Kam ta'minlangan oilalarga nafaqa va moddiy yordam qanday tartibda to‘lanadi?

O‘zbekiston 12:32 / 18.01.2019 56379

So‘nggi vaqtlarda tahririyatga aholidan kam ta'minlangan va ko‘p bolali oilalarga nafaqalar va moddiy yordam tayinlash tartibiga oid ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shunga ko‘ra, qayd etilgan masalaga oid murojaat va savollar yuzasidan amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartib va qoidalarga oid tushuntirish berishga qaror qildik.

Nafaqa va moddiy yordamning qanday turlari mavjud, u kimlarga beriladi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra nafaqa va moddiy yordamning quyidagi turlari mavjud:

- bolali oilalarga, ya'ni 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa;

- bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, ya'ni bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa;

- kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam.

Yuqorida qayd etilgan nizomga ko‘ra, ushbu nafaqa va moddiy yordam har bir oila a'zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori eng kam oylik ish haqi (jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan)ning 1,5 baravardan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi.

Fuqarolar yig‘ini tomonidan ehtiyojmand deb e'tirof etilgan oila nafaqa yoki moddiy yordamning faqat bir turini olish huquqiga ega.

Quyidagilar bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olishda ustunlik huquqiga ega:

ota-onasining ikkisini ham yo‘qotgan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug‘ullanayotgan oilalar;

ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalar;

14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar);

nogiron bolasi (bolalari) bo‘lgan oilalar;

bolani (bolalarni) to‘liq bo‘lmagan oilada tarbiyalayotgan onalar (otalar). Bunda bolaning amalda to‘liq bo‘lmagan oilada ona (ota) tomonidan tarbiyalanishini fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi belgilaydi;

ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko‘maklashish markazlarida hisobda turgan oilalar;

yolg‘iz pensionerlar.

Oila daromadi qanday hisoblanadi?

Oila a'zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromad, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam olish uchun murojaat qilingan oydan oldingi oxirgi uch oy uchun hisoblab chiqilgan oilaning mehnatga layoqatli har bir a'zosining o‘rtacha oylik daromadi summasini oila tarkibiga kiritiladigan oila a'zolari soniga bo‘lingan holda aniqlanadi.

Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun oila tarkibiga:

bolalarning otasi, onasi yoki nikohdagi har ikki ota-onasi (farzandlikka oluvchilar);

ota-onalar bilan birga yashaydigan va ularning qaramog‘ida bo‘lgan bolalar, shuningdek ota-onalar bilan birgalikda yashaydigan va o‘z oilalariga ega bo‘lmagan 16 yoshdan katta yoshdagi bolalar (shu jumladan, farzandlikka olingan bolalar);

bolalarning ular bilan birgalikda yashaydigan bobolari va buvilari;

bolalarning ota-onalari (farzandlikka oluvchilar) bilan birgalikda xo‘jalik yurituvchi boshqa shaxslar kiritiladi.

Oilaning birgalikda yashovchi a'zolari tarkibi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan belgilanadi.

Bolali oilalarga nafaqalar, bola parvarishi bo‘yicha nafaqalar va moddiy yordam tayinlash uchun o‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda inobatga olinadigan oila tarkibiga quyidagilar kiritilmaydi:

nafaqa yoki moddiy yordam olish uchun murojaat qilgan ota-onalarning aka-uka va opa-singillari, agar ularning o‘z oilalari bo‘lsa;

ota-onalari ularga nisbatan ota-ona huquqlaridan mahrum etilgan bolalar;

to‘liq davlat ta'minotidagi bolalar, shuningdek vasiylikka (homiylikka) olingan bolalar;

chaqiriq bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan yoxud harbiy ta'lim muassasasida o‘qiyotganligi sababli oilada bo‘lmagan ota-ona (farzandlikka oluvchi);

sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bo‘yicha jazoni ijro etish joylarida ekanligi munosabati bilan oilada bo‘lmagan ota yoki ona (farzandlikka oluvchi).

Agar bir uy xo‘jaligida (bir pochta manzili bo‘yicha) bolali ikki va undan ortiq oilalar yashagan taqdirda, bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun bir oila tarkibiga bolalarning ota-onalari, shuningdek ularning bobolari va buvilari hamda bolalarning ota-onalari bilan birgalikda xo‘jalik yurituvchi boshqa shaxslar, ular nafaqa tayinlashda boshqa bolali oilada hisobga olinmagan bo‘lsa, qabul qilinadi.

O‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oilaning jami daromadiga, oila a'zolari tomonidan olingan quyidagi daromadlar kiritiladi:

mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar;

mulkiy daromadlar;

yakka tartibdagi tadbirkorning daromadi;

chet elda ishlaydigan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan oila a'zolaridan pul tushumlari summasi;

pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar (ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda oila olayotgan nafaqa yoki moddiy yordamdan tashqari);

shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritishdan olingan daromad;

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa daromadlar.

Mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar hisoblangan summa bo‘yicha hisobga olinadi (soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar chegirib tashlangunga qadar).

Oilaning o‘rtacha oylik jami daromadi fuqarolar tomonidan ushbu Nizomning 13-bandiga muvofiq taqdim etiladigan oilaning tarkibi va oila a'zolarining daromadlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar asosida aniqlanadi.

Agar oilaning mehnatga layoqatli har bir a'zosining o‘rtacha oylik daromadlari to‘g‘risida taqdim etilgan ma'lumotlarda daromad summasi ko‘rsatilmagan bo‘lsa yoki eng kam oylik ish haqining 2,5 baravaridan kam summa ko‘rsatilgan bo‘lsa, u holda oilaning o‘rtacha oylik jami daromadini hisoblash uchun daromadni normativdan past ko‘rsatgan yoki daromadi mavjudligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni taqdim etmagan oila a'zolarining har biriga nafaqa yoki moddiy yordamga murojaat qilingan oyda belgilangan eng kam oylik ish haqining 2,5 baravariga teng bo‘lgan normativ daromad miqdori qabul qilinadi.

Ushbu qoida:

bola ikki yoshga to‘lgunga qadar uning parvarishi bilan band bo‘lgan onalarga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga);

ta'lim muassasalarida o‘qiyotganlarga (mehnat shartnomasiga muvofiq ishlarni amalga oshirish hollari bundan mustasno);

ishlamaydigan pensionerlarga;

amalda shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritish bilan band bo‘lgan oila a'zosiga;

tuman (shahar) bandlikka ko‘maklashish markazlarida ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan fuqarolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Agar taqdim etilgan ma'lumotlarda shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritishdan olingan o‘rtacha oylik daromad miqdori ko‘rsatilmagan yoxud shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritishdan olinadigan belgilangan normativ daromaddan past ko‘rsatilgan bo‘lsa, u holda oilaning jami daromadini aniqlash uchun shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritishdan olinadigan oylik daromadning normativ miqdori qabul qilinadi.

Shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritishdan olinadigan normativ daromad ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritish uchun foydalaniladigan sotixlar sonini nafaqa yoki moddiy yordam so‘rab murojaat qilingan oyda belgilangan eng kam oylik ish haqining 0,2 miqdoriga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.

Yer uchastkasi unumdorligi obektiv shart-sharoitlarga ko‘ra (suv bilan ta'minlanmaganlik, tuproqning sho‘rlanishi va boshqalar) yuqorida ko‘rsatilgan miqdordagi normativ daromad olish imkonini bermaydigan yoki umuman daromad olish imkonini bermaydigan alohida hollarda mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ daromadga pasayish tomoniga tuzatish kiritishlari mumkin.

Oila daromadi va uning tarkibi o‘zgargan taqdirda, ariza beruvchi shaxs bir oydan kech bo‘lmagan muddatda bu haqda nafaqa va moddiy yordam to‘layotgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ma'lum qilishi shart.

Kim tomonidan va qanday tartibda tayinlanadi?

Nafaqa va moddiy yordam ariza beruvchining doimiy yashash (ro‘yxatdan o‘tish) joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan oila boshlig‘i yoki boshqa muomalaga layoqatli oila a'zosining yozma arizasi asosida, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa - bolaning onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning arizasi asosida tayinlanadi.

Nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash to‘g‘risidagi qaror fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi - posyolka, qishloq va ovul, shuningdek shaharlarning mahallalari fuqarolar yig‘ini (vakillar yig‘ilishi) yoki bunday qarorlarni qabul qilish uchun fuqarolar yig‘ini tomonidan vakolat berilgan Komissiya tomonidan qabul qilinadi.

Maxsus komissiya ariza beruvchining yashash joyiga chiqqan holda oilaning moddiy va mulkiy holatini o‘rganib chiqadi.

Oilaning moddiy va mulkiy holatini o‘rganish natijalariga ko‘ra maxsus komissiya belgilangan tartibda oilaning moddiy va mulkiy holatini o‘rganish dalolatnomasini tuzadi.

Dalolatnomada:

o‘rganilayotgan oilaning tarkibi;

oilaning mehnatga layoqatli a'zolarining bandligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar;

shaxsiy yordamchi (dehqon) xo‘jaligini yuritish uchun foydalaniladigan yer uchastkasi maydoni;

o‘rganilayotgan oilaning moddiy jihatdan ta'minlanganligi darajasini baholash;

tegishli nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash bo‘yicha xulosa ko‘rsatiladi.

Qancha muddatga tayinlanadi va miqdori qancha? 

Bolali oilalar (14 yoshgacha bolalari bo‘lgan) nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga: 

bir nafar farzandi bo‘lsa –122 ming so‘m;

ikki nafar farzandi bo‘lsa –203 ming so‘m;

uch nafar va undan ortiq farzandi bo‘lgan oilaga – 284 ming so‘m miqdorda 6 oy muddatga tayinlanadi va to‘lanadi.

Bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa - 12 oy muddatga (biroq bola ikki yoshga to‘lgan oydan keyingi oyga o‘tmasligi kerak) eng kam oylik ish haqining ikki baravari yoki 405460 so‘m miqdorda tayinlanadi.

Kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam puli oilaning moddiy va mulkiy ahvoliga qarab, amaldagi 305 ming so‘mdan 610 ming so‘mgacha miqdorda tayinlanadi va to‘lanadi.

(Ushbu miqdorlar O‘zbekiston Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 26.12.2018 yildagi PQ-4086-son qarori bilan belgilangan)

Nafaqa va moddiy yordam ariza beruvchining o‘zini o‘zi boshqarish organiga murojaat qilgan oyning keyingi oyidan boshlab to‘lanadi.

Kim va qanday tartibda to‘laydi?

Nafaqa va moddiy yordamlar mahalliy budjetlar mablag‘lari va budjetdan tashqari manbalar (jamoat va xayriya jamg‘armalari, korxonalarning mablag‘lari, fuqarolarning ixtiyoriy xayr-ehsonlari va boshqalar) hisobidan, fuqaroning yashash joyi bo‘yicha Xalq banki filiali maxsus kassasi yoki ularning xohishiga ko‘ra pul mablag‘larini fuqarolarning depozit hisob raqamlariga naqd pulsiz o‘tkazish yo‘li bilan tijorat bankining filiali orqali to‘lanadi.

Dilshod Abduqodirov,
huquqshunos

Ko‘proq yangiliklar: