Oltiariqdagi bog‘chada bolalar qalin kiyimlarda uxlashmoqda

Jamiyat 20:20 / 15.11.2018 68158

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi Yangiarab qishlog‘ida joylashgan 23-maktabgacha ta'lim muassasasida bolalar sovuq xonalarda qalin kiyimlarini yechmay uxlashmoqda.

Turon24 muxbirlari ushbu bog‘chadagi holatni o‘rganishgan.

«Bog‘chamiz 120 o‘rinli. O‘tgan yili xonalar alohida temir pechkalarda, o‘tin va ko‘mirda isitilardi. Tumanda respublika ishchi guruhi faoliyat olib borganida bog‘chamizning isitish tizimini ham ta'mirlashga kiritishdi. Mana bir necha kun bo‘ldi, 4 ta isitish qozoni qurildi. Ular 6 ta xonani isityapti. Ammo hali ta'mirlash ishlari nihoyasiga yetmadi. Qozonxonaning tomini yopishimiz kerak», – degan bog‘cha mudirining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Saida Qo‘shoqova.

Maktabgacha ta'lim muassasasi hamshirasi Mohira Sultonova xonalardagi harorat 25 darajadan yuqori bo‘lishi kerakligini aytgan. Lekin uning nazoratidagi xonada termometr yo‘qligi uchun haroratni o‘lchashning imkoni bo‘lmagan. Tarbiyachi Farida Jo‘rayeva rahbarlik qilayotgan 2-katta guruh xonasiga esa ishlamaydigan termometr qo‘yilgan.

Mutasaddilarning ta'kidlashicha, xonalar issiq, bolalar sovqotmaydi.

Ammo xonalar yetarli darajada isitilmagani uchun ham tarbiyalanuvchilar qalin ust-boshda uxlashmoqda.

Saida Qo‘shoqova kuz-qish mavsumi uchun 20,5 tonna briket va 10 tonna ko‘mir olib kelingani haqida aytgan.

Ammo ko‘mirning sifati haqida biror nima deyolmasligini bildirgan.

Oltiariq tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri Xolisxon Apandiyevaning aytishicha, tumandagi 40 ta maktabgacha ta'lim muassasasi kuz-qish mavsumiga shay.

«Shu kungacha barcha bog‘chalarimizga rejadagi 943 tonna ko‘mir va briket yetkazib berildi. Mavsumni betalofat o‘tkazish uchun 10 ta bog‘chada 27 ta isitish qozoni qurildi. Qozonxonalar uchun 156 million 400 so‘m, isitish tizimini ta'mirlash uchun 277 million 600 so‘m sarflandi. Tumanda 6ta bog‘cha to‘liq tabiiy gaz bilan isitiladi. 9 ta maktabgacha ta'lim muassasasining isitish tizimi tabiiy gaz va ko‘mirga moslashtirilgan», – degan Xolisxon Apandiyeva.

Ma'lumot uchun, Oltiariq tumanida 40 ta maktabgacha ta'lim muassasasida 5820 nafar bola tarbiyalanmoqda. Tumanda bog‘cha yoshidagi 15300 nafar bola maktabgacha ta'lim muassasasiga qatnamaydi.

Ko‘proq yangiliklar: