Janubiy Koreyada metro O‘zbekistondagidan qanchalik farqli?

Light 19:18 / 18.11.2018 73661

Mover'da ko‘rish (tas-ix)

Youtube'da ko‘rish

Koreya Respublikasining ikkinchi eng yirik shahri – Busanda metropoliten 1985 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u 4 ta yo‘nalish va 144 ta bekatdan iborat. Umumiy uzunligi 116 kmni tashkil etuvchi bu jamoat transportidan ikki yo‘l orqali: bir martalik chipta yoki doimiy kartochkalar yordamida foydalanish mumkin.

Yo‘lovchilarning harakatlanish odobi

Jamoat transportidan foydalanishdagi intizomni koreys xalqining tartib-qoidalarga qat'iy rioya etishining isboti sifatida ko‘rsatish mumkin.

Metropoliten zinapoyalaridan foydalanishda o‘ng qo‘l qoidasi asos qilib olingan. Vagonlarga eshikning ikki chetidan kirilib, markazdan chiqiladi. Bundan ko‘zlangan maqsad – yo‘lovchilar tirbandligining oldini olish va tartibli harakatlanishni tashkil etishdir.

Eskalatordagi holat esa avtomobil yo‘llarini yodga soladi: undagi harakatsiz yo‘lovchilar eskalatorning o‘ng tomonidan joy olib, harakatlanuvchi zinaning chap qismini shoshayotgan insonlarga yo‘l berish maqsadida atayin ochiq qoldirishadi.

Bekatdagi afzalliklar

Busan metro bekatlari oddiy, bir-biriga o‘xshash tarzda qurilganligi bois o‘zbekistonlik yo‘lovchilar uchun biroz zerikarli tuyilishi tabiiy, lekin stansiyalardagi qulayliklar bu kamchilikni yuvib ketadi.

Xavfsizlik choralari yuqori darajada ko‘rib chiqilgan. Bekat to‘liq himoya devorlari bilan o‘ralgan: poyezd bekatga yetib kelgandagina devor eshiklari ochiladi.

Yo‘nalishni o‘zgartirish mumkin bo‘lgan bekatlarda maxsus musiqa yangraydi va shu taxlit yo‘lovchilarga yana bir bor boshqa yo‘nalishga o‘tib olish mumkinligi eslatib o‘tiladi.

Stansiyalar favqulodda vaziyatlarda qo‘llanilishi zarur bo‘lgan maxsus niqoblar bilan ta'minlangan.

Shular qatori, bekatlarda yana ko‘plab qulayliklarni ko‘rish mumkin: wi-fi, kichik ovqatlanish shoxobchalari, do‘konlar, lift, hojatxona va shuningdek, uyali aloqa vositalarini quvvatlash imkoniyati yaratilgan. Hatto yer ostida ham mobil aloqaning uzilish hollari kuzatilmaydi.

Vagonlarning o‘ziga xos «qonuni» mavjud

Bo‘sh o‘rinlar bo‘lishiga qaramay, tik oyoqda manziliga oshiqayotgan yo‘lovchilarni ko‘rsangiz, ajablanmang. Har bir vagonda maxsus o‘rindiqlar joylashtirilgan bo‘lib, ular faqat qariyalar, nogiron va homilador ayollar uchun mo‘ljallangan.

Yo‘lovchilarga kichik qulaylik yaratish maqsadida, ovozli xabarlardan tashqari, vagon ichkarisiga o‘rnatilgan ixchamgina monitor doimiy ravishda metro xaritasi, harakat yo‘nalishi va qaysi eshik ochilishi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni berib boradi.

Yozda salqin, qishda issiq. Busan metro tizimidagi vagonlarda yozgi-qishki konditsionerlar o‘rnatilgan bo‘lib, mavsumga qarab o‘z iqlimini o‘zgartirib turadi.

Eng qiziqarlisi shuki, transportda haydovchi bo‘linmasi mavjud emas. U avtomatik tarzda boshqariladi.

Taklif

Mazkur metro tizimidagi yo‘lovchilar uchun yaratilgan kichikkina, lekin eng muhim qulayliklardan biri bu – bekatdan chiqish yo‘nalishlarining raqamlashtirilganligi bo‘lsa ajab emas. Ya'ni bekatdan chiqishning 4 yoki 6 ta eshiklari mavjud bo‘lsa, har biri raqamlab chiqilgan.

Bir qarashda arzimas jihatdek ko‘rinishi mumkin, ammo shu yengillik orqali vaqtni tejash, adashib boshqa joydan tashqariga chiqish hollarining oldi olinadi.

Toshkent metropoliteni bekatlarida himoya devorini o‘rnatish hisobiga xavfsizlikni mustahkamlash, to‘liq mobil aloqaning ta'minlanishi yoki transportni avto-boshqaruvga o‘tkazish yaxshigina mablag‘ talab etishi aniq. Lekin chiqish eshiklari peshtoqiga oddiygina raqam osib qo‘yish moddiy jihatdan muammo keltirib chiqarmaydi. Bu insonlarning og‘irini yengil qiladi, qolaversa, sayyohlar uchun ham juda qo‘l keladi.

Misol uchun, mijozlarga ofis manzilini tushuntirish va ularning topib borish jarayoni anchagina soddalashadi: Buyuk ipak yo‘li bekati, 2-chiqish, 54-uy.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Olmaota Metropoliteni haqida ma'lumot bergan edik.

Eldor Vohidov
Kun.uz'ning J.Koreyadagi muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: