Green Wave Holding kompaniyasi Norvegiyada sayyohlarni olib yuradigan Brim Explorer elektrokatamaranini quradi. Katamaran yozda sayyohlarni Lofoten arxipelagi bo‘ylab sayr qildiradi, qishda esa Tromsyodan kit safarisiga olib boradi.
Katamaran ilk reysini 2019 yil avgustda amalga oshirishi rejalashtirilgan.
Kema o‘z bortiga 140 kishini oladi. To‘liq yuklangan holda akkumulyatorlarni qayta quvvatlashsiz 19 km/soat tezlik bilan 10 soat yura oladi. Katamaran batareyalarini Norvegiyaning deyarli istalgan portida bir kechada quvvatlab olish mumkin bo‘ladi. Agar kattaroq tezlikda uzoqroq masofaga borish kerak bo‘lsa, katamaranda bioyoqilg‘ida ishlovchi dizel dvigatelidan foydalanish imkoniyati mavjud.
Kemada yo‘lovchilarga Shimoliy Norvegiya tabiatidan bahramand bo‘lish uchun panoramali oynalar bo‘ladi. Brim Explorer ichki yonuv dvigateliga ega kemalardan faqrli o‘laroq, shovqin chiqarmagan holda kitlar yoniga yaqinlashishi mumkin. Bundan tashqari, ekskursiyalar davomida kema jamoasi sayyohlarga suv ostida nimalar yashiringani ko‘rish va eshitishga imkon beruvchi gidrofon va suv osti dronlarini ishga soladi.
Brim Explorer kompaniyaning ilk elektr kemasi bo‘ladi, biroq yaxshilangan dizaynga ega ikkinchi shunday kemani qurish rejalashtirilgan. U sayyohlarni o‘zlari tanlagan yo‘nalish bo‘yicha uzoqroq ekspeditsiyalarga olib borishda qo‘llanadi.