Vodiy viloyatlarini elektr energiyasi bilan ta'minlovchi To‘raqo‘rg‘on IES qachon ishga tushadi?

O‘zbekiston 20:40 / 10.11.2018 94243

Har yili kuz-qish mavsumi yaqinlashganida aholi va ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlarda  elektr ta'minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi.

Farg‘ona vodiysida joylashgan Andijon, Namangan, Farg‘ona O‘zbekistonning  aholi eng zich istiqomat qiladigan viloyatlari bo‘lib, mazkur hududlardan bu masala juda dolzarbdir.

KUN.UZ tahririyatiga elektr ta'minotidagi kamchiliklar bo‘yicha kelayotgan murojaatlarning  katta qismi ham uch viloyatga tegishli.

Xabaringiz bor, mintaqada elektr energiyasi tanqisligini bartaraf etish uchun Namangan viloyatida To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi (To‘raqo‘rg‘on IES) bunyod etilmoqda. Tahririyatga, aholi va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan kelayotgan murojaatlarda ham mazkur inshootning qachon ishga tushishi haqida so‘raladi.

Biz Namangan viloyatida barpo etilayotgan To‘raqo‘rg‘on IESga safar uyushtirib, yuqoridagi savolga javob izladik.                             

Inshoot haqida

2013 yilning 28 martida davlatimiz tomonidan qabul qilingan qarorga asosan loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan. Ayni paytda To‘raqo‘rg‘on tumanining keng adirliklaridagi 91 gektar maydonda mahobatli inshoot qurilishi olib borilmoqda.

To‘raqo‘rg‘on IES raqamlarda:

  • Loyihaning amalga oshirish muddati - 2013-2020 yillar
  • Loyihaning umumiy qiymati - 1 195,87 mln. AQSh dollari

IESdan kutilayotgan texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar:

  • Elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati - yiliga 6,7 mlrd. kVt s 
  • Shartli yoqilg‘ini me'yoriy sarfi - 226,21 g/kVt s
  • Tabiiy gaz sarfi - yiliga 1,3mlrd m3
  • FIK(foydali ish koofisenti) - 57.4 foiz 

“2016 yil 20 aprelda loyihani qurish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tenderda Yaponiyaning “Mitsubihi Corporation”, ”Mitsubishi Hitachi Power Systems” kompaniyalar konsorsiumi bosh pudratchi sifatida g‘olib, deb topilgan. 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab, Turkiyaning “Salik Enerji” yordamchi pudratchi kompaniyasi ham muhandis-texnik mutaxassislari bilan qurilish ishlarida ishtirok etmoqda. Mazkur kompaniyalar energetika sohasidagi  loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan sanaladi.

To‘raqo‘rg‘on IES rahbari Akmaljon Fayziyev va bosh muhandis Nodirbek Nasibaliyevlar bizni loyihaning borishi to‘g‘risidagi ma'lumotlar bilan tanishtirishdi.

Qurilish maydonida 2500 nafar ishchi-xizmatchi faoliyat olib bormoqda. Ulardan 459 nafari chet el fuqarosi, 1719 nafari esa mahalliy aholi vakillaridir. Qizg‘in ketayotgan jarayonda 108ta maxsus texnika ishlamoqda.   

IES qachon ishga tushadi?

To‘raqo‘rg‘on IESning har ikki energobloki to‘liq ishga tushganida quvvati 900 MVt  elektr energiyasi ishlab chiqarishga erishiladi.

Bu ayni paytda vodiyning uch viloyati iste'mol qilayotgan elektr energiyasining teng yarmidan ko‘proqdir. IESning ishga tushishi hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy muhitga, aholi farovonligi oshishiga ijobiy ta'sir o‘tkazib, elektr energiyasi tanqisligiga barham beradi.

Mutaxassislar bergan ma'lumotga ko‘ra, inshootning birinchi energobloki 2019 yil dekabr oyida ish boshlab, vodiy viloyatlariga 450 MVt elektr energiyasi berishni boshlaydi.

IESning ikkinchi energobloki esa 2020 yilning mart oyida bitiriladi va inshoot 900 MVt quvvati bilan to‘liq ishga tushadi. 

Elmurod Ermatov,
KUN. UZ muxbiri.

Muallif fotolavhalari

Ko‘proq yangiliklar: