Vazirlar Mahkamasining qarori monopoliyani qo‘llab-quvvatlaydimi?

Iqtisodiyot 10:17 / 03.11.2018 18086

Shu yilning 22 oktabrida Vazirlar Mahkamasining 850-son qarori qabul qilindi. Unda xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkorlarga ayrim tadbirkorlik faoliyatlari bilan shug‘ullanishga ruxsat berilmaydigan bo‘ldi. Misol uchun, qurilish materiallari, sement, shifer, yog‘och va boshqa shu kabi mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanuvchilar, plastik va alyumin profillardan eshik-romlar yasovchilar, transport vositalarini yuvish xizmatini ko‘rsatuvchilar endilikda yuridik shaxs tashkil etishi talab etiladi. 

Ta'kidlash o‘rinliki, mazkur qarordan so‘ng, aholining turli qatlamlari, jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar orasida turli fikrlar, qarashlar yuzaga kela boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarning ayrim foydalanuvchilari hukumatning bu qarorini O‘zbekistonda monopoliyani qo‘llab-quvvatlash borasidagi qadam sifatida baholashdi. 

Xo‘sh, aslida ham shundaymi, Milliy qonunchiligimizda bu boradagi ishlar qanday ko‘rinishda edi?

Amaldagi qonunchilikka asosan xususiy tadbirkorlar chakana savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi jami 81 ta faoliyat bilan yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishlari, bu jarayonda bir nafardan uch nafargacha xodimni yollab ishlatishlari mumkin edi. Jumladan, yakka tartibdagi tadbirkor:

- chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanganda bir nafar;
- maishiy xizmat ko‘rsatish faoliyatilari bilan shug‘ullanganda uch nafargacha;
- faoliyatning boshqa turlari bilan shug‘ullanganda ikki nafargacha xodimni yollab ishlatishiga ruxsat etilgan.

Mazkur qaror qabul qilinishidan avval, hukumat ishchi guruhi olib borgan o‘rganishlar natijalari aslida bu boradagi haqiqiy holat ayrim faoliyat turlari bo‘yicha boshqacha vaziyat ekanini ko‘rsatgan. Bu haqda Moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ravshan Nasimov so‘z yuritdi.

- birinchidan, xususiy tadbirkorlar qurilish materiallari, sement, shifer, yog‘och va yog‘och mahsulotlari hajmining kattaligi va vaznining og‘irligi sababli ushbu mahsulotlarni transport vositalariga yuklash, tashish, tushirish, qadoqlash, qo‘riqlash va sotishni ruxsat etilgan bir nafar yollanma ishchi bilan bajara olmayotganliklari sababli qonunchilikda belgilanganidan ortiqcha xodimlarni yollab norasmiy ishlatishga majbur bo‘lmoqda.

- ikkinchidan, alyumin (plastik) profillardan eshik, deraza va boshqa buyumlarni tayyorlashda yirik uskunalardan foydalanilmoqda hamda sanoat usulida amalga oshirilmoqda. Xom-ashyo materiallari va tayyor mahsulotlarni ortish, tashish, tushirish va o‘rnatish uchun ko‘p ishchi kuchi talab etilishi sababli xodimlarni norasmiy yollab ishlatishga to‘g‘ri kelmoqda.

Bu kabi holatlar avtomobillarni yuvish faoliyati bo‘yicha ham kuzatilmoqda. Avtomashinasi bor fuqaro haftasiga kamida bir marta avtomobillarni yuvish shoxobchasiga borib, uning xizmatidan foydalanadi. Sir emaski, u yerda asosan viloyatlardan kelgan o‘zbekistonliklar ishlaydi va aksariyati norasman faoliyat yuritadi. Natijada, norasmiy yollangan xodimlarning mehnat muhofazasi va mehnat xavfsizligi ta'minlanmayapti. Ularning mehnat stajlari yuritilmayapti hamda kelgusida asoslangan pensiya to‘lovi kafolatlanmasdan qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Dastavval mehnat muhofazasi borasida O‘zbekistonda qanday me'yorlar, talablar mavjudligiga e'tibor qaratsak. O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonuniga binoan yuk ortish va tushirish ishlari og‘ir va xavfli ishlar toifasiga kiritilgan bo‘lib, ish jarayonida bir xodimning doimiy ko‘taradigan yuk og‘irligi 15 kg.dan va ish smenasi davomida jami ko‘taradigan yuk og‘irligi 870 kg.dan ortiq bo‘lmasligi lozim. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: sement savdosi bilan shug‘ullanuvchilarning ishchilari 10-15 tonna 50 kg.lik sement qopni 3 kishi birga tushiradimi? Ularning haq-huquqlarini kim kafolatlaydi? Yuk tushirish oqibatida ishchilardan biriga kor-hol bo‘lsa, unga kim mas'ul bo‘ladi? Sog‘lig‘ini tiklashda kim yordam beradi?

Bundan ko‘rinib turibdiki, sement (1 qopi 50 kg), shifer va yog‘och mahsulotlari sotishda (1 nafar ishchi bilan) mazkur normalarga amal qilib bo‘lmasligi kundek ravshan. “Yuqoridagi sabablarga ko‘ra, xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlarini qayta ko‘rib chiqish ehtiyoji yuzaga keldi”, - deya izoh berildi Moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda. 

Qarordagi shu kabi 17ta faoliyat turlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi va 2ta faoliyat turi faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Bu esa yuridik shaxs maqomida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchilar uchun qulayliklar yaratish bilan birga xodimlarning mehnat muhofazasi ta'minlanib, belgilangan tartibda bandlik darajasining oshishiga xizmat qiladi.

Ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi PF-5468-son farmoni bilan tasdiqlangan soliq konsepsiyasiga asosan 2019 yil 1 yanvardan boshlab soliq va to‘lovlar bo‘yicha bir qator yengilliklar joriy etilmoqda. Xususan, ish haqi fondidan 

- sug‘urta badali to‘lovi (8 foiz) bekor qilindi;
- yagona ijtimoiy to‘lov miqdori 25 foizdan (kichik korxonalar uchun 15 foiz) 12 foizga tushirildi;
- jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkada 12 foiz qilib belgilandi (hozirda bu raqam 22,5 foiz, 16,5 foiz, 7,5 foiz, 0 foiz).
- davlat maqsadli jamg‘armalariga tovar aylanmasidan olinadigan 3,2 foizlik ajratma bekor qilinishi belgilandi.

Yashirin iqtisodiyot tarkibidagi yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar o‘z ishlariga va qonunchilik talablari ijrosiga vijdonan yondashgan holda qonunchilikdagi yengilliklardan foydalanishadi. Shu bilan vatan ravnaqiga hissa qo‘shishlari barobarida o‘zlari ham faoliyatlaridan foyda olishadi.

Tolib Rahmatov,
 Kun.uz jurnalisti

Ko‘proq yangiliklar: