Days gone by: jahonga yuz tutayotgan Qodiriy

Jamiyat 12:48 / 19.01.2019 18416

«Yozmoqqa niyatlanganim ushbu — «O‘tkan kunlar», yangi zamon ro‘monchilig‘i bilan tanishish yo‘lida kichkina bir tajriba, yana to‘g‘risi, bir havasdir...»

Xuddi shunday degan edi, o‘zining shoh asarini yozishga chog‘lanayotganida Abdulla Qodiriy. Falakning gardishini qarangki, u jahon romanchiligiga havas qilib yozgan asarga endi butun dunyo suqlanib qaraydi.

18 yanvar kuni International Hotel Tashkent mehmonxonasida «O‘tkan kunlar» romanining ingliz tilidagi ilk nashri – Days gone by kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Asar Karimov fondi homiyligida ingliz tiliga o‘girilgan bo‘lib, kitob Nouveau Monde Editions nashriyotida chop etildi. 

Asarni britaniyalik adabiyotshunos Kerol Yermakova ingliz tiliga o‘girdi, tarjima tahririni Juli Uikend amalga  oshirdi. Taniqli o‘zbek rassomi Bobur Ismoilov kitobning badiiy bezaklari bilan shug‘ullandi. 

Sovetlar qatag‘oni qurboni Abdulla Qodiriy qisqa umri davomida (1894 –1938) sermahsul ijod qildi. «Ahvolimiz», «Millatimga» kabi she'rlari, «Baxsiz kuyov» pesasi, «Juvonboz» hikoyasi, va albatta, «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlari bilan adabiyotda o‘chmas iz qoldirdi.  

O‘zbek milliy romanchilik maktabining ilk namunasi hisoblangan «O‘tkan kunlar» romani 1919 yilda yozila boshlangan. 1922 – 1925 yillar oralig‘ida bobma-bob «Inqilob» jurnalida chop etilgan. 1969 yilda asar asosida film ishlangan. Asar hozirgacha rus, turk, qozoq, uyg‘ur, turkman, tojik tillariga tarjima qilingan, «Toshkentlik oshiqlar» nomi bilan nemis tilida nashr qilingan. 

«Asarning ingliz tiliga tarjima qilinishi uning xorijda ham o‘z o‘quvchilarini topishiga va o‘zbek xalqining boy madaniy merosini namoyish etishiga umid qilaman», – deyiladi fond rahbari Lola Karimova-Tillyayevaning taqdimot munosabati bilan yo‘llagan maktubida. 

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 81 yilligi hamda Fondning noshirlik yo‘nalishidagi 11-loyihasi yakuni o‘laroq tantanali o‘tkazilgan taqdimotda YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Pilar Alvares Laso xonim, adabiyot va san'at vakillari Sirojiddin Sayyid, Shuhrat Rizayev, Gulchehra Sa'dullayeva, Gulchehra Jamilova ishtirok etib, Qodiriy shaxsiyati va ijodi haqida iliq fikrlar bildirishdi. 

«O‘tkan kunlar»ni suratga olish boshlanishidan avval gazetada e'lon chiqqandi. Unda shunday film ishlanayotganligi, kimning uyida o‘sha davrga oid jihozlar – oftoba, egar va shunga o‘xshash narsalar bo‘lsa, «O‘zbekfilm» olib kelishlari so‘ralgandi. Esimda, shunda hatto uzoq viloyatlardan ham odamlar kelib, topganini tashlab ketgan, filmning tezroq ekranga chiqishi uchun o‘z hissasini qo‘shishga harakat qilgan», – deya xotirlaydi Kumush rolini gavdalantirgan aktrisa Gulchehra Jamilova.

Loyiha doirasida o‘zbekistonlik yoshlarga mos ravishda asar lotin alifbosida ham sovg‘abop ko‘rinishda  nashr etildi. Taqdimot yakunida mehmonlarga Days gone by kitobi tuhfa etildi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning oktabr oyida Qodiriy tavalludining 125 yilligi keng nishonlanishi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi farmoyishi chiqqan.  Buning doirasida adib ijodiga bag‘ishlangan adabiy muzey, ijodiy maktab, kutubxona barpo etilishi, ijodkorning  haykali o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: