Markaziy bankning respublika oltin-valuta zaxiralari to‘g‘risida bergan oxirgi ma'lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari kamaydi.
Yalpi oltin-valuta zaxiralari 26,4 mlrd dollarni tashkil etdi (sentyabrda 26,8 mlrd dollar edi). Ulardan xorijiy valutadagi aktivlar - 12,4 mlrd dollar (bir oy avval 12,9 mlrd dollar bo‘lgan), monetar oltin - 13,9 mlrd dollar (sentyabrda 13,9 mlrd dollar bo‘lgan).
Sof oltin-valuta zaxiralari 25,4 mlrd dollarga teng bo‘lib turibdi (bir oy avval 25,9 mlrd dollar bo‘lgan).
Markaziy bank izohiga ko‘ra, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida oltin-valuta zaxiralarining pasayishi oltin narxining 1296,50dan 1183,50 doll/tr. unsiyaga pasayishi hisobiga yuzaga keldi.
Xo‘sh, oltin-valuta zaxiralari o‘zi nima va uning mamlakat iqtisodiyotida tutgan o‘rni qanday?
Davlatning rasmiy zaxirasi
Oltin-valuta zaxiralari davlatning yuqori likvidligi bilan ajralib turuvchi aktivlaridir. Ular maxsus davlat strukturalari (davlat g‘aznasi va markaziy banklari, AQShda Federal zaxira tizimi) tomonidan nazorat qilinadi.
Oddiy so‘z bilan aytganda, oltin-valuta zaxiralari davlatning oltin va boshqa mamlakatlar valutalaridagi rasmiy zaxirasidir.
Oltin-valuta zaxiralari nimalardan tashkil topadi?
- Oltin-valuta zaxiralari qimmatbaho metallar (quyma oltin, tanga, platina, palladiy, kumush) va qimmatbaho toshlardan;
- davlatlararo miqyosda zaxira valutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan (AQSh dollari, yevro, shveysar franki yapon iyenasi, funt-sterling);
- XVJ (Xalqaro valuta jamg‘armasi) chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.
Bu pul birliklari moddiy jihatdan mavjud bo‘lmaydi. Bu vositalar hukumatning maxsus hisoblarida yozilgan bo‘ladi. Ulardan xalqaro qarzlarni uzishda, milliy valuta kursini to‘g‘rilashda, XVJ bilan hisob-kitoblarda foydalaniladi.
Shuningdek, XVJdagi zaxira pozitsiyasi ham mavjud bo‘lib, bu zaxira miqdori mamlakatning XVJga kirayotganida to‘lagan badal puli miqdoriga teng bo‘ladi. Agarda XVJning biror a'zosi pulga muhtoj bo‘lib qolsa, XVJ unga moliyaviy yordam sifatida o‘sha badal pulini qaytarib beradi.
Oltin-valuta zaxiralarini nimalarga sarflash mumkin?
Mamlakatlarning oltin-valuta zaxiralaridan quyidagi maqsadlarda foydalanilishi mumkin:
- mamlakatning to‘lov va savdo balansidagi defitsitni bartaraf etish uchun;
- inflatsiyani ushlab turish, milliy valutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlash uchun valuta sotib olishga;
- davlatning tashqi qarzlarini to‘lash uchun;
- davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblar va boshqalar uchun.
Oltin-valuta zaxiralari qanday shakllantiriladi?
Har bir mamlakatning oltin-valuta zaxiralari o‘ziga xos sug‘urtadir. U davlatning milliy iqtisodiyotini ehtimoliy makroiqtisodiy xatarlardan himoya qiladi. Shu bois, oltin-valuta zaxiralari qator talablarga javob berishi lozim. Masalan, undan har qanday sohada foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak. Oltin-valuta zaxiralari oson joylashtirilishi va oson olinishi darkor.
Mamlakat oltin-valuta zaxiralari muomaladagi pul miqdoridan sezilarli darajada ko‘proq bo‘lishi kerak. Bu zaxiralar tashqi qarzlarni qaytarishga va uch oy davomida import mahsulotlarni olib kirishga yetishi lozim.
Katta miqdordagi oltin-valuta zaxiralariga ega bo‘lgan yirik davlatlar deyarli hech narsani xorijiy banklar hisob raqamlarida saqlamaydi. Ular pul vositalari mamlakat ichida bo‘lishini va ishlashini ma'qul ko‘rishadi.
Oltin-valuta zaxiralaridan foydalanish va boshqarish uch xil tarzda amalga oshirilishi mumkin.
Zaxiralarning egasi G‘azna yoki Moliya vazirligi hisoblanadi. Oltin-valuta zaxiralaridan qanday foydalanishni ular hal qiladi. Markaziy bank ularning topshirig‘ini bajaradi xolos. Bunday mexanizm Buyuk Britaniyada yo‘lga qo‘yilgan.
Markaziy bank oltin-valuta zaxiralarining yagona egasi bo‘ladi. Zaxiralarni shakllantirish va undan qanday foydalanishni Markaziy bank belgilaydi. Germaniya va Fransiyada mana shu model amal qiladi.
Oltin-valuta zaxiralariga egalik qilish va boshqarish vakolatlari Markaziy bank va G‘azna/Moliya vazirligi o‘rtasida taqsimlanadi. Bunday tizim Rossiya, Yaponiya, AQShda joriy etilgan.
Qaysi davlatlar eng ko‘p oltin-valuta zaxiralariga ega?
Dunyoda oltin-valuta zaxiralari miqdori bo‘yicha Xitoy birinchi o‘rinda turadi. 2018 yil sentabr oyi holatiga ko‘ra, bu davlatning oltin-valuta zaxiralari miqdori 3087 mlrd dollarni tashkil etadi. Ikkinchi o‘rinda Yaponiya (1259,6 mlrd dollar), uchinchi o‘rinda Shveytsariya (800,4 mlrd dollar) turadi. Keyingi o‘rinlarda Yevropa ittifoqi (786,3 mlrd dollar), Saudiya Arabistoni (504,5 mlrd dollar), Tayvan (460,4 mlrd dollar), Rossiya (459,2) mlrd dollar, Hongkong (426,4 mlrd dollar), Janubiy Koreya (403 mlrd dollar), Hindiston (399,6 mlrd dollar), Braziliya (380,6 mlrd dollar) va Singapur (291,3 mlrd dollar) joylashgan.
Bu davlatlar butun dunyodagi oltin-valuta zaxiralarining qariyb 75 foizini saqlaydi.
Oltin-valuta zaxiralari davlatga nima beradi?
Davlatning oltin-valuta zaxiralari miqdori uning iqtisodiyoti va moliyaviy tizimi holatidan darak beradi, davlatlararo majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishini kafolatlaydi.
Davlat zaxiralari bilan ta'minlash qator vazifalarni amalga oshirish imkonini beradi. Ular jumlasiga mamlakat valutasini qo‘llab-quvvatlash, davlat siyosatiga ishonchni saqlab turish, pul-kredit vositalarini boshqarish, inqirozli vaziyatlarda karaxtlikka tushib qolmaslik, mamlakatning ishonchlilik reytingini ushlab turish kabilar kiradi.
Milliy valutasi devalvatsiyaga uchrashi xavfi yuqori bo‘lgan mamlakatlar oltin-valuta zaxiralarini barqaror darajada ushlab turishi lozim. Davlatning oltin va valuta zaxiralari keskin kamayishi iqtisodiy pasayishni keltirib chiqarishi mumkin.