AQSh Suriya hukumatini IShIDni tashkil qilishda aybladi

Jahon 08:10 / 15.11.2018 8710

IShID terrorchilik guruhi Suriya hukumatining xatti-harakatlari natijasida paydo bo‘ldi. Bu haqda chorshanba kuni AQSh davlat kotibining Suriya bo‘yicha maxsus vakili Jyeyms Jyeffri jurnalistlar uchun brifingda bayonot berdi.

«Suriya rejimi tufayli IShID paydo bo‘ldi», - deya ma'lum qildi AQSh tashqi siyosat idorasi xodimi.

«Aholi Bashar Asad rejimiga qarshi bosh ko‘targanida, fuqarolik jamiyati butunlay yo‘q bo‘lib ketishi ehtimoli yuzaga kelganida va zo‘ravonliklar avj olganida, IShID elementlari ham paydo bo‘ldi. Asad rejimi esa muzokaralarga kirishish yoki qandaydir yechim topish o‘rniga, o‘z fuqarolariga qarshi keng miqyosli zo‘ravonliklardan foydalanishni boshladi. Bu IShIDga tarafdorlarni yollash, Asad rejimi vahshiyliklaridan odamlarni himoya qilish niqobini kiyishga imkon yaratdi. Ko‘p o‘tmay IShID 35 ming jangaridan iborat armiyaga ega bo‘ldi hamda Iroq va Suriyadagi katta tumanlarni egallab oldi», - dedi amerikalik diplomat.

Foto: GLOBAL LOOK PRESS

Shuningdek, Jyeffri ma'lum qilishicha, AQSh suriyalik qochqinlarning qaytishi jarayonini to‘sib qo‘yishga urinayotgani yo‘q, lekin ular chet eldan vatanlariga majburan ko‘chirilishiga qarshi chiqadi.

«Rossiyaning butunlay asossiz da'vosiga keladigan bo‘lsak, biz hech kimni to‘xtatishga, Suriyaga qaytarmaslikka harakat qilmayapmiz... Kim 6 million qochqinga Suriyaga qaytishga imkon bermayapti? Yil davomida faqat 55 ming odam qaytganini ko‘rdik. Sizlarga shuni aytmoqchimanki, bunda rejimning o‘zi, bu rejimning o‘z fuqarolariga nisbatan dahshatli xatti-harakatlari sababchi», - deydi Jyeffri.

«AQSh hukumati qochqinlarni Suriyaga qaytmaslikka chaqirayotgani yo‘q. Shuningdek, biz boshqa davlatlar hukumatlariga qochqinlarni to‘xtatish haqida chaqiriq bilan chiqmadik», - deya aytib o‘tdi Amerika tashqi siyosat idorasi xodimi.

«Bizning pozitsiya shundaki, qochqinlar o‘zlari hal qilishi kerak. Bu ixtiyoriy bo‘lishi lozim. Qaytish xavfsiz bo‘lishi shart. Gap qandaydir odamlar guruhini majburan rejim nazoratiga qaytarish, ularda boshqa tanlov bo‘lmagani haqida bormasligi lozim», - dedi diplomat.

«Rossiyaning bir necha vakillari muntazam ravishda safarlarda bo‘layotgani, turli mamlakatlarga qochqinlar bo‘yicha chaqiriq bilan chiqayotgani, Suriya rejimini tan olishga undayotgani, uni Arab davlatlari ligasiga qaytarishga harakat qilayotgani bir narsani anglatadi: Rossiya Suriya rejimiga juda katta qo‘llab-quvvatlov kerakligini yaxshi tushunmoqda», - deya hisoblaydi Jyeffri. 

Ko‘proq yangiliklar: