Rossiya moliya vazirligi rubl qiymati 17 yildan so‘ng qanday bo‘lishini taxmin qildi

Iqtisodiyot 22:09 / 29.09.2018 15785

Rossiya moliya vazirligi rubl qiymati 2035 yilga qadar qay tarzda o‘zgarib borishi bo‘yicha uzoq muddatli byudjyet prognozini berdi. Davlat dumasiga kiritilgan hujjatga ko‘ra, 2017–2020 yillarda 61,9 rubl bir dollarga teng bo‘ladi.

Taxmin qilinishicha, 2021–2025 yillarda bir dollar 66,4 rubl, 2026–2030 yillarda 71,1 rublb va 2031–2035 yillarda 73,9 rublni tashkil etadi. 

Moliya vazirligining ta'kidlashicha, bu nominal kurs hisoblanadi. Vazirlik rublning real kursi barqaror bo‘lishini bildirmoqda.

Avvalroq, O‘zbekistonda ham keyingi bir necha oy davomida pasayib kelgan dollar kursi sentabr oyidan yana o‘sa boshlagani xabar qilingandi. 18 sentabrdan dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi roppa-rosa 8 039 so‘m bo‘ldi va bu oldingi haftadagi kursga nisbatan 176 so‘m 83 tiyinga o‘sishdir. O‘zbek so‘mi 2017 yil 5 sentabridan buyon — mamlakatda valyuta liberalizatsiyasi boshlanganidan beri dollarga nisbatan hali hech bu qadar qadrsizlanmagandi.

Markaziy bank valyuta almashuv kursi dinamikasi to‘g‘risida axborot taqdim etdi. Unda O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi ko‘tarilayotganiga izoh berildi.

Izohga ko‘ra, joriy yilning avgust oyidan boshlab almashuv kursi dinamikasiga tashqi omillar, ayniqsa asosiy savdo hamkorlarimiz bo‘lgan davlatlar milliy valyutalarining qadrsizlanishi (Rossiya – 19 foiz, Qozog‘iston – 17 foiz, Xitoy – 9 foiz, Turkiya – 56 foiz) ta'siri kuchaygan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu davlatlar valyutalari kurslarining keskin o‘zgarishi so‘m almashuv kursiga bir oydan uch oygacha bo‘lgan muddatdan keyin o‘z ta'sirini ko‘rsatadi.

Markaziy bank 2018 yilning qolgan oylari so‘m almashuv kursining yil boshidagi darajasiga nisbatan keskin o‘zgarishi kutilmayotganligini bildirdi.

O‘zbekistonda dollar kursining oshishi ortidan ko‘plab joylarda yana valyutafurushlar paydo bo‘lganligi xabar qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: