Sooronbay Jeenbekov: «Biz O‘zbekiston bilan munosabatlarni qadrlaymiz»

O‘zbekiston 16:12 / 16.11.2018 9172

Qirg‘iziston Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘lgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi cpikeri Nurdinjon Ismoilov Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan uchrashdi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Sooronbay Jeenbekov Nurdinjon Ismoilovni qutlar ekan, bugungi kunda Qirg‘iziston va O‘zbekiston munosabatlari sifat jihatidan yangi strategik hamkorlik darajasiga chiqqanini qayd etib o‘tdi. 

“Biz O‘zbekiston bilan munosabatlarni qadrlaymiz va yuqori baholaymiz, qardosh qirg‘iz-o‘zbek do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik aloqalari jadal rivojlanmoqda. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qirg‘iz-o‘zbek hamkorligining samarali rivojlanishidagi siyosiy irodasi va amaliy sa'y-harakatlari tufayli bizning munosabatlarimiz yangi, yanada sifatli bosqichga ko‘tarildi. Mening O‘zbekistonga rasmiy tashrifim chog‘ida barcha masalalar o‘z yechimini topdi. Biz buni yuqori baholaymiz”, — deya ta'kidladi Sooronbay Jeenbekov.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Bundan tashqari, prezident Sooronbay Jeenbekov O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga atoqli qirg‘iz adibi Chingiz Aytmatovning 90 yilligini keng nishonlayotgani munosabati bilan minnatdorlik bildirdi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi cpikeri Nurdinjon Ismoilov samimiy qabul uchun prezident Sooronbay Jeenbekovga minnatdorlik bildirdi.

Nurdinjon Ismoilov Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sooronbay Jeenbekovning 60 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning samimiy tabrik va qutlovlarini yetkazdi.

Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati
Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nurdinjon Ismoilov Dostonbek Jumabekov bilan uchrashgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: