O‘zbekiston | 00:41 / 25.01.2019
4538
2 daqiqa o‘qiladi

Atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha kadrlar masalasiga jiddiy e'tibor qaratish vaqti keldi

O‘zbekistonda ekologiya, suv resurslari va atrof-muhit muhofazasi yo‘lida faoliyat yurituvchi kadrlar masalasiga jiddiy e'tibor qaratish vaqti keldi va bugungi kunda xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar hamda mahalliy vazirliklar bilan shunga doir qator muzokaralar olib borilmoqda. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Qo‘chqorov Kun.uz muxbirining kadrlar haqidagi savoliga shunday javob berdi:

«Kadrlar masalasida ko‘p ish olib borishimiz kerak, albatta. Ular oldimizga qo‘yilgan vazifalarni to‘liq bajarishga tayyor, deya olmaymiz. Bugungi konferensiya doirasida ham belgilangan vazifalardan biri - Yevropa Ittifoqi davlatlari, xalqaro tashkilotlar vakillari bilan birgalikda sohada faoliyat yurituvchi kadrlar malakasini oshirish bo‘lib, bu bo‘yicha qator muzokaralar o‘tkazildi. Kadrlar malakasini oshirish, ularni tayyorlash, o‘qitish, tajriba almashish kabi masalalar bo‘yicha xorijlik mutaxassislar bilan bir qatorda mahalliy vazirliklar bilan ham birgalikda ish olib boryapmiz», - deydi u.

Bundan tashqari, chiqindilarni qayta ishlash korxonasida ishlovchi kadrlar masalasi ham ko‘rib chiqilayotgani, shunga doir dasturlar, rejalar ishlab chiqilgani ma'lum qilindi.

«Kadrlarni tayyorlash bir kunlik ish emas, bu juda murakkab jarayon. Buning uchun biz dasturlarimiz, yo‘nalishlarimizni to‘g‘ri tuzib, belgilab olishimiz kerak. Ayni damda xalqaro hamkorlarimiz bilan shunga doir ishlarni olib boryapmiz»​​​​​​​, - qo‘shimcha qiladi Qo‘mita raisi.

Mavzuga oid