Tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga tuzatishlar kiritildi. Ular 3 oy o‘tgach amal qila boshlaydi, deb yozmoqda Norma.
Bir martalik operatsiyalar amalga oshirilganda mijozlarni lozim darajada tekshirish uchun asoslar ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritildi. Banklar 500 EKIHga teng yoki undan oshadigan summadagi Markaziy bankning qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalarini sotib olayotgan jismoniy shaxslarni tekshirishlari shart bo‘ladi. Bunday operatsiyaning bir vaqtda yoki bir oy davomida ko‘p marotaba amalga oshirilishi shubha uyg‘otadi.
Ma'lumot uchun. Mijozni lozim darajada tekshirish bo‘yicha ko‘riladigan chora-tadbirlar quyidagilarni o‘z ichiga olishi shart:
• tegishli hujjatlar asosida mijozning va u qaysi shaxslar nomidan ish ko‘rayotgan bo‘lsa, o‘sha shaxslarning shaxsini hamda vakolatlarini tekshirishni;
• mijozning benefitsiar mulkdorini identifikatsiyalashni;
• o‘rnatilgan ish munosabatlari yoki o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan operatsiyalarning maqsadi va xarakterini o‘rganishni;
• mijoz tomonidan amalga oshiriladigan ish munosabatlari va operatsiyalarni ularning bunday mijoz va uning faoliyati to‘g‘risidagi ma'lumotlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida doimiy asosda o‘rganish o‘tkazishni.
Gumonli va shubhali bank operatsiyalarining ro‘yxatlariga tuzatish kiritilmoqda. Gumonli operatsiyalar sirasidan ikkitasi chiqarib tashlanib, bittasi qo‘shilmoqda. Shubhali operatsiyalar soni beshtaga ko‘paymoqda, amaldagilaridan bittasi chiqarib tashlanmoqda.
Biroq kiritilgan o‘zgartirishlar shu bilan cheklanmaydi. Bir qator operatsiyalar bo‘yicha operatsiyani gumonli yoki shubhali deb hisoblashga (quyidagi jadvalga qarang) asos bo‘luvchi mezon va alomatlar (operatsiya summasi, amalga oshirish davri) o‘zgartirilmoqda.
Ma'lumot uchun: gumonli va (yoki) shubhali operatsiyalar alomatlari aniqlanganda bank xodimlari o‘tkazilayotgan operatsiya to‘g‘risida qo‘shimcha ma'lumot berishni so‘rab mijozga murojaat qiladilar, keyinchalik ular batafsil o‘rganiladi. Agar shubhalar tasdiqlansa, bank Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga bu haqda xabar beradi, mijoz bilan keyingi munosabatlar esa murakkablashadi yoki ularga umuman barham beriladi.
O‘zbekiston banklarining norezident-banklar va xalqaro pul o‘tkazmalari tizimlari bilan munosabatlari biroz soddalashtiriladi. 50 EKIHgacha (hozir – 25 EKIHgacha) bo‘lgan summa o‘tkazilayotganda banklarimiz minimal hajmdagi axborot: F.I.O., agar operatsiya jarayonida mijozning hisobvarag‘i ishlatilgan bo‘lsa, u holda uning raqami yoki operatsiyaning xos raqamini talab qiladilar. Agar o‘tkazma summasi 50 EKIHdan ortiq bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda pasport yoki uning o‘rnini bosadigan shaxsni tasdiqlovchi hujjat seriyasi va raqami, shuningdek jo‘natuvchining yashash manzili yoki tug‘ilgan sanasi va joyi haqidagi ma'lumotlar taqdim etilishi talab qilinadi.
Hujjat 27.01.2019 yildan kuchga kiradi.