Islom taraqqiyot banki (ITB) O‘zbekistonning qishloq joylarida uy-joy qurish dasturini amalga oshirish uchun 300 million dollar yo‘naltiradi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
«Biz loyihani amalga oshirishni davom ettirish uchun uch yilga 300 million dollarlik ikkinchi transhni ochmoqchimiz. Men shuni ta'kidlab o‘tmoqchimanki, uning muvaffaqiyati ITB va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi hamkorlikning katta darajada ekanligi tufayli yuz berdi», - dedi ITB mintaqaviy ofisi direktori Hishom Tolib Ma'ruf.
2014 yil noyabr oyida bank qishloq joylarda arzon uy-joy qurish loyihasining birinchi bosqichini amalga oshirish uchun O‘zbekiston hukumatiga 100 million dollar ajratdi.
Avvalroq, Islom taraqqiyot banki (ITB) va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 2018-2021 yillarda 1,3 milliard dollarlik yangi hamkorlik strategiyasi imzolangani xabar berilgandi.
O‘zbekiston 2003 yil 3 sentabrda ITBning to‘laqonli a'zosi bo‘lgan. Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, ITB bilan hamkorlik davrida 926 mln dollarlik 17ta loyiha amalga oshirildi. Bugungi kunda 1 mlrd dollarlik 9ta loyiha amalga oshirish bosqichida turibdi.