Daraxtlar yashil emas, oq tusga kiradi. Jomboydagi mahalla aholisi sement changidan aziyat chekmoqda

Jamiyat 13:00 / 14.12.2018 15705

O‘zbekistonda tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar, qulay muhit va qator imtiyozlar taqdim etildi va bu jarayon hamon davom etmoqda. Yaratilgan sharoitlardan foydalanib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, daromad olayotgan va mamlakat iqtisodi rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimiz talaygina.

Sohadagi bu yutuqlar shu yurt farzandi bo‘lgan har bir insonni quvontirishi tabiiy. Tadbirkorlar daromad olayotgani, vatan taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shayotganlari yaxshi, albatta.

Ammo bir jihat borki, buni aslo unutmaslik kerak. Ya'ni, tadbirkorlik sub'yekti belgilangan tartib-qoidalar, me'yorlarga amal qilishi, muhimi, aholi yashash tarzi, salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligi kerak. Qisqacha aytganda, daromad aholi manfaatlariga zid kelmasligi, odamlarga aziyat yetkazish hisobiga bo‘lmasligi zarur.

Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati, Jomboy tumani, «A.Qurbonov» mahallasi aholisidan aynan shu mazmunda murojaat kelib tushdi.

«Bizni bir necha yillardan buyon bir muammo qiynab kelmoqda. Gap shundaki, mahallamizda aholi istiqomat qiladigan hudud yaqinida xususiy sement ombori joylashgan. U yerda vagondan sement tushiriladi. Bu jarayonda xavfsizlik choralari ko‘rilmagan, belgilangan ekologik me'yorlarga amal qilinmagan. Oqibatda, aholi salomatligi uchun o‘ta zararli bo‘lgan sement changlari havoga tarqaladi. Aholi shu chang havodan nafas oladi. Natijada, turli xil nafas yo‘llari kasalliklari ko‘payib bormoqda. Mahalla hududida Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi ham joylashgan. Bu yerda davolanayotgan bemorlarga ham sement changlarining salbiy ta'siri bo‘layotgani aniq. Biz ushbu masalada bir necha marta tegishli tashkilotlarga yozma va og‘zaki murojaat qildik. Ammo muammo yechimini topgani yo‘q», – deyiladi murojaatda.

Ushbu murojaat joyida o‘rganildi. «A.Qurbonov» mahallasida 3 mingdan ziyod kishi yashab kelmoqda. Mahalla hududi ichidan o‘tgan poyezd yo‘lining ikki tomonida aholi istiqomat qiladi. «Jomboy yashil chiroqlari» MChJga qarashli sement omborxonasi mavjud tomonida mahallaning 1 ming 200 nafardan ziyod aholi mavjud. Ushbu sement omboriga vagonlardan sement tushiriladi va havoga ko‘tarilgan chang mahalla hududi bo‘ylab tarqaladi.

Mahalla aholisi mazkur holat yuzasidan o‘z e'tirozlarini bildirdi.

«Uyimiz ushbu sement ombori yaqinida joylashgan. Tsement tushirilayotgan vaqtda havo tuman ko‘rinishiga keladi. Bunday havoda qanday nafas olish mumkin!? Bir necha yillardan beri shundan aziyat chekmoqdamiz. Tegishli tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilsak-da, necha yillardan buyon muammo hal bo‘lgani yo‘q. Tadbirkorlikka hech qanday to‘sqinligimiz yo‘q. Ammo belgilangan me'yorlar asosida faoliyat yuritsin. Daromadni tadbirkor olyapti, ziyonni esa biz ko‘rmoqdamiz», – deydi mahalla faoli Azimxon Majidov.

«2003 yildan buyon qiynalib ketdik. Men sement changi tufayli allergik kasallikka ham chalindim. Tsement tushirilayotgan payti ifloslangan havodan nafas olib, kasalim qo‘zg‘alib, qattiq qiynalaman», – deydi 72 yoshli onaxon Xalima Jabborova.

Mahallada istiqomat qiluvchilarning aytishicha, xonadonlar sement changi bilan qoplanadi. Bahor va yoz oylarida hovlilardagi mevali daraxtlar yashil rangga emas, balki sement changi tufayli oq rangga bo‘yaladi.

Ma'lum bo‘lishicha, sement ombori qurilishi jarayonida tadbirkor tomonidan aholiga xavfsizlik me'yorlariga amal qilinishi, odamlarga ziyon bo‘lmasligi haqida va'dalar berilgan. Qurilish jarayonida ziyon yetgan mahalla ko‘chalari ta'mirlab berilishi aytilgan. Ammo qurilish ishlari yakunlanib, ombor faoliyati yo‘lga qo‘yilgandan keyin hudud devor bilan o‘rab olingan, abgor holatga kelgan ko‘chalar ta'mirlab berilmagan.

Tsement omborxonasini ko‘zdan kechirar ekanmiz, haqiqatan ham sement changi tarqalishiga qarshi ko‘rilgan biror chora ko‘rinmadi. Bu holatga izoh olish uchun omborxonada biror mas'ulni uchratishning imkoni bo‘lmadi.

Mahalla hududida Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi va tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi joylashgan.

Tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrach o‘rinbosari Naim Abduqodirov yaqinda ishga kelgani va bu borada biror fikr aytolmasligini bildirgan bo‘lsa-da, tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mudiri Farhod Abdurahmonov holat yuzasidan o‘z mulohazalarini aytib o‘tdi.

«Haqiqatan ham poliklinikamiz sement omboriga yaqin joylashgan. Tsement changi aholi o‘rtasida allergik va nafas yo‘llari kasalliklarini keltirib chiqaradi», – deydi poliklinika mas'uli.

Ushbu holat yuzasidan «A.Qurbonov» mahallasiga mas'ul bo‘lgan hududiy shifokor Shohida Azimovadan izoh so‘radik.

«So‘nggi yillarda mahalla aholisi o‘rtasida allergik va nafas yo‘llari kasalliklari bilan murojaat etuvchilar soni ko‘paygani rost», – deydi shifokor.

Shunday ekan, bu borada qanday zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgani haqidagi savolimizga, afsuski, poliklinika mas'ullaridan tayinli izoh ololmadik.

Vaziyat shunday ekan, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazi kabi mas'ul tashkilotlar bu borada qanday chora-tadbirlarni amalga oshirgan? Bu tashkilotlarga mahalla aholisi tomonidan ko‘plab murojaatlar bo‘lgan. Muammo nega hanuzgacha yechim topmagan?

Ushbu savollarga javob olish uchun mazkur tashkilotlar mutasaddilari bilan suhbatlashdik.

«Mazkur holat yuzasidan mahalla aholisi bizga murojaat qilgan. Inson sog‘ligiga yetkazilayotgan ziyon masalasi ham bo‘lgani uchun bu viloyat davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markaziga yo‘llangan. Ular tomonidan xulosalar berilgan», – deydi Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi atmosfera havosini muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i To‘raxon Hoshimov.

Samarqand viloyati davlat sanitariya epidemiologiya nazorat markazining bu boradagi xulosasi bilan tanishdik.

Markaz bosh vrachi O.Boyqobilov imzo chekkan va Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘iga yo‘llangan xatda fuqarolar shikoyat arizasi o‘rganib chiqilgani, Jomboy tuman «Jomboy yashil chiroqlari» MChJga qarashli sement omborxonasida o‘rganish vaqtida sement saqlanmayotgani yoki sement tushirish va yuklash ishlari olib borilmayotgani sababli laboratoriya o‘lchov ishlari olib borish imkoni bo‘lmagani, murojaatchilarga sement tushirish ishlari olib borilayotgan vaqtda xabar berishi tushuntirilgani bildiriladi.

Murojaatchilar bilan suhbatlashganimizda, bu ishlar kechki vaqtda amalga oshirilishi va bu vaqtda mutasaddilarga xabar berilganda, ish vaqti soat 18:00ga qadarligi, bu vaqtda laboratoriya uskunalarini olib borib bo‘lmasligi haqida javob berilgani bildirildi.

Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi atmosfera havosini muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i To‘raxon Hoshimovning bildirishicha, bu masala mahalla aholisining Prezident virtual qabulxonasiga 2017 yil 22 dekabrdagi murojaati asosida ham o‘rganib chiqilgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra, boshqarma tomonidan tadbirkorga havo ifloslanishining oldini olish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish, olib borilgan ishlar yuzasidan 2018 yil 10 fevralgacha ma'lumot berishi haqida 2018 yil 4 yanvarda talabnoma berilgan. Ammo tadbirkor tomonidan bu borada zarur choralar ko‘rilmagan va belgilangan muddatda ma'lumot berilmagan.

Shuningdek, T.Hoshimov bu masala yuzasidan yana zarur choralar ko‘rilishini bildirdi.

O‘rganishlar davomida tadbirkor bilan suhbatlashishning imkoni bo‘lmadi.

Masala yuzasidan Jomboy tumani hokimi Umid Nazarov bilan ham suhbatlashdik.

«Ushbu muammo yuzasidan viloyatdagi tegishli tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda laboratoriya tekshiruvlari amalga oshirilib, holat tasdiqlangani haqida taqdimnoma berilsa, biz zarur chora-tadbirlarni ko‘ramiz», – deydi tuman hokimi.

Kun.uz ushbu muammo tez orada ijobiy yechim topishiga umid bildiradi va bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: