Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan o‘zaro savdo aylanmasini yaqin yillarda 500 million dollarga yetkazib, Yevroosiyo bozorini birgalikda zabt etishni istaydi. Bu haqda Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Oleg Pankratov UzExpo Xalqaro savdo markazida tashkil etilgan uchrashuvda aytib o‘tgan, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.
«Ikki mamlakat Prezidentlari o‘rtasidagi kelishuv o‘zaro aloqalarning mustahkamlanishi uchun impuls bo‘ldi. O‘tgan yili O‘zbekiston va Qirg‘izistonning o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari 235 million dollarga yetgan bo‘lsa, yaqin yillarda bu miqdorni 500 million dollarga olib chiqishni maqsad qilganmiz. Yevroosiyo bozoriga birgalikda chiqish har ikki davlat uchun manfaatlidir», - deydi Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Oleg Pankratov O‘zbekiston Tashqi savdo vaziri bilan uchrashuvda.
2017 yil 13 dekabr kuni Qirg‘iziston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Shavkat Mirziyoyev va Sooranbay Jyeyenbekov o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, bank-moliya, fan-texnika, madaniy-gumanitar va hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan edi.
«O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlarda hal qilinmagan masalalar mavjud emas», degan edi Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonning avvalgi Prezidenti Almazbek Atanbayev bilan bo‘lgan uchrashuvida.
2017 yilda o‘zbek va qirg‘iz tadbirkorlari o‘rtasida turli sohalarda 140 million dollarlik shartnomalar imzolangan. O‘tgan yili 30 oktabr-3 noyabr kunlari «Toshkent – Andijon – O‘sh – Irkishtom – Qoshg‘ar» yo‘nalishi bo‘yicha birinchi xalqaro avtokarvon yo‘lga qo‘yilganligi, Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilganligi ham ikki qardosh xalqning do‘stona munosabatlariga ishoradir.