Katta shahardagi odamlar yolg‘izlikdan aziyat chekishadi. Buni qanday to‘g‘rilash mumkin?

Light 21:04 / 23.12.2018 9986

Yolg‘izlik — global muammo. Statistikaga ko‘ra, Yaponiya aholisining yarim millionga yaqini ijtimoiy izolyatsiyadan aziyat chekadi, Buyuk Britaniyada esa dunyodagi ilk yolg‘izlik masalalari bo‘yicha vazir paydo bo‘ldi. Tadqiqotlarga ko‘ra, yolg‘izlik sog‘lig‘imizga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi. Jamiyatdan surunkali izolyatsiya kuniga 15 dona sigareta chekish kabi zararli.

Foto: Unsplash

“Shaharlarning tuzilishi ijtimoiy aloqalarni mustahkamlashi ham, yoki ularga putur yetkazishi ham mumkin”, — deyiladi Avstraliyaning Grattan Institute tahliliy agentligi hisobotida.

Axir haqiqatan ham — ichi odamlar bilan liq to‘la lift kabinasida yuzaga keladigan noqulay sukunatni bir eslab ko‘ring. Ana endi ota-onalar doimiy muloqot qiladigan bolalar maydonchasi haqida o‘ylang. Ayrim joylar tabiiy ravishda odamlar o‘rtasidagi muloqotni yuzaga keltirsa, boshqalarida bu jihat mavjud emas.

Uinston Cherchill binolarga biz shakl berishimiz, ular esa bizni shakllantirishini aytgan edi. Ayrim hollarda arxitektorlar o‘zlari istamagan holda bizning ruhiy holatimizga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan shahar landshaftini yaratishadi.

Yolg‘izlik muammosini yengish uchun shaharlar tuzilishini qanday o‘zgartirish mumkin? Melburn dizayn maktabi talabalari quyidagi yechimlarni taklif etishdi.

So‘nggi marta temir yo‘l bekatida turib, poyezdni kutganingizni eslab ko‘ring. Vaqt tezroq o‘tishi uchun hamma usullarni qo‘llaysiz, biroq atrofdagi odamlar bilan suhbatlashish xayolingizga ham kelmaydi. Diana Ong bekatlarni “ijtimoiy munosabat uchun belgilar” bilan jihozlashni taklif etadi. Mishel Karnau esa vagonlarni “hissiy qabul qilish kabinkalari”ga aylantirib, u yerda galereyalarni o‘xshagan biror nimani o‘rganish va yo‘lda ketish mobaynida bir-birining hikoyasini tinglash uchun sharoit yaratish kerak deb hisoblaydi. Yo‘l zerikarli bo‘lishi kerak deb kim aytgan?

Yolg‘izlik bilan kurashishning yaxshi usullaridan biri uy hayvoni boqish. Biroq unga g‘amxo‘rlik qilish uchun hammada ham yetarli vaqt bo‘lmaydi. Tszi Ye bitta uy hayvonining bir necha egasi bo‘lishini taklif etmoqda. Itni Puppy Society yordamida tanlash, keyin esa u bilan muloqot qilish uchun maxsus makonga kelish.

Foto: Unsplash

Deniz Chan markaziy Melburn ko‘chalarini o‘rganib, u yerda odamlar ko‘p bo‘lmasligini kuzatdi. U ko‘chalarni bog‘lar, mutolaa uchun maxsus joylar va ko‘cha mebeli yordamida gavjumlashtirib, odamlarni ana shunday joylarga ko‘proq tashrif buyurishga undamoqda.

Siz tushlikni yolg‘iz o‘tkazishni yoqtirmaydiganlardanmisiz? Fenxu Ding Melburn universitetidagi restoran g‘oyasini o‘ylab topdi. U yerda talabalar pul ishlashlari (va uning hisobidan ovqatlanishlari) mumkin. Uning uchun yegulik akvaponik fermada yetishtiriladi. Agar biror kishi bilan bir stolda o‘tirib ovqatlansangiz, chegirmaga ega bo‘lasiz. Bu usul orqali talabalarda bir-biri bilan muloqot qilishga rag‘bat paydo bo‘ladi. Ko‘plab xorijlik talabalar yolg‘izlikdan aziyat chekishi hisobga olinib, Ding kontsepti bu muammoni hal etishda yordam beradi — axir talabalar ovqat tayyorlash, fermada ishlash va tushlik vaqtida bir-birlari bilan muloqotga kirishadilar.

Beverli Vong katta yosh vakillari orasidagi yolg‘izlik muammosi bilan shug‘ullanishga qaror qildi. U bolalar bog‘chalarini qariyalar uylariga biriktirishni taklif etmoqda. Keksa kishilar bolalarga ertaklar aytib berishadi va foydali ish bilan mashg‘ul bo‘ladilar.

Yaqin insonini yo‘qotgan, yolg‘izlikning boshqa turini boshdan kechirayotganlar uchun Malak Mussai gul yetishtirish mumkin bo‘lgan mozor installyatsiyasini o‘ylab topdi. Har safar gul keltirish o‘rniga odamlar birgalikda gullarni yetishtirish va marhumni yodga olishlari mumkin. Bog‘dorchilik terapevtik ta'sir ko‘rsatadi, uning yordamida bir-biriga o‘xshash yo‘qotish hissini boshdan o‘tkazayotganlar yangi tanishlar orttirishlari mumkin.

Boshqa talabalar esa ancha standart yechimlar taklif qilishgan. Masalan, baland qavatli binolarda bir-biri bilan muloqot qilish uchun ko‘proq joylarni qo‘shish va supermarketlarni yakshanba kunlari tongda boriladigan joyga aylantirish kabi. Barcha g‘oyalar bilan mana bu yerda tanishish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: