Jahon | 11:44 / 01.03.2025
2143
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston va Yevropa Ittifoqi yil oxirigacha savdo kelishuviga erishmoqchi

Yevropa Ittifoqi ham, Hindiston ham o‘z mutaxassislariga 2025 yil oxirigacha erkin savdo shartnomasini tuzishni topshirdi, dedi fon der Lyayyen Nyu-Dehliga tashrifi chog‘ida. Modining so‘zlariga ko‘ra, bu «o‘zaro manfaatli kelishuv»dir.

Foto: Manish Swarup/AP/dpa/picture alliance

Hindiston va Yevropa Ittifoqi uzoq vaqtdan beri rejalashtirilgan erkin savdo bitimini shu yil yakunlamoqchi. Bu haqda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen 28 fevral, juma kuni Nyu-Dehlidagi ikki kunlik maslahatlashuvlardan so‘ng aytib o‘tdi.

Fon der Lyayyen AQSh prezidenti Donald Trampning Yevropa Ittifoqi tovarlariga qo‘shimcha bojlar joriy etish tahdidiga ishora qilib, geosiyosiy vaziyat «hal qiluvchi harakat»ni talab qilishi haqida gapirdi. Yevropa Ittifoqi ham, Hindiston ham o‘z ekspertlariga «yil oxirigacha erkin savdo bitimi tuzishni» topshirdi, dedi u. Modining aytishicha, maqsad 2025 yil oxirigacha «o‘zaro manfaatli ikki tomonlama kelishuv»ga erishishdir.

Yevropa Ittifoqi-Hindiston savdo muzokaralari

Yevropa Ittifoqi va Hindiston 2007 yilda keng qamrovli erkin savdo bitimi bo‘yicha muzokaralarni boshlagan, biroq ular 2013 yilda intellektual mulk huquqlari va ayrim tovarlar, jumladan, avtomobillar va ichimliklar uchun umumiy bozorga kirish bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli to‘xtatilgan edi. Muzokaralar 2022 yilda qayta boshlangan. Muhokamalarning 10-raundi mart oyida Bryusselda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Fon der Lyayyenning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi va Hindiston erkin savdo shartnomasi «dunyodagi eng yirik bitim bo‘ladi». «Siz mening to‘liq majburiyatimga ishonishingiz mumkin, biz buni amalga oshiramiz», dedi YeK rahbari Modi bilan uchrashishdan oldin.

Mavzuga oid