Iqtisodiy taraqqiyot markazi direktori, iqtisodchi Yuliy Yusupov KUN.UZ uchun yozgan maqolasida yangi tahrirdagi Soliq kodeksining ikki loyihasi haqida so‘z yuritadi.
Shu yilning iyun oyida O‘zbekiston prezidenti «O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjatda 2019 yil 1 yanvardan O‘zbekiston soliq tizimini tubdan o‘zgartirish ko‘zda tutilgan.
Soliq islohotini o‘tkazish vaqti allaqachon kelgandi. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, farmon quyidagi beshta asosiy masalani hal etishga qaratilgan:
1) mehnat uchun soliqni pasaytirish — soliq juda balandligi xufyona iqtisodiyotning mavjud bo‘lishida asosiy sabablardan biri bo‘lmoqda;
2) soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimida soliqlarni to‘laydiganlar o‘rtasidagi soliq yuki darajasidagi sezilarli farqni bartaraf qilish — bu farq korxonalar kengaymasligining omili bo‘lmoqda, ko‘pincha biznesni noraqobatbardoshlikka ro‘baro‘ qilish, «xufyona» tarzda ishlashga majburlash orqali ishlab chiqarish hajmi oshishini qiyinlashtirmoqda;
3) qo‘shimcha qiymat zanjirini shakllantirishga imkon bermayotgan va iqtisodiyotimizni jahon xo‘jaligida xomashyo yetkazib beruvchiga aylantirib qo‘ygan davlat maqsadli jamg‘armalariga yuridik shaxslarning aylanmasidan (yalpi tushumidan) undiriladigan majburiy ajratmalarni bekor qilish;
4) ishlab chiqaruvchilarimiz mahsulotini noraqobatbardosh, iqtisodiyotimizni esa investitsiyalar uchun jozibasiz qilayotgan iqtisodiyotga soliq yuki darajasini kamaytirish;
5) bugungi kunda samarasiz bo‘lib qolgan va biznes yuritish xarajati sezilarli darajada oshishiga olib kelayotgan soliq ma'murchiligini tubdan takomillashtirish.
Buning uchun farmon bilan quyidagilar ko‘zda tutilmoqda:
- fuqarolarning mehnatga haq to‘lash turidagi daromadlaridan byudjyetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ushlab qolinadigan 8 foizlik sug‘urta badallarini bekor qilish;
- barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasini 12 foiz miqdorida joriy etish;
- yagona ijtimoiy to‘lov miqdorini soddalashtirilgan soliq to‘lash tartibi uchun 15 foizdan 12 foizgacha va umumbelgilangan soliq to‘lash tartibi uchun 25 foizga tushirish (byudjyet tashkilotlari va davlat korxonalaridan tashqari – ular uchun 25 foiz miqdoridagi stavka o‘rnatiladi);
- umumbelgilangan soliq to‘lash tartibidagi korxonalardan davlat maqsadli jamg‘armalariga undiriladigan majburiy ajratmalarni bekor qilish (yalpi tushumdan 3,2 foiz);
- yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i stavkasini 14 foizdan 12 foizgacha, tijorat banklari uchun 22 foizdan 20 foizgacha pasaytirish (uyali aloqa kompaniyalari uchun ortiqcha foydadan soliq hisoblash tartibini bekor qilgan holda 14 foizdan 20 foizgacha oshirish);
- dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlar bo‘yicha to‘lov manbaidan ushlab qolinadigan foyda solig‘i stavkasini 10 foizdan 5 foizgacha pasaytirish;
- yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini, bino va inshootlardan, shu jumladan, ilgari xususiylashtirilgan obektlardan samarasiz foydalanayotgan yuridik shaxslar uchun yuqori stavkada soliq hisoblash tartibini saqlab qolgan holda 5 foizdan 2 foizga pasaytirish;
- hozirgi vaqtda sotib olinadigan asosiy vositalar, qurilishi tugallanmagan obektlar va nomoddiy aktivlar narxiga kiritiladigan qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish summalariga kiritish huquqini berish;
- o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik aylanmasi (yalpi tushumi) 1 milliard so‘mdan oshgan yoki joriy yil davomida ushbu belgilangan chegaraviy miqdorga yetgan korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazish;
- yillik aylanmasi (yalpi tushumi) 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan soliq to‘lovchilar uchun aylanmadan (yalpi tushumdan) soliqni 4 foiz miqdordagi bazaviy stavkadan kelib chiqib hisoblash va to‘lash tartibini hamda ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash imkoniyatini belgilash.
Farmonda birinchi navbatda soliq solish stavkalarining o‘zgarishi hamda korxonalarni umumbelgilangan soliqlarni to‘lashga o‘tkazish kriteriylarini o‘zgartirish kabi muhim jihatlar belgilab berilgan. Shu bilan birga, soliq hisoblash va to‘lash tartibi qoidalari ham muhim sanaladi. Bu qoidalar 2018 yil 1 dekabrga qadar ishlab chiqiladigan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasida aks etishi lozim edi.
Ammo oktabrda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi 1 dekabrda taqdim etilmasligi, hujjat 2019 yil aprelida muhokamaga qo‘yilishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Menimcha, bu holat katta xatar bilan bog‘liq edi: «Kodeksga o‘zgartirishlar kiritishning kechikishi juda yomon, chunki yangi stavkalarni soliq ma'murchiligi qoidalaridagi o‘zgarishlar va aniqliklarsiz joriy etish biznesga soliq va ma'muriy yukning kuchayishi, byudjyet parokandaligi va soliq islohotining inqiroziga olib kelardi».
Ammo oradan bir oy ham o‘tmasdan, yangi tahrirdagi Soliq kodeksining birdaniga ikkita loyihasi e'lon qilindi: Moliya vazirligi tomonidan ayrim bo‘limlar va Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) loyihasi. Hech narsa bo‘lmaganidan ko‘ra, ikkita bo‘lgani yaxshi. Bunda muqobil variantlarni solishtirish va yaxshirog‘ini aniqlash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Men moliyachi va soliq solish bo‘yicha mutaxassis emasman. Ammo iqtisodchi sifatida taklif etilayotgan loyihalarning biznes yuritish xarajatlari va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga ta'sir ko‘rsatuvchi ayrim jihatlarini baholashga urinib ko‘raman. Meni ayniqsa, Kodeksning soliq ma'murchiligidagi eng murakkab — foyda solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i moddalari qiziqtiradi. QQS bo‘yicha moddalarni taqqoslay olmaymiz, chunki Moliya vazirligi hozircha bu moddalar bo‘yicha o‘z taklifini taqdim etmadi. Shuning uchun foyda solig‘i bo‘yicha taqqoslash bilan cheklanamiz.
Dastlab iqtisodiyot va biznes uchun prinsipial va o‘ta muhim bo‘lgan ikki jihatga e'tibor qaratsak.
Birinchi jihat. LBMA loyihasida tadbirkorlarga ekspluatatsiyasi boshlangan yilning o‘zida asosiy vositalarni 100 foiz amortizatsiya qilishga ruxsat berilgan. Ya'ni, tadbirkor o‘zining investitsion xarajatlarini ko‘p yillik amortizatsiya jarayoni orqali emas, to‘liq hajmda foyda solig‘idan chiqarishi mumkin bo‘ladi. Bu investitsion faoliyat uchun kuchli turtki demakdir.
Ikkinchi jihat. Foyda solig‘i to‘lashning eng murakkab tomoni uning soliq solish bazasini, ya'ni foydaning o‘zi nima ekanligini aniqlashda kelib chiqadigan bahsli savollardir. Mavjud Kodeksda va Moliya vazirligi loyihasida chiqarib tashlanadigan va chiqarib tashlanmaydigan xarajatlarning batafsil tavsifi berilgan. Aynan ular tavsifida biznes va soliq organlari o‘rtasida kelishmovchilik paydo bo‘ladi. LBMA loyihasida esa faqatgina tadbirkorlar foyda miqdorini aniqlashda chiqarib tashlab bo‘lmaydigan xarajatlar ro‘yxati hamda xarajatlarning ayrim turlari bo‘yicha cheklangan me'yorlar keltirilgan. Fikrimcha, mana shu yondashuv soliq ma'murchiligidagi xarajatlarni qisqartirish va soliq tekshiruvlaridagi korrupsiya darajasini pasaytirish yo‘lida oldinga tashlangan katta qadam hisoblanadi.
Endi har ikki loyihadagi foyda solig‘i solishning boshqa jihatlari haqida:
1. Mahsulotlar (ish, xizmat) tannarxidan past narxda sotilganida hamda ular beg‘araz ko‘rsatilganida daromad qanday aniqlanadi? LBMA loyihasida soliq solinadigan daromad miqdorini «hujjat bilan yoki baholanayotgan tashkilot haqidagi baho to‘g‘risidagi hisobotda tasdiqlangan bozor bahosidan kelib chiqib» aniqlash taklif etilgan. Moliya vazirligi loyihasida esa «tannarxdan kelib chiqib» aniqlash taklif etilgan. «Bozor bahosi» — nisbiy tushuncha bo‘lgani sababli men Moliya vazirligi taklifini ma'qullagan bo‘lardim. Soliq to‘lovchi uchun shunisi yaxshiroq.
2. Nihoyat, LBMA loyihasidan tadbirkorlarimizning soliq solinadigan «daromad»idan «ijobiy kurs tafovuti» degan turi chiqarib tashlangan. Nima uchundir bizning qonunchiligimiz milliy valyutaning qadrsizlanishini boyish manbai deb hisoblaydi. So‘m dollarga nisbatan 20 foizga tushib ketsa, xorij valyutasi egalari 20 foizga boyidi deb hisoblanadi. G‘alati mantiq. U holda nima uchun bu vaqt ichida so‘mdagi narxlar (inflyatsiya) qanchalik ko‘tarilgani hisobga olinmaydi? Balki 20 foizdan ko‘proqqa oshgandir? Shunda hech qanday «boyish» bo‘lmagan bo‘ladi. Nima uchun faqatgina ijobiy kurs tafovuti hisobga olinadi? Tafovut salbiy bo‘lganida uni zarar sifatida soliq solish bazasidan ayirib tashlansa bo‘lmaydimi? Ma'lum bo‘lishicha, mumkin emas ekan. Mantiqqa mutlaqo zid holat. LBMA loyihasi mualliflari esa Kodeks loyihasidan bu mantiqsiz me'yorni chiqarib tashlashgan. Moliya vazirligi loyihasi mualliflari, afsuski, qoldirishgan.
3. LBMA loyihasiga ko‘ra, kompaniya joriy soliq davridagi soliq solinadigan daromadni kamaytirish uchun o‘tgan yillarning barcha zararlaridan foydalanishlari mumkin. Amaldagi Soliq kodeksi va Moliya vazirligi loyihasida esa joriy davrdagi soliq solinadigan daromadning faqat 50 foizi deyilgan. Men LBMA variantiga qo‘shilaman.
4. Amortizatsiyaning cheklangan normasi qanday (ya'ni, kompaniya mulk qiymatining qancha qismini xarajatga kiritishi mumkin)? Moliya vazirligi loyihasida: «Mulk amortizatsiyasining cheklangan normalari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi», deyilgan. LBMA loyihasida asosiy vositalarning barcha toifalari bo‘yicha amortizatsiyaning cheklangan normalari ko‘rsatilgan va bu Kodeksni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir ko‘rsatadigan huquqiy hujjatga aylantiradi. Juda to‘g‘ri!
5. Har ikki loyihada foyda solig‘i bir chorakda bir marta to‘lanishi ko‘rsatilgan. Moliya vazirligi loyihasida hisobot ham har chorakda topshirilishi aytilgan. LBMA loyihasida hisobot yillik bo‘lishi ko‘zda tutilgan (arzimasdek ko‘rinadi, lekin yoqimli — soliq ma'murchiligi soddalashadi). Ammo u holda qancha to‘lash kerak? Javob: o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha hisoblangan soliqning chorak qismi. Bunda «agarda kutilayotgan foyda solig‘i miqdori... o‘tgan yilgi soliq davrida hisoblangan summaga nisbatan 50 foizdan ko‘proqqa qisqaradigan bo‘lsa, u holda soliq to‘lovchi joriy to‘lov miqdorini kamaytirish huquqiga ega» bo‘lib, bunda davlat soliq organini o‘z vaqtida xabardor qilish talab etiladi. Menga bu yoqdi.
6. LBMA loyihasi chiqarib tashlanmaydigan xarajatlarning torroq ro‘yxatini taklif etadi. Masalan, tadbirkor soliq solish bazasidan xayriya xarajatlarini (cheklangan normativ belgilangan tarzda), xo‘jalik shartnomalari sharti buzilganligi uchun to‘langan jarima, penya va boshqa barcha sanksiyaviy to‘lovlarni (byudjyetga to‘langan jarima va penyalardan tashqari) chiqarib yuborishi mumkin. Bundan tashqari, Moliya vazirligi vakillik xarajatlarini chiqarib tashlanadigan deb hisoblasa, LBMA loyihasida bu xarajatlar uchun foydaning 1 foizi miqdorida normativ belgilangan.
Xulosa qilib aytganda, Soliq kodeksini o‘zgartirish bo‘yicha foydali takliflarni ikkala loyihadan ham topish mumkin, bunda LBMA loyihasida (foyda solig‘i solish masalalari bo‘yicha) bunday takliflar ko‘proq. Endi bu hujjatlarni bir-biriga qarshi qo‘ymaslik, aynan o‘z loyihasini ma'qullatish uchun ma'muriy imkoniyatlarni ishga solmaslik, har ikki loyihaning eng maqbul jihatlarini olish va shu asosda mavjud Kodeksni tahrir qilish talab etiladi.