Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonda rivojlanish siyosatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha operatsiyani ma’qulladi.
Ushbu turdagi operatsiya Jahon bankining dunyoning turli mamlakatlarida ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan maxsus moliyaviy vositasi hisoblanadi.
Jahon bankining yangi operatsiyasi hukumat kun tartibidagi asosiy ustuvor vazifalar, jumladan, qishloq xo‘jaligi, temir yo‘l, kimyo sanoati va energetika kabi muhim tarmoqlarda davlat nazoratini kamaytirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ko‘riladigan chora-tadbirlar xususiy sektorning ushbu tarmoqlarni rivojlantirishda yanada faol ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratadi.
Shuningdek, ushbu operatsiya aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilishni kuchaytirishga hamda iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq muammolarga yechim topishga yordam beradi.
Operatsiya doirasida Jahon banki hukumatga maxsus imtiyozli shartlar asosida 800 million AQSh dollari miqdorida kreditlar shaklida moliyaviy yordam beradi.