Hindistonda soxta «shifokor» YouTube’dagi videolarga qarab o‘smirni operatsiya qildi. Bola vafot etdi

Jahon 15:47 / 12.09.2024 15050

Hindistonning Bihar shtatida politsiya 15 yoshli bemorning o‘limida ayblanayotgan shifokor Ajit Kumar Puriyni qidirmoqda.

NDTV nashrining xabar berishicha, vafot etgan o‘smirning yaqinlari shifokor YouTube videolariga qarab bolaning o‘t pufagidan toshlarni olib tashlash operatsiyasini o‘tkazganini da’vo qilmoqda.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, fojia mamlakat shimoli-sharqida joylashgan Saray shahridagi xususiy klinikada sodir bo‘lgan. 15 yoshli Krishna Kumar ko‘ngil aynishi va qayt qilishdan shikoyat qilib kasalxonaga yotqizilgan.

Simptomlar bosilganidan so‘ng shifokor Ajit Kumar Puri operatsiya bilan o‘t pufagidan toshni olib tashlash kerak deya turib olgan. O‘smirning qarindoshlari shifokor operatsiya o‘tkazish uchun ularning roziligini olmaganini ta’kidlamoqda.

Bolaning otasi jurnalistlarga aytishicha, shifokor uni ish bilan jo‘natib yuborib, u yo‘qligida o‘g‘lini operatsiya qilgan. Qarindoshlarning so‘zlariga ko‘ra, jarrohlik amaliyoti davomida shifokor smartfonida YouTube’dan shu kabi operatsiyalarni amalga oshirish texnikasini o‘rgatuvchi videolarni uzluksiz tomosha qilgan.

Operatsiyadan keyin yigit o‘ziga keldi, biroq biroz vaqt o‘tgach, uning ahvoli keskin yomonlashdi. U kuchli og‘riqdan shikoyat qila boshladi, ammo qarindoshlarining aytishicha, shifokor ularning shikoyatlariga e’tibor bermagan. Ular shifokordan og‘riqning sababini so‘raganda, Puri g‘azablanib, “Nima sizlar shifokormisizlar?” deb koyigan.

O‘sha kuni kechqurun Krishna Kumar hushidan ketib, nafas ololmay qoldi. Klinika shifokorlari tomonidan reanimatsiya choralari o‘tkazilib, o‘smir sun’iy nafas oldirish qurilmasiga ulandi, shundan so‘ng uni Patna shahridagi shifoxonaga olib borishga qaror qilindi. Biroq o‘smir shifoxonaga yetmasdan vafot etdi.

Operatsiya qilgan shifokor bemorni tez yordam mashinasida kuzatib borgan. Biroq mashina Patnadagi shifoxonaga yetib kelganida shifokor Krishna Kumarning jasadini zinada qoldirib, voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan.

Politsiya bemor vafoti bo‘yicha jinoiy ish ochib, shifokorni qidirmoqda. Shuningdek, o‘smirning aniq o‘lim sababini aniqlash uchun sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlandi.

Marhumning qarindoshlari ta’kidlashicha, Ajit Kumar Puri bunday operatsiyani o‘tkazishga haqli emasdi, chunki unda na diplom, na bunday murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish uchun zarur malaka bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: