokim topshirig‘i bilan Qorashohga borib, tadbirkorga ishni to‘xtatib turishini aytganini bildirdi. Me'morga tadbirkor o‘ziga tegishli bo‘lmagan teraklarni kesib yuborganini aytganimizda, u ham hayron qoldi.

Mazkur muammoga oid hujjatlarni so‘radik. Mutasaddi yer maydonini tanlovga asosan sotilgani haqidagi hujjatlarni taqdim qildi.

Mashmashali holatga xulosa yasar ekanmiz, maqolamizning eng avvalida aytilganidek, ota-bobolarimiz azal-azaldan yo‘l, maktab, masjid, qabriston singari joylarni muqaddas bilgan. Qorashoh mahallasidagi tadbirkor esa butunlay teskari ish tutmoqda. Nima ham derdik, insonga uning qilgan amallariga qarab baho beradilar.

Lekin, butun boshli mahalla rozi bo‘lmay turgan joyga ko‘z tikib, savdo do‘konlarini qurish juda g‘alati holat.

Mazkur muammo tuman hokimligi va huquq-tartibot idoralari tomonidan jiddiy o‘rganib chiqilishi zarur.

Elmurod Ermatov, Farg‘ona
 KUN.UZ muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: