Myunxen okrug sudi Apple kompaniyasini Qualcomm komponentlar yetkazib beruvchining patent huquqlarini buzganlikda aybdor deb topdi. Sud qarori kuchga kirgan taqdirda, Qualcomm Germaniya hududida iPhone 7, iPhone 8 va 2017 yilgi iPhone X’lar sotuvini taqiqlash haqida talab qo‘yishga haqli bo‘ladi.
Apellyatsiya ko‘rib chiqilgunga qadar Apple smartfonlar sotuvini davom ettirishi mumkin, ammo kompaniyaning ma'lum qilishicha, ularni mamlakatdagi 15ta maxsus do‘kon peshtaxtasidan vaqtinchalik olib qo‘yadi. Smartfonlarni hamon riteylerlar va uyali aloqa operatorlaridan sotib olish mumkin.
10 dekabr kuni Xitoydagi sud Qualcomm’ning shu kabi da'vosini qondirdi va mamlakat hududida iPhone 6S’dan iPhone X’gacha bo‘lgan modellar sotuviga taqiq qo‘ydi.
Apple va Qualcomm bir necha yildan beri butun dunyo bo‘ylab patent sudlarida ishtirok etmoqda. Qualcomm smartfonlar ishlab chiqaruvchisini o‘z texnologiyasini o‘g‘irlaganlikda ayblamoqda, Apple esa chiplar yetkazib beruvchisi bozordagi holatni suiiste'mol qilgani haqida ma'lum qilyapti.