SamDU qoshida yangi maktab tashkil etiladi

O‘zbekiston 11:36 / 14.12.2018 6417

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Samarqand davlat universiteti qoshida aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Samarqand viloyati hokimligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Xalq ta'limi vazirligining Samarqand davlat universiteti qoshida aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktab tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Quyidagilar ixtisoslashtirilgan maktabning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

fizika, matematika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilarni tanlash, ularga zamonaviy talablar doirasida chuqurlashtirilgan nazariy va amaliy bilimlarni berish, oliy ta'lim tizimi uchun yuqori intellektual yoshlarni tayyorlash;

har bir iqtidorli o‘quvchining individual rivojlanish xususiyatlari asosida professor-o‘qituvchilarni biriktirish, ularda mustaqil ta'lim olish hamda ilmiy-ijodiy ish bilan shug‘ullanish ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish;

iqtidorli o‘quvchilarni respublika va xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta'minlash;

ta'lim jarayoniga o‘qitishni yangi va samarali usullarini, ilg‘or mamlakatlar tajribalarini kiritish, innovatsion pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish;

yuqori kasb mahoratiga ega bo‘lgan olim-pedagoglarni jalb etgan holda, o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha maxsus darsliklar, elektron o‘quv adabiyotlar, uslubiy ishlanmalar yaratish, o‘quvchilarning fan sirlarini chuqur o‘rganishlari uchun zarur sharoitlar yaratish.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Samarqand viloyat hokimligining:

Ixtisoslashtirilgan maktabni Samarqand Bank kolleji negizida tashkil etish;

Samarqand shahar, Dahbet ko‘chasi, 45-uy manzilida joylashgan Samarqand Bank kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birga Ixtisoslashtirilgan maktabga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Samarqand viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi:

2018/2019 o‘quv yili yakuni bilan Samarqand Bank kolleji o‘quvchilarining xohish-istaklarini inobatga olgan holda, tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha yashash joyiga yaqin bo‘lgan kollejlarga belgilangan tartibda joylashtirilishini;

Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda ixtisoslashtirilgan maktab uchun ajratilgan bino va inshootlarni zaruratdan kelib chiqib, 2019 yilgi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari doirasida ta'mirlash hamda ularni zarur inventarlar bilan jihozlashni ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: