Xitoy tug‘ilishni rag‘batlantirish uchun yolg‘iz odamlarga ko‘mak dasturini ishga tushirdi

Jahon 21:21 / 29.12.2024 3067

Xitoy tug‘ilishni rag‘batlantirish dasturini kengaytirib, yolg‘iz odamlarni turmush qurishga urinmoqda, oilalarni bir nechta farzand ko‘rishga ishontirishning turli usullarini sinab ko‘rmoqda. Financial Times (FT) ma’lumotlariga ko‘ra, imtiyozlar ham mahalliy, ham milliy miqyosda amalga oshirilyapti.

Qayd qilinishicha, mahalliy hokimiyat vakillari turmush qurgan ayollarga qo‘ng‘iroq qilib, farzand ko‘rish rejalari haqida so‘ramoqda. Shundan so‘ng, ayollar sog‘lig‘ini tekshirish uchun klinikalarga taklif qilinyapti. Bir yoki bir nechta farzandi bo‘lgan oilalarga ko‘proq farzand ko‘rish uchun maxsus nafaqa berilyapti. Jetsyan shahrida yashovchi fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy hokimiyat ayollarga ikkinchi farzandni dunyoga keltirsa, 100 ming yuan (14 ming dollar) va’da qilgan.

Bundan tashqari, universitetlar yolg‘iz talabalarga qaratilgan «nikoh va sevgi kurslarini» joriy etmoqda. Xitoyning Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi bayonotiga ko‘ra, «talabalar universitetlarda sevgisini topishi mumkin».

Shu bilan birga, qo‘mita tomonidan talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov ma’lumotlari shuni ko‘rsatdiki, so‘rovda ishtirok etganlarning 57 foizi hali oila qurishni xohlamaydilar, chunki ular o‘qish bilan birga ko‘p ishlashi kerak.

Xitoy aholisi kamayib bormoqda va o‘limlar soni tug‘ilish sonidan oshib ketgan. Bu mahalliy ma’muriyatlarni tobora og‘ir demografik muammolar bilan kurashishga majbur qilmoqda, deb ta’kidladi nashr.

«Xitoy aholisi uchta asosiy tendensiyaga duch kelmoqda: qarish, tug‘ilishning pastligi va nikohning past darajasi», dedi taniqli iqtisodchi Ren Zeping. «Bolalar kamroq, qariyalar esa ko‘proq. Xitoyning qarish tezligi va ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada».

Ko‘proq yangiliklar: