Yangiariq tumanidagi maktab «Obod qishloq» dasturi asosida «obod qilindi»

Jamiyat 09:20 / 10.12.2018 19935

Xorazm viloyati Yangiariq tumani, Gulobod qishlog‘ining Soburzon mahallasida istiqomat qiluvchi fuqarolar 16-son umumta'lim o‘rta maktabida farzandlarining ta'lim olishi uchun sharoitlar og‘ir ekani haqida Kun.uz tahririyatiga shikoyat qilishdi.

Murojaatda maktab «Obod qishloq» davlat dasturi doirasida joriy ta'mirlashga tushganidan ota-onalar quvongani, ammo ta'mirlash ishlari tugatilmay qolgani, hech bir ish to‘liq sifatli yakunlanmagani, kuchli yog‘ingarchilik natijasida tomdan chakka o‘tgani, bolalar hozir ham sovuq xonalarda o‘qishayotgani, maktab atrofi kovlab tashlangani, natijada, kirib-chiqish noqulay bo‘lib qolgani yozilgandi.

Yangiariq tumani, Gulobod qishlog‘ining Soburzon mahallasiga borib, 16-son umumta'lim o‘rta maktabidagi vaziyat bilan tanishdik. Ta'lim dargohi rahbari Nuraddin Abdullayev bilan uchrashdik.

Bu maktabda 500 nafarga yaqin bola 21ta sinfda ta'lim oladi. 31 yil oldin barpo qilingan ta'lim dargohida, «Obod qishloq» davlat dasturi doirasida, iyun oyida joriy ta'mirlash ishlari boshlangan edi.

Maktabni ta'mirlash ishlari «Elit Kredit» xususiy korxonasiga topshirilgan va bu jarayon uchun davlat byudjyetidan 1,5 milliard so‘m ajratilgan.

Ta'mirlash ishlari 24 avgust kuni tugatilishi shart edi, ammo dekabr oyi kelgan bo‘lsa-da, uning nihoyasi ko‘rinmayapti. Tugatilgan joylari ham qo‘l uchida qilingani ko‘rinib turibdi.

Kuz faslidagi dastlabki jiddiy yog‘ingarchilik natijasida ta'mirlash ishlarining sifatsiz olib borilgani, talabga umuman javob bermasligi ma'lum bo‘lib qolgan.

16-son umumta'lim o‘rta maktabi direktori Nuraddin Abdullayev vaziyatga shunday izoh berdi.

«Avgust oyida tugallanishi lozim bo‘lgan ishlar haligacha paysalga solinmoqda. Maktab o‘quv yiliga tayyor emas. Noyabr oyining oxirida kuchli yog‘ingarchilik bo‘ldi. Natijada tomdan chakka o‘tib, ikkinchi qavatdagi sinf xonalariga, maktabning tashqi fasadiga jiddiy zarar yetdi. Bu borada mutasaddi tashkilotlarga, xususan, ta'mirlash ishlarini o‘tkazgan «Elit Kredit» korxonasiga bir necha marta murojaat qilganman, ammo ahvol o‘zgargani yo‘q. Ota-onalarning shikoyatini tushunib turibman, hamma o‘z farzandini xavfsiz, sharoiti yaxshi bo‘lgan maktabda o‘qitishni istaydi», - dedi Abdullayev.

Maktabni aylanib, ta'mirlash ishlari qanday o‘tkazilgani bilan tanishdik.

Tom sifatsiz ta'mirlanishi natijasida, kuchli yog‘ingarchilikdan keyingi ahvol. Hamma joydan chakka o‘tib, devor suvoqlariga zarar yetgan.

Maktab sportzali o‘quv yiliga umuman tayyor emas. Oynalarga temir panjara o‘rnatilmagan, pol bo‘yalmagan, isitish moslamalari yopilmagan. Natijada, o‘quvchilar jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini ko‘chada, sovuqda o‘tkazishmoqda.

Bu joyda o‘quvchilarning sport mashg‘ulotlaridan keyingi yuvinish xonasi bo‘lishi kerak edi. Ortiqcha izohga hojat yo‘q...

Ximiya fani kabinetining ahvoli. Ta'mirlash ishlari yakuniga yetkazilmagan. Partalar va laboratoriya maxsus uskunalari o‘rnatilmagan.

O‘quvchilar qo‘lini issiq suvda yuvishi kerak bo‘lgan joy. Rakovinalar o‘rnatilmagan, suv ta'minoti tarmog‘i ulanmagan.

Fizika kabinetidagi sharoitlar – partalar elektr energiyasi tizimiga ulanmagan, maxsus jihozlar o‘rnatilmagan.

Oynaga g‘isht tirab qo‘yilgan, aks holda u yopilmaydi. Oyna va eshiklarning romi sifatsiz, qiyshiq o‘rnatilgan, ko‘pchiligi yopilmaydi, yopilsa ochilmaydi.

Qiziq, xavfli tok simlarini suvab qo‘yish uchun 0,5 kg alebastr topilmagan shekilli, unda 1,5 milliard so‘m mablag‘ qayerga sarflandi?

Ta'mirlovchi korxona tomonidan o‘rnatib berilgan va chiqish joylarini ko‘rsatib turuvchi belgilar - ularning barchasiga CHQISH deb yozilgan! Bolalarga savodxonlikdan ta'lim beruvchi dargohdagi bu holatga kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaysan...

Qozonxonadan maktabga ulangan issiqlik tarmog‘i trubalari izolyatsiya qilinmagan, o‘ralmagan, ko‘milmagan. Natijada, sovuq ob-havo sharoitida issiqlik energiyasi behuda yo‘qotilmoqda. Gaz ta'minotiga mo‘ljallangan byudjyet mablag‘lari ko‘chani «isitish» uchun sarflanyapti.

Maktab binosining ba'zi joylariga deraza o‘rnatilmagan. O‘rnatilganlarining ba'zilarida esa oyna yo‘q.

Maktab atrofidagi holat. Qurilish-ta'mirlash ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Bolalar shu xavfli hududlar atrofidan o‘tib, maktabga keladi.

Maktab qozonxonasiga 2ta zamonaviy kotyol o‘rnatilgan. Ammo ularning faqat bittasi ishlatilmoqda. Sabab – ta'mirlash ishlarini o‘tkazgan korxona gaz hisoblash uskunasidan kichkinasini o‘rnatib bergan. Bu esa 2ta kotyolga gaz yetkazish imkoniyatini bermayapti. Natijada, maktab xonalaridagi harorat me'yordan past, bolalar sovuqda ta'lim olishyapti. Bundan tashqari, qozonxona elektr generatori bilan ta'minlanmagan. Agar elektr energiyasida uzilish yuz bersa, kotyollar ishlamay qoladi. Natijada, maktabning isitish tizimi sovuqda muzlab, yorilib ketishi mumkin. 

Soburzon mahallasidagi 16-son umumta'lim maktabidagi vaziyat bo‘yicha mutasaddi tashkilot rahbarlari, Yangiariq tumani hokimligi vakillarining izohi biz uchun qiziq edi. Ammo ularning ba'zilari bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi, ba'zilari «juda band ekanini» ro‘kach qilib, maktabga kelmadi. Kelganlarining esa bu muammoni hal qilish uchun vakolati yo‘q edi.

O‘quv yili boshlanib ketganiga 3 oydan oshdi. Nahotki, vaziyatni o‘nglash, ta'mirlash ishlari sifatini tekshirish, uni oxiriga yetkazib qo‘yishni ta'minlash, davlat byudjyeti mablag‘larini maqsadli sarflanishini nazorat qilish uchun 3 oy ichida rahbarlarda vaqt topilmagan bo‘lsa?

Kelajak avlod, o‘z farzandlarimiz ta'lim oladigan dargohga shunday munosabatda bo‘lishni, mutasaddi tashkilotlarning bunga e'tiborsizligini qanday oqlash mumkin?

2018 yil 29 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Obod qishloq dasturi to‘g‘risida»gi PF-5386-son farmoni qabul qilingandi. Unda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan xizmatlarni tubdan yaxshilashga e'tibor qaratish, bunda bog‘cha, maktab va oilaviy poliklinikalarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash ishlarini amalga oshirish belgilab qo‘yilgan edi.

Shu dastur asosida Soburzon mahallasidagi 16-son maktabning ta'mirlanishiga davlat byudjyetidan 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Byudjyet mablag‘lari har birimiz to‘laydigan soliqlardan tashkil topishini inobatga oladigan bo‘lsak, 1,5 milliard so‘m – xalqning pulidir. Bu mablag‘lar qanday ishlatilganini esa ko‘rib turibmiz.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: